O'zbekistonda AQSh quvvatlovida yangi ta'lim loyihasi

  • Amerika Ovozi

Darsliklar yaratish bo'yicha yetakchi mutaxassis, amerikalik professor Di Broton O'zbekiston ilm dargohlari bilan tanishmoqda.

AQShning Toshkentdagi elchixonasiga ko'ra, bu davlat yordami bilan O'zbekistonda yangi loyiha amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi ingliz tilida darslik va qo‘lanmalar yaratish maqsadida “Authorship Development Project: English for Future Professionals” degan loyihani e'lon qilgan. U AQSh bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Amerikalik mutaxassis Di Broton rahbarligida o'tgan bir yil ichida 20 ga yaqin seminar-treninglar o'tkazilgan. Ular O‘zDJTU, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti hamda O‘zDJTU qoshidagi 2-sonli Akademik litseyida olib borilgan.

Treninglarda to'qqiz viloyatdan 134 o‘qituvchi ishtirok etgan. Ular orasidan tanlab olingan 30 mutaxassis yangi qo‘llanma ustida ishlagan. “V2 Ready” degan kitob ularning mehnati mahsuli.

Loyihaning uchinchi bosqichida mualliflar tomonidan turli sohalar uchun o‘quv qo‘llanmalar yaratish jarayoni boshlangan. Yangi darsliklar va ilm manbalari ustida ish ketmoqda, deya bildiradi AQShning Toshkentdagi elchixonasi.

Bu hamkorlikka turtki bergan sabablardan biri - O'zbekiston rahbari Islom Karimovning chet tillarni o'rganish tizimini takomillashtirish kerak deya 2012-yilda bergan qarori.