Vashingtonda uyg'urlarning Xitoydagi ahvoli haqida yana bir bor gapirildi. Bu gal siyosatshunoslar va uyg'ur faollari Yaqin Sharq institutida mintaqadagi vaziyatga baho berdi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy g'arbida nafaqat uyg'urlar, balki musulmon bo'lgan boshqa elat vakillarining ommaviy ravishda qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotganidan tashvish bildirdi.
"Bu haqda baland ovoz bilan gapirib kelyapmiz va Xitoy rasmiylari bilan o'zaro suhbatlarda ham tashvishlarimizni bildiryapmiz. Gap yuz minglab odam haqida ketmoqda. Bu inson huquqlarining tarixiy ko'lamda buzilishi. Xitoy hukumatini bu jirkanch amaliyotdan voz kechishga ko'ndirishga harakat qilyapmiz", - dedi Pompeo.
Yaqin Sharq institutida so'zlagan Uyg'ur-Amerika uyushmasi prezidenti Ilshat Hassanning aytishicha, uning 80 yashar onasi, uch singlisi va ko'plab boshqa qarindoshlari Xitoy xavfsizlik kuchlari tomonidan olib ketilgan, ulardan dom-darak yo'q, Xitoy mutasaddilari ma'lumot ulashishdan bosh tortmoqda.
Ayrim hisoblarga ko'ra 1,5 million, boshqa manbalarga ko'ra esa 2 milliongacha bo'lgan musulmon aholi irodasiga qarshi qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanmoqda; ularga majburiy ravishda Xitoy qonunlari va tilidan saboq berilmoqda.
Ilshat Hassan "Amerika Ovozi" bilan Sharqiy Turkistondagi vaziyat xususida fikr bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5