Halabda, kecha, chorshanba kuni kasalxona hujumga uchrab, kamida 27 odam nobud bo'lgan. Shulardan uch nafari yosh bola, yana uch kishi kasalxona xodimlari.
Tibbiy muassasa Chegara bilmas shifokorlar va Xalqaro Qizil Xoch yordamida ishlab kelayotgan edi. Hujum oqibatida Halabda qolayotgan kam sonli pediatr, bolalar shifokorlaridan biri ham jon bergan.
Raketani qaysi tomon otgani hali noaniq.
BMTning Suriya bo'yicha elchisi esa kelasi oy xalqaro muzokaralarning navbatdagi davrasini o'tkazishni rejalamoqda.
Biroq avval amaldagi sulhni mustahkamlash kerak, deydi Staffan de Mistura.
"Ham Rossiya, ham Amerika sulhni saqlab qolish yo'llarini muhokama qilmoqda. Otishmani to'xtatish haqida kelishuv nihoyatda muhim yutuq edi. Bu marrani qo'ldan boy bermaslik, muloqotni davom ettirish juda muhim", - deydi BMT elchisi.
Staffan de Mistura bugun, payshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashida chiqish qilib, Suriyaga doir muzokaralar haqida hisobot berdi. Suriyada otishma, janglar davom etsa-da, tomonlar muloqotni davom ettirayotgani ahamiyatli, dedi u.
Your browser doesn’t support HTML5