Hindistonda paydo bo’lgan bu o’yin hozir dunyoning 190 ga yaqin mamlakatlariga tarqalgan. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE ) shaxmat bo’yicha eng kuchli davlatlar ro’yxatini tuzgan. 178 davlatdan iborat ro’yxat avvalida Rossiya turibdi. Ikkinchi o’rinda Xitoy, uchinchi o’rinda AQSh. O’zbekiston esa 33-o’rinda. Shaxmat vatani Hindiston hozir 6-o’rinda.
Your browser doesn’t support HTML5
Yoz bo’yi Amerika bo’ylab musobaqalarda qatnashayotgan o’zbekistonlik yosh shaxmatchilar Qo’shma shtatlar poytaxti Vashington yaqinidagi 50-ochiq turnirda.
Ular turnir tashkilotchisi AQSh Shaxmat federatsiyasi taklifiga binoan O’zbekistondan kelgan. Bu Amerikaga ularning ilk safari emas. 2016-yilda ham Nyu-York, Konnektikut va Pensilvaniya shtatlarida o’tgan besh chempionat va klub o’yinlarida qatnashgan. Shu kungacha Litva, Tailand, Rossiyadagi xalqaro turnirlarda va bir nechta Osiyo chempionatlarida yuqori natijalar ko’rsatib keladi.
Akobirxon Saydaliyev 10 yoshda. O’zbekiston chempioni bo’lganda sakkiz yoshda edi. Xalqaro shaxmat federatsiyasiga ko’ra, u 10 yoshgacha bo’lgan dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ro’yxatida.
Sharofatbegim Saydalieva 8 yoshda. Shaxmatni besh yoshida boshlagan. Ushbu turnirda Sharofat bilan besh soatdan ortiq kuch sinashgan amerikalik raqiblari uning jarayonda sir boy bermasligi, jiddiyligi, bardoshini mahorat deb sanaydi.
“Ismim Ted Kovi. 35 yildan beri o’ynayman. Sharofat bilan ikkinchi raundda kuch sinashdik. Odamni yoshiga qarab, yaxshi o’ynamaydi deb bo’lmaydi. Sharofat sakkiz yoshida menday o’ynayapti. Har yurishimni diqqat bilan kuzatadi. Lekin na xavotir, na xotirjamligini ko’rsatadi, o’ta jiddiy. Kuchli o’yin bo’ldi. Men Sharofatni yutolmadim, durang bilan tugadi”, - deydi Ted Kovi.
Akobir Saydaliev va Sharofatbegim Saydaliyeva 2015-yildan buyon O’zbekistonda shaxmatga istisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o’smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari.
Shaxmat nafaqat zehnni, shuningdek, bardoshni ham charxlashini anglab qaytayotgan bolalar O’zbekistonga borganda ishni Qo’shma Shtatlardagi taassurotlari, shaxmat bo’yicha olgan xalqaro tajribasini, avvalo, tengdoshlari bilan bo’lishish, ularda ham sportning bu turiga ishtiyoq uyg’otishdan boshlamoqchi.