AQSh Prezidenti Donald Tramp 2016-yil saylov kampaniyasi paytida afg’on urushiga barham berishni va’da qilgan edi. Shu maqsadda AQSh rasmiylari yil davomida Tolibon harakati vakillari bilan bir necha bor ko’rishdi. Tomonlar bir qarorga kelishgani yo’q, Afg’onistonda zo’ravonliklar davom etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
2019-yil fevralida AQSh maxsus vakili Zalmay Xalilzod Tolibonga asos solgan insonlardan biri Mulla Abdul G’ani Birodar bilan Qatar poytaxti Doxada ilk bor ko’rishgan. Uchrashuv natijasiz tugagan.
Tolibon AQSh bilan bitim imzolanmaguncha harbiy harakatlarni to’xtatmoqchi emas.
“Nazarimda, Tolibon zo’ravonliklarni kuchaytirib, muzokaralarda pozitsiyasini oshirmoqchi, o’zini kuchli qilib ko’rsatmoqchi. Biz 18 yildan beri bu mamlakatdamiz. Biz ham tishimizni qattiq qayraganmiz. Mayk Pompeo so’nggi 10 kunda minglab toliblar yo’q qilinganini aytdi. Muzokara stoliga qaytmasak bo’lmaydi. Zo’ravonliklarni kuchaytirish orqali tinchlikka erishib bo’lmaydi”, - dedi AQSh Vakillar palatasining Razvedka bo’yicha qo’mitasi raisi demokrat Adam Shiff.
Sentabr boshida AQSh va Tolibon endi kelishay deb turganida toliblarning Afg’onistondagi hujumida amerikalik harbiy nobud bo’lib, Prezident Donald Tramp muzokaralarni to’xtatishni buyurdi. Bir necha kundan so’ng elchi Zalmay Xalilzod qonunchilarga muzokaralar natijasi haqida hisobot berdi.
“Afg’oniston hukumati ham muloqotda qatnashishi shart deb hisoblayman. Agar Tolibon buni qabul qilmasa, bu ularning muammosi”, - deydi respublikachi kongressmen Maykl Valts.
“Mening tushunishimcha, jarayon bir tomonlama bo’lgan. Unda ko’proq odam qatnashishi kerak deb o’ylayman. Umuman, muzokaralarda ko’proq odam qatnashishi lozim”, - deydi demokrat kongressmen Krissi Xulaxan.
O’tgan oy Afg’onistonga safari chog’ida Prezident Tramp Tolibon bilan muloqot jonlangani haqida ma’lum qilgan. Biroq jangarilar Kobuldagi Bagram harbiy-havo bazasiga hujum qilganidan so’ng jarayon yana to’xtadi.
Xalilzodning “Twitter” orqali bildirishicha, Tolibon afg’on xalqining tinchlikka bo’lgan istagiga mushtarak ekanini namoyish etishi kerak.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, afg’on urushiga barham berishning yagona yo’li siyosiy yechimdir.
Yil yakunlanib borar ekan, jangarilar bilan muloqot jonlanishi ehtimoli paydo bo’ldi. Xalilzod Kobulga borib, mamlakat rahbarlari bilan maslahatlashdi.
Yangi yil har doimgidek yangi umid bag’ishlaydi. Xususan, Qo’shma Shtatlar Tolibon Afg’oniston hukumati bilan bevosita muzokara boshlashiga umid qilmoqda.