Eron tahdidlaridan so'ng AQSh avianosetsini Yaqin Sharqda qoldirishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

AQShning "Nimitz" avianosetsi

AQSh qo’shinlarini Somalidan chiqarish paytida ularning xavfsizligini ta’minlagan “Nimits” avianosetsi Eron tahdidlaridan so’ng Yaqin Sharqda qoladigan bo’ldi. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri lavozimini bajarayotgan Kristofer Miller ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 4-yanvar, 2021-yil

O’tgan hafta vazir harbiy kema AQShga qaytadi deb aytgan edi, biroq Eronning so’nggi bayonotlari bu qarorning o’zgarishiga olib keldi.

Eronning xorijdagi maxsus amaliyotlar bilan shug’ullanuvchi “Quds” harbiy bo’linmasi qo’mondoni general Qosim Sulaymoniy bir yil oldin Iroqda AQSh raketasidan o’lgan edi.

Voqeaning bir yillik munosabati bilan Eronda hamda unga ittifoqdosh Iroq, Suriya, Yaman va Livanda xotira marosimlari o’tkazilib, notiqlar Sulaymoniyning o’limiga aloqador odamlar jazolanishi haqida bir necha bor aytgan.

Xususan, Islomiy inqilob posbonlari korpusining “Quds” kuchlari yangi qo’mondoni Ismoil G’ani o’ch olishga so’z berib, bu ishga qo’l urgan amerikaliklar o’zini na xorijda, na vatanida xavfsiz qis qilishi kerak, deb aytdi.

AQSh rasmiylari Eron xurujlar rejalayotganidan xavotirda. Prezident Tramp Eronni Yangi yildan oldin ogohlantirib qo’ydi. Uning aytishicha, agar Tehron hujumida bitta amerikalik nobud bo’lsa ham, u butun mamlakatni mas’ul tutadi.