AQSh kompaniyalari Gonkongdagi namoyishlarga qanday yondashmoqda?

  • Amerika Ovozi

FILE - A woman walks past the logo for Google at the China International Import Expo in Shanghai, Nov. 5, 2018.

Gonkongda bir necha oydan beri hukumatga qarshi davom etayotgan namoyishlar hali-beri tugamaydiganga o’xshaydi. Gonkong chiqishlari va Xitoy hukumatining ularga salbiy munosabati AQSh texnologik kompaniyalarini ham chetlab o’tmadi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh kompaniyalari Gonkongdagi namoyishlarga qanday yondashmoqda?

Pekin noroziligidan so’ng “Apple” kompaniyasi politsiya joylashuvidan xabardor qilib turuvchi ilovani ilovalar do’konidan chiqarishga qaror qildi. Kompaniya rahbari Tim Kukning aytishicha, programma politsiyachilarni nishonga olishda ishlatilgan, biroq ilova muallifi va gonkonglik faollar bu da’voni inkor etmoqda.

“Apple” mahsulotlarini ishlab chiqarishda Xitoyga tayanadi. Global savdosining 20 foizi Xitoyga to’g’ri keladi.

“Agar Xitoy “Apple”ni mamlakatdan haydasa, ko’p trillion dollarlik kompaniya barbod bo’ladi. Tim Kuk bu voqelikka qarshi borolmaydi”, - deydi veb yaratuvchi texnolog Matey Cheglovski.

AQShning yana bir yirik kompaniyasi “Google” odamlarga gonkonglik namoyishchi bo’lishni simulyatsiya qilishga imkon beruvchi ilovani do’konidan chiqarib yubordi. Programma kompaniyaning nozik voqealarga doir siyosatini buzdi, deydi “Google” vakillari.

“Google” barcha nozik voqealardan uzoqroq turishni istaydi, tarafkashlik qilishni xohlamaydi. Ba’zan muayyan bir ilovani faqat o’yin yoki ma’rifiy vosita deb, nozik masala sifatida yondashmaganiga ham guvoh bo’lganman”, - deydi Kaliforniyadagi Santa-Klara universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Erik Goldmen.

AQShning video o’yinlar ishlab chiqaruvchi “Activision Blizzard” firmasi Xitoyda telekommunikatsiya kompaniyasi bilan qo’shma korxonaga ega. Yaqinda kompaniya o’tkazgan onlayn musobaqada g’alaba qozongan gonkonglik professional geymer shahardagi namoyishlarni qo’llab-quvvatlovchi bayonot tarqatgani uchun jazolandi.

O’yinlar ishlab chiqaruvchi Mark Kern “Activision Blizzard” qo’llagan chorani tanqid qildi.

“O’yinlarni siyosatdan uzoqlashtirishga harakat qilishyapti, biroq bu kompaniya aksincha o’zi siyosatga aralashdi. Haddidan oshdi deb o’ylayman”, - deydi Kern.

Odatda geymerlar siyosatga qiziqmaydi, ammo ba’zilari “Activision Blizzard” yaratgan o’yindagi qahramonlardan birini gonkonglik namoyishchiga aylantirdi.

“Mey erkinlik uchun kurashyapti. Yolg’iz o’zi bu ishni qilolmaydi. Gonkongga ozodlik!” deyilgan bu yerda”, - deydi Kern varaqaga ishora qilib.

AQSh texnologik kompaniyalari Gonkongdagi siyosiy inqirozdan uzoqroq turishga harakat qilsa-da, xaridorlar va Xitoy hukumati bosimi ostida taraflardan birining yonini olishga majbur bo’lmoqda.