Kaliforniya Amerikada eng ko'p muhojirga ega shtat. Immigrantlarning chorak qismi hujjatsiz ekani aytiladi. Prezident Donald Trampning yangi farmoniga ko'ra, ular deportatsiya bilan yuzlashishi mumkin. Ammo Kaliforniya qonunlari jiddiy jinoyat sodir etmagan hujjatsiz muhojirlarni himoya qiladi.
Los-Anjelesdagi to'rt million aholining, taxminan, yarim millioni hujjatsiz.
"Ular ilk kelgan paytlari, politsiya bizni deportatsiya qiladi, deb qo'rqishadi. Bunday qo'rquv aslida doim bor", - deydi politsiyachi Xose Kovarubias.
Politsiya kapitani Alfred Labdara ham bir paytlar hujjatsiz bo'lgan.
"Uzoq yillar oldin bolaligimda bu davlatga hujjatsiz kelganman. Muhojirlar his qiladigan qo'rquv mening ham boshimdan o'tgan", - deydi u.
Labrada armiyada xizmat qilib, AQSh fuqaroligini oldi. Tramp ma'muriyatining keskin choralari ortidan muhojirlar xavotiri kuchaydi, deydi u.
"Mamlakatdagi bu qo'rquv holatlarini tushunaman va ko'rib turibman. Ko'plab ota-onalar hatto bolalarini maktabga yubormay turibdi", - deydi Labrada.
Politsiyaga qo'ng'iroqlar ham kamaygan. Labradaga ko'ra,uydagi zo'ravonliklar bo'yicha murojaatlar 10 foiz, jinsiy tajovuzlar bo'yicha 25% kamaygan.
"Bu tashvishli biz uchun. Jinoyatlar kamayyaptimi yoki ular deportatsiya bo'lishdan qo'rqib bizga bog'lanishmayaptimi?", - deya so'raydi u.
Haqiqatda esa, deydi Labrada, politsiyachilar immigratsiya bo'yicha federal idora bilan hamkorlik qilmaydi va fuqarolarning immigratsion maqomi tekshirilmaydi.
"Agar deportatsiya qilinishdan qo'rqib bizga qo'ng'iroq qilishmasa, unda jinoyatlar haqida bizga xabar berishmaydi. Qurbonlar, jablanganlar ko'payadi", - deydi u.
Kaliforniyada hujjatsiz muhojirlarni himoyalashga qaratilgan Ishonch qonuni bor.
"Ishonch qonuniga ko'ra, qamoqxona va huquq-tartibot organlari faqat jiddiy jinoyat sodir etganlarni federal agentlikka topshiradi. Agar jinoyat jiddiy bo'lmasa, biz ular haqida Immigratsiya idorasini xabardor qilmaymiz", - deydi politsiya rasmiysi Stiv Kia.
Los-Anjelesga qo'shni va biroz konservativ Orenj okrugi Prezident Tramp ma'muriyatidan yangi farmonga qanday rioya qilish bo'yicha yordam so'ragan.
"Ma'muriyat yangi mexanizmlarni ishga tushirdi. Farmon bo'ladimi yoki boshqa yo'lmi, ular yangi choralarni yo'lga qo'yyapti. Sherifimiz so'ragan narsa shuki, hibsdagilarni ularga topshirilguncha o'zimizda saqlab tura olishimiz kerak", - deydi Kia.
Hozircha Orenj okrugida hibsga olingan muhojirlar haqida, agar og'ir jinoyat sodir etmagan bo'lsa, federal agentlikka xabar berilmaydi.