Kolumbiya Prezidenti Xuan Manuel Santosning aytishicha, Lotin Amerikasidagi hech biri mamlakat AQShning Venesuelaga qo’shin kiritishiga ko’nmaydi. AQSh rahbarining juma kuni aytishicha, Venesuelada demokratiyani tiklash uchun Qo’shma Shtatlar harbiy kuch ishlatishi mumkin.
Yakshanba kuni AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Kolumbiyada bo’lib, shu haqda Prezident Santos bilan gaplashdi. Kolumbiya rahbari AQShni bu niyatidan qaytishga chaqirdi.
"Venesuelada hokimiyat tinch va demokratik yo’l bilan almashishi kerak. Harbiy choraga mintaqadagi hech bir davlat ko’nmaydi”, - dedi u.
Pensga ko’ra, harbiy choradan tashqari Qo’shma Shtatlar Prezident Nikolas Maduro hukumatiga iqtisodiy va diplomatik bosim ham qo’yishi mumkin.
"Demokratik islohotlar bahonasida Venesuelada diktatorlik tizimining o’rnatilishi uchun yangi idora ish boshlamoqda. AQSh buni qabul qila olmaydi”, - dedi Pens.
Yakshanba kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo ham Venesuelaga qarshi harbiy chora ko’rish ehtimoli haqida gapirdi. Maduro hukumati bunday tahdidlarni tanqid qildi.