Jurnalist O'rinboy Usmonovning oilasi va uni bilgan ziyolilar bilan suhbat

O'rinboy Usmonov 10 yildan beri "Bi-Bi-Si" O’zbek xizmatining Tojikiston shimolidagi faol muxbiri. U nafaqat professional jurnalist balki iste'dodli fotograf, shuningdek o'z sohasini boshqalarga o'rgatib kelayotgan murabbiy, ustoz hamdir.

Xalqaro tashkilot va diplomatik idoralar Tojikistonda tergov izolyatorida saqlanayotgan "Bi-Bi-Si" (BBC) muxbiri O’rinboy Usmonov ozod etilishi uchun harakat qilmoqda.

AQShning Tojikistondagi elchisi Kennet Gross jurnalistning huquqlarini hurmat qilinishi kerak deb uni erkinlikka chiqarishga chaqirgan.

"Amerika Ovozi" O'rinboy Usmonovning xonadonida bo’lib, uning oilasi bilan suhbatlashdi.

Jurnalistning umr yo’ldoshi Malohat Abduazimova hozirgi holatni sobiq sho’rolar tuzumidagi qatag’on yillariga qiyoslaydi.

“Qatagon yillarida masalan Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Elbek va boshqa yozuvchilar hayotida shunday voqealar bo’lgan. Eng yaqin odamlari ham ostonasiga yaqinlashmagan, uzoqroqdan ketishgan. Bizda ham shunday bo’ldi. Bu narsalarga e’tibor ham bermadik. Birovni taskin berishiga ham muhtoj emasman. Chunki, turmush o’rtog’imni bunaqa ishlarga aralashmasligiga 100 foiz ishonaman. Turmush o’rtog’im o’sha erdan eson-omon chiqib kelsa bo’ldi, bolalarimni baxtiga sog’-omon bo’lsa bo’ldi”,- deydi u.

Jurnalistni yaqindan bilgan muallima Nigorabonu uning himoyasiga chiqish zarur deb hisoblaydi.

“Inson haqgo’ymi, haqiqatni aytadiganmi, unga qo’yilgan ayblovlar hammasi yolg’onmi, bo’htonmi, hech bo’lmasa 1-2 kishigina shu odamni tarafida turib to’g’ri gapni aytishi kerak. U odam haq gapni aytadi deyishi kerak.”

Yana bir ziyoli Dilbarxon shunday deydi:

“Biz ishongan odamlarimizni ruhan ezib qo’yish to’g’ri emas. Biz o’zimiz ham ruhan ezilib qolmoqdamiz.”

Nigorabonu jamoatchilikning jim qolayotganligini eslatarkan, “bu jimlik noxush holatga olib keladimi deyman… Agar haqiqatga yuz tutgan odamni holi shunday bo’lsa, bu bilan yozuvchilarni safi borgan sari kamayib ketadimi degan fikr yuragimni tubida bir isyon qiladi. Qachongacha haqiqatni ayta olmaymiz, qachongacha haqiqatga yuz tuta olmaymiz?!

U o’zbekmi, u tojikmi, qirg’izmi, kim bo’lishidan qat’iy nazar, haqni aytgan inson xalqning e’zozida bo’ladi. Yana bir fikr borki, haq gapni aytishga millatning farqi yoq, haqiqatning vatani bo’lmaydi. U xalq uchun eng buyuk tuyg’u hisoblanadi.”


Jurnalistni uzoq yillarda beri biluvchi hamkasb juvonlardan biri ismini aytmaslik sharti bilan “o’zbeklar birlashishi, o’zlarini himoya qilishlari kerak, jurnalist tug’ilib o’sgan Ispisor qishloq jamoasi uni qo’llab-quvvatlashi kerak",- deydi.

Usmonovning umr yo’ldoshi Malohat opa jim qolayotgan mahalliy jurnalistlar ahvolini tushunishini aytarkan, ularni yolg’iz qoldirmayotgan G’arb tashkilotlaridan minnatdorligini bildirib, “Hali bizni ba’zi qo’shnilarimiz, qarindoshlarimiz “ hay, nima bo’ldi, O’rinboy aka qamaldimi ” deb og’zini ochgancha, G’arbdagilar portretlarini ko’tarib miting qilishdi” deydi.

“Man shundanam ba’zi vaqtda xursand bo’lib ketamanki, o’zingning yaqiningdagi hol so’ramasdan turib, boshqa joylarda mani xo’jayinimni shu darajada obro’sini ko’tarib yurishibdi.”

Mahalliy hamkasblarining jim qolayotganini ham tushinsa bo’ladi, deydi Malohat opa.

“Men ular og’zida mum tishlab o’tiribdi demayman. Ularni ham dilida bor, ammo aytolmaydi. Aytishga qo’rqadi bular. Endi ularni ham tushunsa bo’ladi. ”

Ziyoli Dilbarxonning fikricha, ijodkorning hibsga olinishi yomon oqibatlarga olib borishi mumkin.

“Birinchidan, xalq ishonmaslikka o’tadi. Biz misol, jurnalistlarga ishonamiz. Ishonganimizdan keyin…nima desamikan…hayotni shunday qilib qo’yishmoqdaki,… du dila…ikki ko’ngilli qilib qo’yishmoqda. Bu ishonchsizlik orqasidan yomon oqibat kelib chiqadi, yomon oqibat. Ishonmaslik – eng yomon oqibat. Oqibati chatoq bo’ladi.”

Hozir Usmonovdan “Hizb-ut-tahrir”ga a’zolik aybi olib tashlangan, lekin rasmiylar buni ochiq aytmaydi.

Jurnalistning advokati deydiki, unga qo’yilayotgan ayblovlar hali ham jiddiy.

Oilasi O'rinboy Usmonovning sog'ligidan tashvishda.