2001-yil 11-sentabr xurujlari ketidan Afg’onistonga qo’shin kiritgan Qo’shma Shtatlar Amerika tarixidagi eng mash’um xurujlarning 20 yilligidan oldin bu mamlakatni tark etdi. Yana 120 mingdan ziyod afg’on vatanidan olib chiqildi. Ayni damda ular AQSh bo’ylab joylashtirilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Evakuatsiya qilinganlarning ba’zilari hali ham ikkinchi mamlakatda – kimdir Doxada, kimdir Abu-Dabida. Yana ba’zilari AQShning xorijdagi o’ndan ortiq bazalarida. Hozir ularning hujjatlari rasmiylashtirilmoqda”, - deydi “Xalqaro qochqinlarga yordam loyihasi” yuristi Adam Beyts.
Uning aytishicha, afg’onlarning repatriatsiyasi miqyos jihatidan AQShning Vyetnamdagi urushidan so’ng amalga oshirilgan vyetnamliklar repatriatsiyaga tengdir.
“Ko’p amerikaliklar AQSh vertolyotining Markaziy razvedka boshqarmasiga tegishli bino tomidan ko’tarilayotgani tasvirlangan kadrlarni yaxshi eslaydi. O’shanda ko’p odam qolib ketgan edi. Ana shu kadrlar bizga saboq bo’lishi, Afg’onistonda buning oldini olish uchun evakuatsiyaga tayyorgarlikni bir necha oy oldin boshlash kerak edi, ammo afsuski, o‘tmish xatolaridan to’g’ri xulosa chiqarilmadi, evakuatsiya Afg’onistonda eng so’nggi daqiqalarda boshlandi”, - deydi Beyts.
Evakuatsiya qilingan afg’onlarning ba’zilari AQSh fuqarolari bo’lsa, boshqalarida grin karta bor, yana ayrimlari maxsus muhojirlik vizasini olgan, biroq aksariyati insonparvarlik maqsadlarida mamlakatdan chiqarilgan. Bundaylarda hozircha na imtiyoz bor, na maqom.
Tahlilchilarga ko’ra, Kongress bunday afg’onlarga Amerika fuqaroligini tezroq berishni ko’zlovchi qonun qabul qilishi kerak. 1960-yillarda kubaliklar AQShga qochganida ham, 1970-yillarda ko’p vyetnamliklar Amerikaga kirganida ham, 1990-yillarda iroqlik kurdlar qochganida ham shunday bo’lgan edi.
Yangi qonundan tashqari, deydi tahlilchilar, federal hukumat tezkor ravishda pul va afg’on qochqinlari bilan ishlash uchun mutaxassislar ajratishi kerak.
“Qo’shma Shtatlar ko’plab elatlarni jamiyatga integratsiyalashtirishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Bu doim ham silliq va oson kechmagan. Ushbu jarayonlar Amerika jamiyatini yanada xilma-xillashtirib, jonliroq qilgan. Amerikaga hammaning ajdodlari qayerdandir kelgan, bu Amerika an’anasining bir bo’lagidir”, - deydi “Atlantika Kengashi” tahlil markazidan Tomas Uorrik.
Biroq hamma ham afg’on qochqinlarining Amerikaga ko’chirilayotganidan xursand emas. Immigratsiya oqimini cheklash tarafdori bo’lgan ayrim respublikachi qonunchilar va boshqalar qochqinlar orasida ehtimoliy terrorchilarni aniqlash uchun yetarlicha resurslar bo’lmasligidan xavotirda. Shunday bo’lsa-da, har ikki yirik partiyaning aksariyat qonunchilari repatriatsiya dasturini qo’llab-quvvatlamoqda.