AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Afg’onistonda qo’shinlar sonini qisqartirish xususida qaror yo’q, ammo ayrimlarini boshqa vazifalarga safarbar etish rejasi bor, deydi. Unga ko’ra, Xitoyni jilovlash ana shunday vazifalardan biri.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh harbiy rasmiylaridan birining “Amerika Ovozi”ga sal oldinroq aytishicha ham, ayni damda qo’shinlarni Afg’onistonda chiqarish kun tartibida turgani yo’q. Biroq afg’on rasmiylari buning aksi haqida gapirmoqda. Ularga ko’ra, Tramp ma’muriyati har ikki tomon roziligi bilan minglab harbiyni Afg’onistondan ko’chirmoqchi.
AQSh matbuotidagi xabarlarda aytilishicha, Oq uy shu hafta Afg’onistondagi askarlar sonini to’rt mingga qisqartirish rejasini e’lon qilishi kutilmoqda va Mudofaa vaziri Esper bu rejani qo’llab-quvvatlashi haqida gapirgan.
“Men bu haqda anchadan beri aytib kelaman. Afg’onistondagi qo’mondonimiz fikricha, ozroq miqdordagi askarlar bilan ham muhim aksilterror amaliyotlarni amalga oshirish, mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlash, ularga yordam berish mumkin. Men ham qo’shinlar sonini kamaytirish tarafdoriman, chunki ular vatanga qaytib, o’ziga kelib olishi, ba’zilari esa boshqa missiyalar uchun qayta tayyorgarlikdan o’tishi, Hind va Tinch okeanlari mintaqalariga safarbar etilishi lozim. Chunki eng katta raqibimiz Xitoyga qarshi turishimiz kerak”, - dedi Esper.
Hafta boshida Kobulga borgan AQSh senatori Lindsi Gremning aytishicha, Prezident Donald Tramp haqiqatan ham qo’shinlar sonini kamaytirmoqchi, biroq senator nazarida, bu ishni shoshmasdan qilish kerak.
“Xalqaro terrorizm jirkanch boshini qayta ko’tarishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak. Terrorga qarshi kurashda Tolibonga ishonib bo’lmaydi. Bu ahmoqlik bo’lardi”, - deydi Grem.
Kobuldagi rasmiylarning aytishicha, jarayon uch oydan so’ng boshlanishi mumkin, biroq Afg’oniston hukumati buni hozircha rasman tasdiqlamayapti. Pentagon vakili bu borada buyruq yo’qligiga ishora qilarkan, qo’shinlarni chiqarish jadvali ham yo’qligini aytadi.
Askarlarni mamlakatdan butunlay chiqarish AQSh va Tolibon muzokaralarida jangarilarning talablaridan biri edi.