AQSh shaharlari suriyalik qochqinlarni qabul qilishni tezlashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

Vermontdagi Ratlend shahri yangi yilda suriyalik oilalarni qabul qiladigan ilk shaharlardan biri bo'ladi.

Prezident etib saylangan Donald Tramp saylov kampaniyasi davrida suriyalik muhojirlarni AQShga kiritmaslik haqida so'zlagan edi. Qochoqlar bilan ishlovchi tashkilotlar Tramp Oq uyga kirmasdan turib urushdan qochganlarni AQShga joylashtirish ishlarini tezlashtirmoqda. Vermontdagi Ratlend shahri yangi yilda suriyalik oilalarni qabul qiladigan ilk shaharlardan biri bo'ladi.

Marsha Kassel Ratlenddagi cherkov yerto'lasida yordam qutilarini tayyorlamoqda.

"Biz bu bosh kiyimini mehr va umid bilan tikdik. Boshingizni issiq tutsin", - deyiladi qutidagi maktubda.

Marsha va uning yordam tashkiloti ehson qilingan uy buyumlari, mebel va kiyimlarni to'plab, yangi yilda shu yerga kelishi kutilayotgan suriyalik oilalarga beradi.

"200 tacha faol, ko'ngilli yordamchilarimiz bor. Uylarni tayyorlash, buyumlarni yig'ish va transport tashishda yordam berishyapti", - deydi Kassel.

Ratlend Vermontning yashil tog' bag'irlarida 19-asrda asos solingan kichik sanoatlashgan shahar.

Uni italiyalik, grek va polyak muhojirlar qurgan. Bugun bu yerda iqtisodiyot og'ir, bizneslar yangi ishchilarni jalb qila olmayapti.

Ratlendni bunyod qilishda muhojirlar faol ishtirok etganidan ilhomlangan shahar meri Kristofer Luras har yili bir yuz suriyalikka boshpana berish rejasini e'lon qildi.

"Muhojirlarga joy berishni nafaqat yaxshi ish, balki aholi sonini oshirish, yangi ishchilarni ko'paytirish uchun ham bir imkoniyat sifatida ko'ryapmiz", - deydi u.

Rejaga qarshilar ham bor. G'aznachi Vendi Uilton fikricha, 16 ming kishilik shahar har yili 100 ta muhojirni qabul qila olmaydi.

"Muhojirlarni joylashtirishga ketgan xarajatlarni ularning ta'lim va taraqqiyot loyihalariga ta'siriga qo'shib hisoblaganda shahar fuqarolariga ortiqcha 35 foiz soliqqa teng bo'lishini ko'rdim. Bu katta mablag'", - deydi u.

Mer Luras esa bu raqamlar xato, degan fikrda.

"Hisob-kitob, ochig'i, soxta. Nafaqat shahar byudjeti, balki maktablarga ta'siri ham. U shunday notog'ri ma'lumotga tayanayotgani afsuslanarli", - deydi shahar hokimi.

Qonunchilar orasida ham bo'linish kuzatilmoqda. Shahar kengashi a'zosi Sheron Deyvisga ko'ra, mer o'z rejasi haqida hech kim bilan maslahatlashmagan.

"Agar Luras uni saylagan odamlarni hurmat qilganida hozir bu haqda bahslashmayotgan bo'lardik", - deydi u.

Tanqidlarga qaramay, reja olg'a siljimoqda. Ilk muhojirlar guruhi yanvar oyida keladi.