Amerikadagi o'zbekistonliklar prezident saylovida erta ovoz berish imkoniga ega bo'ladi

O'zbekistonning AQShdagi konsuli Faxriddin Mo'minov

O’zbekistonda 24-oktabr kuni bo’ladigan prezident sayloviga tayyorgalik avjida. Amerikada istiqomat qilayotgan O’zbekiston fuqarolarining saylov kuni Vashington yoki Nyu-York shsharlarida ovoz berishi mumkin bo’ladi. Shu bilan birga, elchixona bu ikki shahardan uzoqda yashovchilarga uchun muddatidan erta ovoz berish imkonini ham bermoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi o'zbekistonliklar prezident saylovida erta ovoz berish imkoniga ega bo'ladi

O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi konsuli Faxriddin Mo’minov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu galgi saylovda ishtirok etish tartibi haqida ma’lumot berdi.

Amerika Ovozi: O’zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan mazkur saylovga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilayotgani haqida ma’lumot bersangiz.

Faxriddin Mo’minov (O’zbekiston konsuli): Xabaringiz bor, joriy yilning mart oyidan buyon AQShdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan Qo’shma Shtatlarda oktabr oyidagi yirik siyosiy tadbirni yuqori darajada tashkil etish va uni o’tkazish bo’yicha faol tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, Vashington va Nyu-Yorkdagi vakolatxonalarimiz xodimlari tomonidan fuqarolarimiz jips holda yashayotgan AQShning qator shaharlariga xizmat safarlari uyushtirilib, ular uchun sayyor konsullik qabullari o’tkazib kelinmoqda.

Ushbu tashriflarimiz chog’ida mazkur shaharlardagi faol vatandoshlarimiz bilan hamkorlikda bo’lajak saylovni yuqori saviyada o’tkazish rejasini tuzganmiz. Bugungi kunga kelib, Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, O’zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari, xususan AQShdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi. Elchixona huzurida 4- va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonamiz qoshida 5-saylov uchastkalari tashkil etildi.

Amerika Ovozi: Ma’lumki, ko’p sonli fuqarolar AQShning deyarli barcha shtatlarida istiqomat qilishadi. Ularning hammasida ham 24-oktabr kuni Vashington yoki Nyu-York shaharlarida o’tkaziladigan saylovda ishtirok yetish imkoniyati mavjud yemas. Bunday saylovchilar uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?

Faxriddin Mo’minov: O’zbekiston Prezidenti saylovini 24-oktyabr kuni Vashington va Nyu-York shaharlaridagi vakolatxonalarimizda o’tkazish dasturlari ishlab chiqilmoqda. Ba’zi bir sabablarga ko’ra ushbu sanada saylovda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’lmagan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida vatandoshlarimiz jips yashaydigan AQShning quyidagi 8 ta shaharlarida muddatidan oldin saylov o’tkazish rejalashtirildi. Xususan, 15-oktabr kuni San-Fransisko shahrida (Kaliforniya shtati), 16-oktabr kuni Bruklin rayonida (Nyu-York) va Orlando shahrida (Florida), 17-oktabr kuni Chikago shahrida (Illinoys), Payksvil (Merilend), Sterling (Virjiniya) va Filadelfiyada (Pensilvaniya), 18-oktabr kuni Pitsburg (Pensilvaniya) shaharlarida ko’chma saylov uchastkalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, 14-oktabrdan 20-oktabrga qadar Vashingtondagi elchixonamiz va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonamiz binolarida ham muddatidan oldin saylov o’tkaziladi. Shu kunlar oralig’ida fuqarolarimiz ertalab soat 8 dan kech 8 gacha vakolatxonalarimizga tashrif buyurib, o’zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi.​

Amerika Ovozi: Qaysi toifadagi fuqarolar ovoz berish huquqiga ega va ovoz berish uchun qanday hujjatlar taqdim qilish lozim?

Faxriddin Mo’minov: Saylov kuni 18 yoshga to’lgan O’zbekiston fuqarolari ovoz berish huquqiga ega bo’lib, ulardan uchastka saylov komissiyasiga o’z shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xususan pasport, identifikatsiya yoki ID kartasi, harbiy guvohnoma yoki O’zbekistonga qaytish guvohnomasini taqdim etish so’raladi.​

Amerika Ovozi: Bo’lajak saylov jarayoni haqida fuqaro xabardorligini ta’minlash ishlari qanday yo’lga qo’yilgan?

Faxriddin Mo’minov: Fuqarolar o’rtasida saylov jarayoniga oid ma’lumotlarni keng tarqatish, muddatidan oldin o’tkaziladigan saylov uchastkalarining joylari va sanalari haqida vatandoshlar xabardorligini oshirish maqsadida “Rost24 haqiqiy jurnalistika” sayti, Filadelfiyadagi “Sarbon” va Nyu-Yorkdagi “95.5 HD2” radiolari, “Bukharian Times”, "Makonim" gazetalari, taniqli blogerlar hamda AQShdagi o’ndan ziyod vatandosh uyushmalari bilan hamkorlikda saylovoldi tashviqot-targ’ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur siyosiy tadbirni yuqori saviyada o’tkazishni tashkillashtirish uchun noodatiy va kreativ materiallar tayyorlanib, ularni “Facebook”, “Twitter”, “Instagram” kabi ommaviy ijtimoiy tarmoqlar va vebsaytlar hamda ko’p sondagi fuqarolarni qamrab olgan “Telegram” va “WhatsApp” kanallari orqali tarqatish rejalashtirilgan.​

Amerika Ovozi: Saylovga fuqarolar qanday munosabat bildirishmoqda? Konsullik hisobida turmagan fuqarolar ham saylovda ovoz berish huquqiga egami?​

Faxriddin Mo’minov: Amerikaning uzoq hududlarida ham muddatidan oldin ovoz berish joylarining tashkil etilayotganligi, ular o’rtasida saylov haqida samarali tashviqot-targ’ibot ishlarining olib borilayotganligi va elektron shakldagi saylovchilar ro’yxatiga olishning qulay imkoniyatlari yaratilganligi natijasi o’laroq, saylovda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning soni kun sayin ortib bormoqda. Bugungi kunga qadar diplomatik vakolatxonalarimizga minglab fuqarolar murojaat qilib, saylovda ovoz berish istagini bildirishgan.

Konsullik hisobiga turish yoki turmasliklaridan qat’i nazar, fuqarolar saylovchilar ro’yxatiga kiritiladi va ularga o’zlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishlariga imkoniyat beriladi.

Fursatdan foydalanib, Amerika diyorida istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarimizni o’z konstitutsiyaviy huquqini ro’yobga chiqarish uchun yuqorida ta’kidlangan saylov uchastkalaridan birida ovoz berishga chaqiramiz. Saylovchilar ro’yxatiga kiritish uchun fuqarolardan saylov.mfa.uz vebsaytidan foydalanishni tavsiya qilamiz.