AQSh O'zbekistondagi saylovlarni qanday baholamoqda?

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat departamenti, Vashington

O'zbekistonda yangi prezident saylandi. 2003-yildan beri bosh vazirlik qilgan Shavkat Mirziyoyev 4-dekabrda o'tgan saylovda g'olib deb e'lon qilindi. AQSh uni qutlamoqda.

AQSh Davlat departamenti, tashqi ishlar vazirligi, O'zbekistondagi saylovlar yuzasidan o'z pozitsiyasini bildirar ekan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) xulosalariga e'tibor qaratdi.

Bu tashkilot hisobotiga ko'ra, saylovoldi va ovoz berish jarayonida qator kamchiliklarga yo'l qo'yilgan.

"Lekin YXHT saylov nisbatan oshkora o'tganini maqtamoqda", - deydi Davlat departament so'zlovchisi Mark Toner, 5-dekabr kungi matbuot anjumanida.

"Imkoniyati cheklangan fuqarolarga sharoit yaratib berilgan, qolaversa, ochig'i, 600 xorijiy kuzatuvchi kiritilgani tahsinga sazovor. AQSh elchixonasi ham, bilishimizcha, saylovni kuzatdi", - deydi Toner.

"Janob Shavkat Mirziyoyevni O'zbekiston prezidenti etib saylangani bilan tabriklaymiz. O'zbekistonda yangi davr boshlanar ekan, keng siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar olib boriladi degan umiddamiz".

AQSh Davlat departamenti, 5-dekabr, 2016

Barqarorlik, taraqqiyot - birlamchi masalalar, deydi Toner. Amerika Markaziy Osiyoda birdamlikni targ'ib qilib keladi. Vashington nazarida kelajak iqtisodiy integratsiyada. Bu hafta yakunida Germaniyada mintaqa tashqi ishlar vazirlari ishtirokida bu borada muloqot kechadi.

Obama ma'muriyati Donald Tramp prezidentlikka kelganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlari bilan bugungi hamkorlik darajasi oshsa oshadiki, pasaymaydi deya umid qilmoqda.

Saylov - tanlov?