AQShning Global media agentligi qoshida 2004-yildan beri arab tilida Yaqin Sharqqa axborot tarqatuvchi “Al-Hurra” sun’iy yo’ldosh telekanali yaqinda Xitoyda yashovchi uyg’urlar taqdiriga bag’ishlangan maxsus hujjatli film tayyorladi. “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati ushbu filmni o’zbek tiliga o’girdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” ushbu masalaga ko’p e’tibor qaratadi, Vashingtondagi uyg’ur faollari bilan ko’p suhbatlar uyushtirilgan.
“Al-Hurra” kanali tayyorlagan film “Uyg’urlar – 70 yillik zug’um” deb nomlanadi. Unda butun boshli bir xalqqa qarshi etnik tozalash, o’zligidan ayirish siyosati qoralanadi.
Uyg’urlar muammosining eng ayanchli tomoni shundaki, bu elat va unga qardosh xalqlar dunyoning ko’plab mamlakatlari bilan puxta iqtisodiy aloqalarga ega Xitoyda yashashadi. Xitoy kuchli ekan, uning iqtisodiy va siyosiy qudrati oldida ko’p mamlakatlar ojiz, tili qisiq ekan, mamlakat g’arbidagi musulmonlar va, jumladan, uyg’urlar hali beri o’zlari orzu qilgan hurriyatga erisha olmaydi.
Xitoyning yirik shaharlari jozibasidan yiroqda, sanoat va iqtisodiy uyg’onish pardasi ortida joylashgan hududda uyg’ur xalqi va unga qardosh elatlar fojiasi keng tus olmoqda.
“Dunyo tarixida Sharqiy Turkiston muammosiga misol topib bo’lmaydi”, - deydi “Uyg’ur vaqfi” bosh muvofiqlashtiruvchisi Abdul Ahad Uchqun.
Uyg’urlar Xitoy hukumati Shinjon deb atagan yerlarni Sharqiy Turkiston deb ataydi. Mamlakatdagi 33 ta viloyatning eng kattasi, uyg’ur aholisi 11 millionni tashkil etadi.
“Sharqiy Turkistonda uyg’urlar, qozoqlar, qirg’izlar, o’zbeklar va boshqa turkiy xalqlar yashaydi. Uyg’urlar Sharqiy Turkistondagi eng katta qavm”, - deydi Sharqiy Turkiston axborot agentligi raisi Abdul Voris Abdul Xoliq.
“Bugun Xitoyda hatto fikr bildira olmaysiz. Siyosatga qarshi gapirsangiz, terrorchi degan tamg’a qo’yishadi. Ekstremist, uni tarbiyalash kerak, deb aytishadi”, - deydi Sharqiy Turkiston olimlari uyushmasi a’zosi Mahmud Muhammad.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, bir milliondan ziyod uyg’urlar va boshqa millat musulmonlari Xitoydagi tarbiya lagerlarida saqlanmoqda. Xitoy bu muassasalarni reabilitatsiya markazlari deb atasa, uyg’urlar natsistlarning konsentratsion lagerlariga o’xshatadi.
“Meni bir xonaga olib kirib, harakatni cheklovchi apparatga soldilar. Qo’llarimga temir zanjir taqishdi, ko’kragimni ochiq qoldirishdi. Apparatni ichida olti soat ushlab turishdi. Butun badanim shunday og’ridiki”, - deydi ana shunday lagerlarning birida bo’lgan Hayrat Samarqand.
“Odam bu yerlarda adolatsizlik va zug’umdan boshqasini ko’rmaydi. Har kuni o’zingizni yomonlashingiz, qoloq ekaningizni, yovuz dinga sig’inayotganingizni tan olishingiz kerak. Ular buni shaxsiy tanqid deb atashadi. Harakat qilish mumkin emas”, - deydi Mahmud Muhammad.
Biroq bu jazoning eng yengil turi. Qamoqxonaning xitoy xizmatchilari uyg’ur mahbuslarni o’z diniga qarshi ishlarni qilishga majburlashadi.
“Spirtli ichimlik ichirishadi, cho’chqa go’shtini yedirishadi. Tashqaridagi odam bunga ishonmasligi mumkin. Lekin spirtli ichimlik ichgan odamni Kommunistik partiya va Xitoy davlatini sevadigan sog’lom odam deb hisoblashadi. Bundan bosh tortganlarni esa ekstremist, Xitoydan ajralmoqchi bo’lgan odam deb bilishadi”, - deydi Muhammad.
