Uyg'urlar Xitoyda hanuz aziyat chekmoqda

  • Amerika Ovozi

5-iyul kuni Urumchida Xitoy hukumati qo’shinlarining uyg’ur namoyishchilarini bostirganiga bir yil to’ladi. Bugun Vashingtonda o’sha voqealarga bag’ishlangan anjuman bo’lib o’tmoqda. Jahon Uyg’urlar kongressi prezidenti Robiya Qodir va bir necha amerikalik mutaxassis mintaqa so’nggi bir yil ichida qanday o’zgarishlarga yuz tutgani haqida so’zlaydi. AQSh matbuotidagi maqolalarga ko’ra, o’tgan yilgi voqealardan so’ng uyg’urlar hududni tashlab chiqmoqda, ammo chetda qo’nim topish doim ham oson emas.

O’tgan yil iyulida Urumchida uyg’urlar va xitoylar to’qnashgach, politsiya tergov qo’zg’ab, yuzlab uyg’urlarni hibsga olgan edi. Jami salkam 200 kishiga sud jazo belgilagan, ulardan 25 nafariga o’lim jazosi tayinlangan. Shulardan 23 tasi uyg’urlar edi

“Vashington Post” gazetasida yozilishicha, o’shandan beri aholi qo’rquvda. Bo’lgan voqealar haqida g’arb jurnalistlariga og’iz ochishga botinmaydi. Urumchidagi har bir uyg’ur xonadonidan kimdir qamoqda, kimdir esa bir yil oldingi to’qnashuvlar paytida o’lgan. Hukumat 197 kishi nobud bo’lgan desa, mahalliy faollar ma’lumotiga ko’ra, birgina uyg’urlardan 500 dan ziyodi qurbon bo’lgan. Ularni hukumat kuchlari ham o’qqa tutgani aytiladi.

Tartibsizliklarga yetaklagan sabablardan biri uyg’urlar yashovchi Shinjon iqtisodiy jihatdan qoloq mintaqa hisoblanadi, ijtimoiy muammolar talaygina. May oyida Xitoy hukumati hududni rivojlantirish uchun 1,5 milliard dollar ajratilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Biroq o’zini Mahmud deb tanishtirgan sobiq o’qituvchining “Vashington Post” gazetasiga aytishicha, bir yil ichida katta yo’l qurildi xolos.

Xitoylar va uyg’urlar o’rtasida oldin ham kam bo’lgan ishonch rishtalari yanada zaiflashgan, bir-biridan shubhalanishadi. Jahon Uyg’urlar kongressi rahbari Robiya Qodir va boshqa faollarning aytishicha, Xitoy hukumati Shinjonda uyg’urlarni tarixi, madaniyati va tilidan ayirmoqchi, ularni dunyoga terrorchi qilib ko’rsatmoqchi.

O’tgan hafta “Vashington Post”da xabar qilinishicha, Shinjonda islomiy bo’lginchi guruh tarmog’i fosh etilib, 10 kishi hibsga olingan. Huquq tashkilotlari nazarida esa bu Urumchidagi voqealarning bir yilligi oldidan etnik ozchiliklarga qarshi siyosatni oqlashga qaratilgan yana bir harakatdir.

“Vashington Tayms” ham ushbu mavzuga to’xtalar ekan, politsiya o’tgan yilgi tartibsizliklardan so’ng ularning tashkilotchilari va ishtirokchilari gumoni bilan odamlarni hibsga olishda davom etmoqda, deb yozadi.

Adolatsizlik doriga ilinishni xohlamagan ayrimlar mamlakatni tark etgan. Uyg’urlar tashkilotiga ko’ra, 300 ga yaqin odam Xitoydan chiqib ketgan. Kimdir Markaziy Osiyodan boshpana topgan bo’lsa, boshqalar soxta hujjatlar uchun jinoiy guruhlarga katta pul to’lab, Yevropaga chiqqan. Aksariyati Gollandiyaga ketgani aytiladi. Ammo ba’zilarini Xitoyga qaytarib yuborishgan. Masalan, Kambodja hukumati 20 nafar uyg’urga siyosiy boshpana berishni istamadi.

Gollandiya Uyg’urlar uyushmasi rahbari Zayniddin Tursunning “Vashington Tayms”ga bildirishicha, bu mamlakatga 150 nafar millatdoshi qochgan. Ularning siyosiy boshpana olish haqidagi arizalari ko’rib chiqilmoqda. Ba’zilarining imkoniyatlari yuqoriroq, boshqalar esa qabul qilinmasligi mumkin, deydi Zayniddin Tursun.

Xitoy fuqarolarining xorijda siyosiy boshpana so’rashiga e’tiroz bildirib, ularning qaytarilishini talab qiladi, biroq xalqaro huquq tashkilotlariga ko’ra, qaytarilgan uyg’urlar odatda qamoqqa tashlanadi, ba’zi hollarda esa qiynoqlarga solinib, qatl etiladi.