Yangi immigratsion cheklovlar kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh xalqaro aeroportlarida

Prezident Donald Trampning yangi immigratsion cheklovlari amalda. Qarshilik bu safar u qadar kuchli emas. Huquq faollari va huquqshunoslar xalqaro aeroportlarga chiqib, olti mamlakatdan kelayotganlarga bepul yordam taklif qilmoqda. Ular fikricha, prezident bu insonlarni asossiz jazolamoqda.

Eron, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yaman fuqarolari yil boshida Amerikaga kiritilmasin degan buyruq berilgan edi. Keskin qarshilikka uchragan. Boshida bu ro'yxatda Iroq ham bor edi. Oq uy keyinroq uni olib tashladi.

Federal sudlar prezident qarorini qonunga xilof deb topgan. Endilikda bu farmon yangilandi va unga hozirda muayyan o'zgartirishlar kiritilgan. Shartlardan biri shuki, yuqorida qayd etilgan mamlakat fuqarolari endi AQShda yaqin qarindosh bilan aniq sabablarga ko'ra ko'rishish uchun kelayotgan bo'lishi kerak va bu rishtalarni hukumat izchil elakdan o'tkazishi lozim.

Konsullik idoralariga yangi ko'rsatmalar berilgan. 1-iyuldan boshlab yangi farmon kuchga kirdi.

Los-Anjeles aeroportida bepul huquqiy yordam taklif qilayotgan mutaxassislar

Viza olgan bo'lsangiz, eshik ochiq. Tranzitda bo'lsangiz, 6-iyuldan boshlab Amerikaga kira olmasligingiz mumkin, albatta, agar yuqorida nomi sanab o'tilgan davlat fuqarosi bo'lsangiz.

Amerikada yashayotgan shaxsning ota-otasi, bolasi, kuyovi yoki kelini yoki aka-ukasi yoki opa-singili bo'lsangiz, hukumat tekshirib, sizni kiritishi mumkin. Aks holda AQSh darvozalari sizga yopiq. Boshqa turdagi qarindoshlarga viza berilmaydi.

Gavayi shtati Oq uy farmonidan norozi; uni noqonuniy deb hisoblab, federal sudga arz qilgan.

Los-Anjeles, Kaliforniya shtati

​Oliy sudi yaqinda quyi sudlarning Tramp farmonini butkul chetga uloqtirganini xato deb topib, uni qisman tiklash haqida hukm chiqardi.

Nyu-York va boshqa yirik shaharlarda muhojirlar namoyishga chiqib, Oq uy siyosatini qoralamoqda. Lekin yangi cheklovlarni asosli deb hisoblaydiganlar ham ko'p. Vizalar oldindan yaqin qarindoshlarga muayyan sabablarga ko'ra beriladi, Amerika eshigi oldindan hamma uchun ochiq bo'lmagan, deydi ayrim immigrantlar. Talablarga javob bera olish kerak.

Nyu-York ko'chalarida

Cheklov tarafdori bo'lmish amerikalik Polin Pujol:

"Menimcha, Donald Tramp 100 foiz haq. Mamlakatimizni himoya qilmoqda. Prezidentning vazifasi shu axir. Irqchi emas u. Xavfsizlkni ta'minlash izchillik va qattiq tekshiruv taqozo etadi".

Tramp ham o'z siyosatini shu tarzda oqlashga urinmoqda.

Farmonning yana bir qismiga ko'ra, Amerika kelasi 120 kun davomida qochqinlarni qabul qilmaydi. Yillik kvota bu borada 50 ming. Lekin agar qochqin AQShda yaqin qarindoshga ega bo'lsa, balki viza olishi mumkin. Har bir ariza alohida ko'rib chiqiladi.

Bu yilgi kvota allaqachon to'lgan, deydi rasmiylar. Yangi yil, ya'ni moliya yili, Amerikada oktabrdan boshlanadi.