“Menga islom dinidan voz kechishni buyurishdi. Bo’ysunishga majbur bo’ldim – bir qog’oz imzolab, xudoga ishonmasligimni aytdim. Agar bunday qilmaganimda holim voy bo’lardi. Lagerdagi barcha musulmonlarni shunga o’xshash qog’ozlarni imzolashga majburlashgan. Hamma o’z e’tiqodiga sig’inishdan qo’rqadi”, - deydi Julsiya Mug’donqizi ismli sobiq mahbus.
“Shinjonda bo’layotgan voqealarni oddiy so’z bilan ta’riflab bo’lmaydi. Lagerlarni hukumat va Kommunistik partiya boshqaradi. U yerdagilar rasman hibsga olinmagan, ularga biror ayblov qo’yilmagan. Rasmiylarning ochiqchasiga aytishicha, tergov, sud bo’lmagandan keyin advokatga ham hojat yo’q”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sofi Richardson.
Sun’iy yo’ldosh yordamida 2014-yildan beri suratga tushirilayotgan tasvirlarga qaraganda tarbiya lagerlari borgan-sari kengaymoqda, demak u yerdagi uyg’ur mahbuslarining soni ham oshmoqda. Ularning birdan bir aybi – musulmon bo’lgani.
“BMT hisobiga ko’ra, bu qamoq lagerlarida bir milliondan ziyod odam saqlanmoqda. Ammo bizning hisobimizcha, yaqin orada ularning soni 5 millionga yetishi ham mumkin. 2017-yilda 8334 tadan ortiq shunday muassasa qurilgan. Atigi bir yilda!” – deydi Sharqiy Turkiston olimlari uyushmasi a’zosi Mahmud Muhammad.
“Uzundan uzun siyosiy darslarga qatnashga majbur edik. Har oy mahbuslar soni oshayotganini ko’rardik. Xitoy bayrog’ini olqishlash va milliy madhiyasini kuylash uchun saf tortganimizda yangi mahbuslarni ko’rardik”, - deydi Hayrat Samarqand.
“Ozodlikka chiqqan ayrim mahbuslardan yuzlab va hatto minglab odamlar bunday qamoq lagerlarida qolishdan ko’ra qatl etilishni, o’limni afzal ko’rgani haqida ham eshitganman”, - deydi Mahmud Muhammad.
Uyg’urlar vaqti-vaqti bilan dunyoning turli chekkalarida namoyishlar uyushtirib, Xitoy siyosatini qoralab turadi.
Namoyishchilar Xitoy hukumatidan lagerlardagi qarindoshlari va do’stlarining taqdiri haqida ma’lumot berishni ham talab qiladi.
“Yuz minglab, balki millionlab uyg’urlar reabilitatsiya markazlarida saqlanarkan, ularning siyosiy qarashlarini o’zgartirishga majburlashmoqda, diniy e’tiqodini yemirishmoqda”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Qo’shma Shtatlar hukumati Xitoyda uyg’urlarning ta’qib etilishini xavotir bilan tilga oladi, aksariyat boshqa mamlakatlar esa muammoni ko’rmaganga oladi, deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Jon Fisher.
“Inson huquqlarining bu qadar keng ko’lamda poymol etilishi odatda BMTning Inson huquqlari kengashi yoki boshqa mamlakatlar aralashuviga sabab bo’ladi, vaziyatni tergov qilishga da’vatlar bo’ladi, biroq aybdor Xitoy bo’lgani uchun ko’p mamlakatlar sukut saqlamoqda”, - deydi Fisher.
Musulmon davlatlar va ularning matbuoti ham Xitoyning musulmon uyg’urlarga nisbatan zulmi haqida lom-mim demaydi.
AQShda chiqadigan “Tashqi siyosat” jurnali bu mavzuni yoritgan.
“Islom dunyosi yetakchilari Xitoyning musulmonlarni lagerlarga majburlab joylashtirayotgani haqida og’iz ochmaydi. Ko’plab musulmon davlatlar Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirgan va hatto Xitoy zulmiga sherik bo’lgan. Hamma gap pulda. Xitoy har bir musulmon davlatning muhim savdo hamkoriga aylangan”, deyiladi maqolada.
“Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bor. Hammasi inson huquqlarini himoya qilyapmiz, deyishadi, ammo Sharqiy Turkistondagi vaziyatga kelganda hammasi jim”, - deydi “Uyg’ur vaqfi”dan Abdul Ahad Uchqun.
