Amerika Savdo Palatasiga ko’ra, O’zbekistondan Afg’oniston uchun kuniga qariyb 40 tonna meva-sabzovot sotib olish bo’yicha muzokara ketmoqda.
Mahsulot AQSh qo'shinlariga mo’ljallangan. Bu haqda palataning O’zbekistondagi rahbari Donald Nikolson Toshkentda, AQSh elchixonasida o'tgan matbuot anjumanida so’zlagan.
Uning aytishicha, hozir aqshlik ekspertlar Navoiyda imkoniyatlarni o'rganib chiqmoqda.
AQSh harbiylari uchun meva-sabzovotlar hozirgacha Dubaydan yetkaziladi.
“Biz o'zbek fermerlaridan bu mahsulotlarni bevosita sotib olamiz va ularni qadoqlab Afg'onistonga jo'natamiz”, - deydi Nikolson.
Navoiy xalqaro aeropotida yangi terminallar ochilishi bu loyihani amalga oshirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Amerika Savdo Palatasi rahbari O'zbekiston bilan yana qator sohalarda hamkorlik qilish mumkin deydi. Masalan neft va gaz, kimyoviy o'g'itlar ishlab chiqarish, paxta va yengil sanoat.
Donald Nikolson O'zbekistonda paxtani qayta ishlash, to'qimachilikni rivojlantirish bo'yicha ham loyihalar borligini aytadi.
AQSh O'zbekistonda bolalar mehnati evaziga yetishtirilgan paxtani taqiqlangan mahsulotlar ro'yxatiga qo'shgan bir paytda Savdo Palatasi to'qimachilik sanoati bilan qanday ishlashi mumkin?
“Men siyosatchi emasman", - deydi Nikolson. "Bu yerda paxta tolasidan mahsulot tayyorlash mumkin bo'lib, korxona va ishchilar manfaatiga xizmat qiladigan bo'lsa, palataga ma'qul”, - deydi u.
Lekin Donald Nikolson O'zbekistonda biznes qilish oson emasligini tan oladi. Odamlar har kuni to'qnashadigan muammolar hammaga ayon, deydi u.
Sodda qilib aytganda O'zbekistonda konvertatsiya yo'q, deydi Nikolson. Uning fikricha, ichki mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan hukumat pozitsiyasi esa biznes uchun qiyinchilik tug'dirmoqda.