Amerika qonunchilari Markaziy Osiyoda

Den Burtonning aytishicha, Amerika Tojikiston mudofaa va xavfsizlik tizimlariga texnik yordam uzatishda davom etadi, ayniqsa, chegarani pishiqlash va narkotiklarga qarshi kurashga.

AQSh yetakchiligidagi ittifoqchi kuchlar Afg’onistonni sekin-asta tark etar ekan, Vashington Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga harakat qilmoqda.

Respublikachi kongressmen Den Burton yetakchi delegatsiya bu hafta Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda bo’ldi. Hafta oxirida O’zbekistonga safar qilib, prezident Islom Karimov bilan uchrashmoqda.

Den Burton kecha Tojikiston davlat telekanaliga bergan intervyusida respublikani Markaziy Osiyo yuragi deb ta’riflab, Afg’oniston bilan chegaradosh bu mamlakat katta e’tiborda dedi.

“Tojikiston Yangi Ipak Yo’lining ajralmas qismi", - deydi Burton.

Delegatlarning bildirishicha, Qo’shma Shtatlar Tojikiston mudofaa va xavfsizlik tizimlariga texnik yordam uzatishda davom etadi, ayniqsa, chegarani mustahkamlash va narkotiklarga qarshi kurash xizmatlariga.

NATO kuchlari 2014-yilda Afg’onistondan chiqqach bu madad ko’lami oshadi, deydi rasmiylar.

Qonunchilar, shuningdek, Amerika Tojikistonning Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish istagini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Kongressmen Gregori Miks har ikki mamlakat ham ishsizlikni bartaraf etish, iqtisodni rivojlantirish, turmush darajasini yaxshilash va narkotik moddalarga qarshi kurash kabi bugungi muammolarni hal etishni istashini va buning uchun uchrashuvlarni ko’paytirish va o’zaro suhbatlashish kerakligini ta’kidlagan.

Rasmiylar Tojikiston yoshlarini Amerikada ta’lim olishga undamoqda.

Ba’zilar nazarida mahalliy yoshlarni G’arb ta’siridan saqlash kerak, ammo yosh ziyoli Salomat Orifjonova bu fikrga qo’shilmaydi. Uningcha, Amerikaga borgan talabalar G’arb madaniyatiga ko’r-ko’rona taqlid qilmasdan, ilmni o’zlashtirib olishi kerak.

U Amerika yoshlarining ilm o’rganish tarzi, fikrlashi va falsafasi haqida shunday deydi:

“Menga, masalan, shaxs huquqlarining balandda turishi ma’qul. Yaxshi narsalarni ko’p gapirishadi. Kamchiliklarni aytsalarda, shaxsni haqoratlashmaydi. Kongress vakillarining Dushanbega kelishi mamlakatimiz yoshlariga Amerikaga yangi yo’l ochadi va bu faqat yaxshilikka deb umid qilaman”.