Islomiy dunyo va xalqaro hamjamiyat uyg’urlar fojiasini sukut bilan kuzatmoqda. Bu fojia 70 yillik tarixga ega.
“1949-yilda Kommunistik Xitoy Sharqiy Turkistonga kirib, uni egallab olgan. O’shandan beri uyg’ur xalqi zulm, adolatsizlik, azob-uqubatda yashaydi. Xitoyning mustamlakachi siyosati haligacha davom etadi”, - deydi Abdul Voris Abdul Xoliq.
“Xitoy yerimizni Shinjon, ya’ni “Yangi chegara” deb atashidan bu yer asl Xitoyniki emasligini bilsa bo’ladi”, - deydi Abdul Ahad Uchqun.
Hududning gaz, neft, minerallarga boyligi Xitoy uchun strategik ahamiyatga ega.
“Sharqiy Turkiston mineral resurslarga boy. Maydon ham katta – deyarli ikki million kvadrat kilometr – ulkan bir kon”, - deydi uyg’ur vaqfi vakili.
Shinjon-uyg’ur muxtor viloyatini Kommunistik partiya tayinlagan kotib boshqaradi. Mintaqada tub aholining ko’pchilik maqomini o’zgartirish maqsadida hukumat Xitoyning boshqa viloyatlaridan xitoy millatiga mansub aholini Sharqiy Turkistonga ko’chira boshladi, uyg’urlarni esa viloyat tashqarisiga.
“So’nggi 10 yilda Xitoy hukumatining agressiv tashviqoti tufayli uyg’urlarga terrorchi, bo’lginchi va diniy ekstremist degan tamg’a qo’yishdi”, - deydi jahon uyg’urlari yetakchilaridan biri Robiya Qodir.
Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash Xitoy hukumatiga uyg’urlarga nisbatan zug’umni kuchaytirishga yaxshi bahona bo’ldi.
“Ro’za tutish, hijob kiyish taqiqlandi, umuman, islomiy qiyofada ko’rinish man etildi”, - deydi “Sharqiy Turkiston ta’lim uyushmasi” kotibi Abdul Ahad Abdul Rahmon.
“Nafaqat dinimizga, balki an’analarimiz, milliy kiyimlarimiz, qiyofamiz, e’tiqodimizga changal solishdi. Deyarli barcha diniy marosimlar man qilindi”, - deydi Mahmud Muhammad.
“Xitoy lagerlarida san’atkorlarimiz, shifokorlarimiz, ziyolilarimiz hech bir sababsiz saqlanmoqda”, - deydi Abdul Ahad Abdul Rahmon.
“Shinjonda xavfsizlik choralaridan maqsad barqarorlik, taraqqiyot, birdamlik, farovonlikni ta’minlab, irqchi va bo’lginchi kayfiyatlarga, terrorchi faoliyatga barham berish, vatanimiz xavfsizligini ta’minlash, xalqimiz hayoti va farovonligini himoya qilish”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi.
BMT bosimi ostida hamda qator xalqaro tashkilotlarning takroriy so’rovlari natijasida Xitoy shu yil yanvarida xorijiy matbuotni uyg’ur faollari qamoq lageri deb atovchi muassasalardan biriga qo’ydi. Qashg’ardagi Ta’lim va kasb-hunar markazida uyg’urlar bilan suhbatlashgan jurnalistlar manzaraning sahnalashtirilganiga guvoh bo’ldi.
“Uyali telefonga hojat yo’q. Agar oilamizga qo’ng’iroq qilishni istasak, rahbarimiz buni tashkillashtirib beradi. Telefonimizni bu yerga olib kirsak, o’quv jarayonidan chalg’iymiz”, - degan edi markaz o’quvchilaridan biri.
Rasmiylar xorijiy jurnalistlar tashrifiga oldindan puxta tayyorlangani ko’zga tashlandi.
Bir juvondan “aybingiz nima” deb so’rashganida, u noqonuniy e’lonni bir necha marta tinglaganini, ekstremist g’oyalari borligini, qonunga xilof ish qilganini aytdi.
70 yil o’tib ham hududda vaziyat o’zgarmaganday. Xitoy hukumatining uyg’urlarga zug’umi davom etarkan, na xalqaro aralashuv va na sanksiyalardan darak bor.
“Xitoyning rejasi shuki, 2050-yilga borib, “uyg’ur” va “Turkiston” degan so’zlar lug’atimizda yo’qolishi kerak”, - deydi Abdul Ahad Uchqun.