AQSh Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Saudiya Arabistoni rahbarlari saudiyalik dissident jurnalist Jamol Qoshiqchining g’oyib bo’lishiga aloqadorligini qat’iyan inkor etmoqda.
O’tgan yil AQShga kelib, “Vashington Post” gazetasida sharhlovchi bo’lib ishlay boshlagan muxbir 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik xizmati binosiga kirgan, biroq chiqqanini hech kim, hatto uni ko’chada kutib turgan qaylig’i ham ko’rmagan. Seshanba kuni konsullikni ko’zdan kechirgan turk tergovchilariga ko’ra, Qoshiqchini qiynab o’ldirishgan, so’ng jasadini diplomatik vakolatxonadan olib chiqishgan.
16-oktabr kuni Pompeo Riyodda bo’lib, qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad bilan uchrashgan, chorshanba kuni esa Turkiyaga borib, Prezident Rajab Toyib Erdog’an bilan masalani muhokama qilgan. Saudiya va Turkiya rahbarlari Pompeoga nima degani matbuotga ma’lum emas.
AQSh davlat kotibi tergov natijalari ayon bo’lmaguncha xulosa qilishga shoshilmaylik, deydi. Bu ishga qirollik aralashgani aniqlansa, inson huquqlari faollari va amerikalik ayrim qonunchilar uni qattiq jazolashga chaqirmoqda.
“Bu erkin va mustaqil matbuotga hujum bo’ldi. Bu ishning tagiga yetamiz”, - deydi AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens.
Demokrat senator Kris Myorfi turk matbuotidagi xabarlarni shunday izohladi:
“Agar Saudiya Arabistoni Amerika rezidentini konsullikka hiyla bilan olib kirib, uni o’ldirgan bo’lsa, Qo’shma Shtatlar bu mamlakat bilan harbiy, siyosiy va iqtisodiy munosabatlarini qayta ko’rib chiqishi kerak”, - deydi qonunchi.
22 nafar demokrat va respublikachi senatordan iborat guruh Oq uyga maktub yo’llab, voqeani sinchkovlik bilan tergov qilishga chaqirdi.
“Inson huquqlari birinchi o’rinda” tashkiloti vakili Rob Bershinskining aytishicha, Saudiya qirolining valiahdi shahzoda Muhammad bin Salmon so’nggi paytlarda qator tashvishli ishlarga qo’l urgan.
“Livan bosh vazirini ushlashni buyurdi, ayollar huquqlari faollarini, qirol oilasining bir nechta a’zolarini qamashni ham buyurgan”, - deydi faol.
Turk tergovchilari saudiyalik 15 kishini, jumladan shahzoda Muhammadga yaqin odamlardan birini Jamol Qoshiqchining o’limida gumon qilmoqda. “Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, ularning barchasi 2-oktabr kuni konsullikda bo’lgan, shulardan to’qqiz nafari Saudiya Arabistoni razvedkasi xodimlari. Anqaraning bildirishicha, ular Istanbulga ikkita xususiy samolyotda shu kuni kelib, bir kun ham qolmay, qaytib ketgan.