AQShda dehqonlar ekin mavsumiga tayyorlanar ekan, chet davlatlarning Amerika qishloq xo’jaligi mahsulotlariga qo’ygan tariflari joyida. O’zgarish yo’q. Mavhumlik sabab amerikalik fermerlar yangi asbob-uskuna sotib olishga shoshmayapti. Bu uskunalarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar esa zarar ko’rmoqda.
AQSh bo’ylab fermalarda ko’k rangli qishloq xo’jaligi texnikasiga ko’zingiz tushadi. Ularni "Kinze" kompaniyasi ishlab chiqaradi.
“Seyalkalar, don mashinalari bilan tanilganmiz”, - deydi kompaniya vakili Richard Diks.
Katta kompaniya emasmiz. Bir yilda yetti raqamli ko’lamda zarar ko’rdik
Bu mahsulotlar “Kinze” zavodi tashqarisida bahaybat qilib osib qo’yilgan. Ayova shtatining Vilyamsburg shahridagi zavodda 500 dan ortiq odam ishlaydi. Korxonada asosiy xomashyo bu - po’lat.
“Po’lat - nonimiz. Payvandlash seximizda po’latni kesamiz, eritamiz, shakl beramiz va bo’yaymiz”, - deydi Richard Diks.
Polat hozirda qimmatlagan. Import qilinadigan bu materialga qo’yilgan 25 foizlik tarif natijasi bu.
“Tarif bizning asosiy mahsulotimizning beliga tepadi”, - deydi suhbatdosh.
Prezident Donald Tramp po’lat ishlab chiqarish sanoatini qo’llab-quvvatlash uchun tariflarni joriy etgan edi. Mahalliy po’lat sanoati bu qarordan biroz foyda ko’rdi, lekin narx-naxo ko’tarilgani “Kinze” kabi kompaniyalarga qimmatga tushmoqda.
“Ushbu tariflar bizning narxlarga, ishchilarimiz orqali ularning oilaviy daromadiga, dilerlarga va oxir-oqibat mijozlarimizga ta’sir ko’rsatadi”, - deydi kompaniya vakili.
Mijozlar esa, asosan, “Kinze” texnikasidan foydalanib soya ekadigan amerikalik dehqonlar. Hozirda AQShning tariflariga javoban xorij davlatlar ham Amerikaning qishloq xo'jalik mahsulotlariga tarif qo’ygan, bu o’z navbatida mahsulotlar narxini tushirib yuborgan. AQSh dehqonlari yetarli daromad ololmasa, ular “Kinze” kompaniyasidan texnika ham xarid qilmaydi.
“O’lganning ustiga chiqib tepgan bo’lyapti. Biz chetdan keladigan po’latni qimmatga sotib olayapmiz. Undan keyin ishlab chiqarilgan mahsulotimizni mijozlarimizga sotishga qiynalyapmiz”, - Richard Diks.
Ushbu tariflar bizning narxlarga, ishchilarimiz orqali ularning oilaviy daromadiga, dilerlarga va oxir-oqibat mijozlarimizga ta’sir ko’rsatadi
U shikoyatlarini respublikachi senator Joni Ernstga yetkazdi. Senator tariflardan zarar ko’rayotgan ayovalik fermerlar bilan “Kinze” kompaniyasida davra suhbati o’tkazdi. Uning aytishicha, bu kabi uchrashuvlardan yig’ilgan shaxsiy hikoyalar prezidentga uning qarorlari ta’sirini tushunishga yordam beradi.
“Tramp o’ziga xos muzokara uslubiga ega. U eng yomon ssenariydan boshlab, so’ngra yaxshiroq, adolatli bitim tuzish tomon harakat qiladi. Bu kabi hikoyalarni u bilan bo’lishish muhim. Prezident odamlarga quloq tutadi”, - deydi senator Ernst.
So’nggi bir yilda tariflar “Kinze” korxonasi faoliyatiga ta’sir qilishga ulgurdi.
“Katta kompaniya emasmiz. Bir yilda yetti raqamli ko’lamda zarar ko’rdik. Anchagina pul bizning korxona uchun”, - deydi Diks.
Zarar hozircha mijozlarga yoki korxona ishchilariga ta’sir qilgani yo’q.
“Tariflar sabab hali hech kimni ishdan bo’shatganimiz yo’q. Tejamkorlik bilan harakat qilyapmiz”, - deydi suhbatdosh.