Amerikada 617 mingdan ziyod ko’priklarning taxminan 40 foizi kamida 50 yil oldin qurilgan bo’lib, shulardan 46 mingdan ortig’i xarob ahvolda. Ularning kamchiligi, strukturaviy nuqsonlarini ko’prik inspektorlari aniqlab, hisobot tayyorlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ko’prikning asoslari, poydevorini tekshirish uchun ba’zan suvda 120 metrlik chuqurlikka sho’ng’ish kerak bo’ladi. Ko’prik inspektori va muhandis Zohid Salohiddinov ana shunday ko’nikmalarni ham o’zlashtirgan.
“O’zbekistondanman. Amerikaga 2015-yilda Nebraska universitetida fuqarolik muhandisligi yo’nalishi bo’yicha tahsil olish uchun kelganman”, - deydi u.
O’qishni tamomlagan xorijiy talabalar uchun Amerikada ish topish oson emas, ishchi vizasini olishga juda ko’p vaqt ketadi, murakkab jarayon. Biroq Zohid tanlagan soha mutaxassislariga talab katta bo’lgani uchun u ish topishda qiynalmadi.
“Ikki yil oldin fuqarolik muhandisligi yo’nalishi bo’yicha bakalavrlik darajasini qo’lga kiritib, Kolorado shtatining Denver shahridagi bir startup kompaniyadan ishga taklif qilishdi. Kompaniya ko’prik konstruksiyasi loyihasini tayyorlash, inspeksiya bilan shug’ullanadi”, - deydi Salohiddinov.
Muhandislik ishning bir qismi, xolos. Inspektordan tepaga chiqish, suvga sho’ng’ish ham talab qilinadi.
“Ba’zi ko’priklarni tekshirish uchun maxsus ko’nikmalarga ega bo’lish kerak. Masalan, arqon bilan tepaga chiqish yoki suvosti inspeksiyasi. Yaqinda Koloradodagi “Blue Mesa” suv omborida ishladik. 120 metr chuqurlikka sho’ng’ish kerak bo’ldi. Uncha-muncha kompaniya bunday xizmat taklif etmaydi. Muhandislar ko’p, lekin hammasi ham sho’ng’ish, arqon bilan chiqib-tushish qobiliyatiga ega emas”, - deydi muhandis.
Salohiddinov ishining xavfli ekanini aytadi.
“G’avvos yuzlashishi mumkin bo’lgan muammolardan biri dekompressiya kasalligi bo’lib, azot kabi erigan gazlar eritmadan pufak shaklida chiqib, g’avvosga zarar yetkazishi mumkin”, - deydi yosh muhandis.
Salohiddinov ish jarayonida kvadrokopterlardan ham foydalanib turadi. Bu mashg’ulot unga shu qadar manzur bo’ldiki, ishdan tashqarida ham dron uchirib, tasvirga tushirib turadi.
“Inspeksiya paytida, ayniqsa ko’prik o’ta baland bo’lgan joylarda dronlardan foydalanamiz. Bu menda dron bilan videoga olishga qiziqish uyg’otdi”, - deydi Zohid.
O’zbekistonlik mutaxassis o’zlashtirgan ko’nikmalar unga nafaqat ish topishda, balki sevimli mashg’ulotga ega bo’lishda, hayotga yangicha qarashda yordam berdi.