Amerika futbol ligasi oiladagi zo'ravonlikka qarshi

  • Amerika Ovozi

Sportchi Rey Rays liftda turmush o’rtog’i Janay Palnerni hushidan ketguday qilib mushtlagani tasvirlangan video matbuotda paydo bo’ldi-yu, jamoatchilik orasida shov-shuv ko’tardi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika futbol ligasi oiladagi zo'ravonlikka qarshi chiqdi

AQSh Milliy Futbol Ligasi sportchilar axloqiga ko’z-quloq bo’lishga va’da berayapti. Yaqinda sportchi yulduz o’zining rafiqasini mushtlab hushidan ketkazgani aks etgan video tarqalishi ortidan ligaga bosimlar oshgan.

Liga kelgusida oilalardagi bunday zo’ravonlikka qarshi tezkor chora ko’rmoqchi. Obama ma’muriyati esa qurbonlarni jim o’tirmaslikka, guvohlarni oraga tushishga undayapti.

Sportchi Rey Rays liftda turmush o’rtog’i Janay Palnerni hushidan ketguday qilib mushtlagani tasvirlangan video matbuotda paydo bo’ldi-yu, jamoatchilik orasida shov-shuv ko’tardi. Oq uy ham voqeani qoraladi.

Jamiyat g’azabini uyg’otgan narsa shuki, futbol ma’murlari fevral oyida Rays ayolni liftdan sudrab chiqayotgani tushirilgan videodan xabar topgan, lekin sportchini jazolamagan. “Baltimor Reyvens” jamoasi futbolchini avvaliga ikki o’yindan chetlatdi; ruhshunos ko’rigidan o’tishga majbur qildi.

“Hayotimda eng katta xatoga yo’l qo’ydim. Janay farishtaning o’zi”, - deya qilmishiga pushaymon bo’ladi Rays.

Video ortidan jamoa Rays bilan 35 million dollarlik bitimni uzdi. Milliy Futbol Ligasi komissari Rojer Gudell esa uni cheklanmagan muddatga ligadan chetlatdi. Shu oy komissar vaziyatga boshidan jiddiy qaramaganini tan oldi.

“Xatti-harakatimdan o’zim noroziman. Jamoaning yuzini yerga qaratdim va buning uchun kechirim so’rayman. Bu xatoni to’g’rilashga va’da beraman”, - deydi u.

Milliy Futbol Ligasi oilaviy zo’ravonlikni qayd etuvchi telefon tizimi va jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurash markazi bilan ham hamkorlik qila boshladi. Liga sportchilariga oilaviy zug’um va jinsiy tahqirlashga qarshi kurslardan o’tish tavsiya qilindi.

“Oilaviy zo’ravonlik, jumladan, bolalarga shafqatsizlik, jinsiy tajovuz, quroldan mas’uliyatsiz va noqonuniy ravishda foydalanish, alkogol va qoradori iste’moli kabi faoliyatlar bas qilinishi kerak”, - deydi Gudell.

Gudellning bu bayonoti prezident Barak Obama erkaklarni ogohlikka chorlovchi, jinsiy zo’ravonlikning guvohi bo’lsa, darhol oraga tushishga da’vat etuvchi kampaniyani e’lon qilishi ortidan yangradi.

“Futbol murabbiysi, basketbol jamoasi sardori, sportchilar bu yo’lda birlashishi kerak. Universitetda studentlar jamoalari, maktablardagi gazetalar muharrirlari, talaba yoshlar tuzgan ansambllar bu maqsadda birlashsin. Ingliz tili fakultetlari, muhandislik fakultetlariga ham bu gap birday taalluqli. Oddiy o’rta maktablar, boshlang’ich sinflar, muallimlar va ruhshunos mutaxassislar, murabbiy-ustozlar va ruhoniylar buning ahamiyatini tushunishi kerak. Yulduzlar, sport ligalari va matbuot boshqalarga o’rnak bo’lsin. Ota-onalar, bobo-buvilar, opa va singillar, aka-ukalar o’zidan kichiklar bilan bu haqda gaplashsin. Faqat qizlarning ota-onasi nasihat berishi, qizlarni ogoh qilishi yetarli emas. O’g’il bolalarni ota-onasi ularga qizlarni hurmat qilishni o’rgatsin”, - deydi AQSh rahbari.

Obamaning aytishicha, har besh ayoldan biri universitetda jinsiy tahqirlash bilan yuzlashadi. Lekin universitet ma’murlari bu haqdagi shikoyatlarni doim ham jiddiy tergov qilmaydi. Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti talabalari shu oy namoyishga chiqib, ma’muriyat yondashuvini o’zgartirishni talab qildi.

O’tgan yili Mudofaa vazirligi ham armiyada jinsiy tajovuzlarga qarshi kampaniya boshlagan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Sportchilar va oilaviy zo'ravonlik - US/Sports/Domestic Violence