Pens Erdog'an bilan ko'rishish uchun Turkiyaga yo'l oldi

  • Amerika Ovozi

Vitse-prezident Mayk Pens

Vitse-prezident Mayk Pens boshchiligidagi AQSh hukumati delegatsiyasi Turkiyaga yo’l olmoqda. Davlat kotibi Mayk Pompeo, milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Robert Obrayn va AQShning Suriya bo’yicha maxsus vakili, elchi Jeyms Jeffri Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashib, uni Suriyadagi harbiy harakatlarni to’xtatishga, suriyalik kurdlar bilan sulh tuzishga undamoqchi. Turkiyani kurdlarga qarshi tajovuzda ayblayotgan Tramp ma’muriyati kecha Turkiyaga sanksiyalar qo’ygan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-oktabr, 2019-yil

AQSh hukumati Anqaradan Suriya shimolidagi harbiy amaliyotni bas qilishni talab qilmoqda.

“Qo’ygan sanksiyalarimiz o’ta qattiq. Po’lat importi tariflariga qo’yilgan sanksiyalar ta’sir qilmasa, yana qo’yamiz, choralar ko’p. Turkiya po’lat savdosidan ko’p pul qiladi, endi esa tushum kamroq bo’ladi”, - dedi Tramp.

Biroq chora tanqidchilariga ko’ra, Tramp joriy etgan sanksiyalar foydasiz va samarasiz. Tramp uni kurdlarni tashlab ketganlikda ayblayotgan qonunchilarni tinchitish uchun nomiga shunday qilgan, deydi ular.

“Turk valyutasining qadri o’zgarmaganini hisobga olgan holda sanksiyalarning ramziy ekanini bilsa bo’ladi. Tramp qonunchilarga Turkiya amaliyotini jiddiy qabul qilayotganini ko’rsatmoqchi, ammo vaziyatni o’zgartiradigan biror chora ko’rgani yo’q”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Gonul Tol.

Tahlilchi nazarida, Tramp Erdog’an bilan orani buzishni istamaydi.

“Oq uy Turkiyani sulhga chaqiryapti. Bu degani Erdog’an so’nggi bir necha kunda erishilgan harbiy g’alabalarini qo’lida saqlab qoladi. Vashington vaziyatni keskinlashtirmoqchi emas, ammo Kongressning harakatlariga qarab, Oq uy siyosati ham o’zgarib qolishi mumkin”, - deydi Tol.

Yana bir tahlilchiga ko’ra, Tramp Suriya hukumati kuchlari turk qo’shinlarini to’xtatishiga umid qilmoqda. AQSh hududdan askarlarini chiqarishi ketidan kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlari Turkiyaga qarshi turish uchun Bashar Assad hukumati bilan hamkorlik bitimi imzoladi.

“Tramp Suriya va Rossiya qo’shinlari kurdlar yaqingacha nazorat qilgan hududlarga kirib, boshqaruvni o’z qo’liga olishga muvaffaq bo’larmikan deya ko’rmoqchi. Yana bir haftadan so’ng Turkiyaning ortiq hujumga o’tishiga sabab bo’lmasligi mumkin”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Aykan Erdemir.

Shunday bo’lgan taqdirda, deydi u, Trampda Anqaraga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga hojat qolmaydi.