Chikagoda NATO sammiti paytida turli guruhlar norozilik namoyishlari uyushtirmoqda. Ular orasida o’zbekistonlik muhojirlar ham bor. Faollar sammitda 50 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirok etishidan foydalanib, jahon hamjamiyati diqqatini O’zbekistonda bolalarning majburiy mehnatiga jalb qilmoqchi.
Guvohlarga ko’ra, O’zbekistonda maktab o’quvchlari yana dalada, paxtani begona o’tlardan tozalamoqda, chopiq qilishmoqda.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpog’istonda minglab o’quvchilar hukumat ko’rsatmasi bilan paxta parvarishiga jalb qilingan. Xalqaro maydonda yangrayotgan tanqidlarga qaramay, O’zbekiston bolalar mehnatidan keng miqyosda foydalanadi.
Faollarning aytishicha, bu amaliyotga chek qo’yish talabi keskinroq davom etishi kerak.
Shu yil mart oyida O’zbekiston hukumati bolalarni majburiy mehnatga jalb qilishni taqiqlash to’g’risida qaror qabul qilgan edi. Bolalar yana paxta dalasida.
Hozircha paxtani begona o’tlardan tozalashmoqda, keyinchalik chopiqqa, so’ng esa barcha maktablarda o’qish to’xtatilib, ommaviy tarzda dalaga safarbarlik boshlanishi haqiqatga yaqin.
“Shu yil 26-martda Vazirlar Mahkamasi bolalar mehnatini o’ta yomon ko’rinishlarini bekor qilish konvensiyasini O’zbekiston hududida bajarilishi to’g’risida qaror qabul qilingan edi. Hozir O’zbekiston diplomatlari bu qaror va shu asosda qabul qilingan dasturni go’yo O’zbekistonda majburiy bolalar mehnati yo’q ekanligi sifatida taqdim etishmoqda. Qaror 26-martdan kuchga kirgan bo’lsa, may oyini boshlaridan butun viloyatlar bo’ylab maktab o’quvchilari hukumat buyrug’iga ko’ra paxta dalalariga olib chiqildi. Ular paxtani begona o’tlardan tozalashmoqda, yog’ingarchilikdan keyin qotib qolgan yerni yumshatishmoqda. Ular asosan 13-18 yoshda bo’lgan bolalar”, - deydi guruh rahbari Suhrob Ismoilov.
O’zbekistonda bu muammoga chek qo’yishga qaratilgan xalqaro kampaniya ayniqsa so’nggi yillarda bir qadar kuchaydi. Bu talabga qo’shilayotgan nodavlat tashkilotlar, biznes kompaniyalar soni ortib bormoqda. Kampaniyaga G’arb diplomatlari va hukumatlari ham jalb qilinmoqda.
Shu yilning aprel oyida Human Right Watch inson huquqlari tashkiloti bir guruh xalqaro tashkilotlar nomidan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonga murojaat bilan chiqdi. Unda O’zbekistonda bolalar ekspluatatsiyasini to’xtatish, Xalqaro Mehnat Tashkilotiga mamlakatdagi vaziyatni kuzatish uchun ruxsat berish talab qilinadi.
Hukumat tanqidlarga javoban bolalar mehnatini taqiqlovchi qaror qabul qilishi avvalgi yillarda ham kuzatilgan, biroq vaziyat o’sha-o’sha.
“Bu qarorda bolalar majburiy mehnati mavjudligi tan olinmagan. Faqat 18-punktida kichik bir qadam taklif qilinmoqda, har yili avgust-oktabr oylarida Mehnat va Xalq ta’limi vazirliklari joylarda paxta terimiga bolalar jalb qilingami-yo’qmi, monitoring o’tkazib, hukumatga tahliliy hisobot berar ekan. Biz tushunmayapmiz, shuncha yillardan buyon mavjud muammoni yana nega monitoring qilish kerak? Shu ma’lumot Vazirlar Mahkamasiga kiritilsa, nima o’zgaradi? Keyin bu yerda faqat avgustdan oktabrgacha deyilyapti, aslida esa bolalar bahorda tozalashga, yozda chopiqqa olib chiqiladi, terim esa dekabr oyigacha davom etadi. Xullas, hukumat bolalar nehnatini bekor qilmoqchi emas”, - deydi Suhrob Ismoilov.
Ekspert ishchi guruhi rahbariga ko’ra, bolalar mehnatiga chek qo’yishning yagona yo’li xalqaro miqyosdagi mavjud kampaniyani kuchytirish bo’lib qolmoqda.
“Hukumatdan yaqin kelajakda buni kutmasak ham bo’ladi, lekin aynan shuning uchun ham biz o’z hisobotimizda O’zbekistondagi fuqarolik jamiyatidan, xalqaro hamjamiyatdan bu boradagi tanqidlarni to’xtatmaslikni, aksincha, kuchaytirishni so’ramoqdamiz. Chunki shunday tanqidlar keskinlashgan taqdirdagina hukumat hech bo’lmaganda bolalarni terimga jalb qilishni to’xtatishga majbur bo’lishi mumkin”.
Maktab o’quvchilari paxta terimida asosiy ish kuchi. Hukumat o’zi uchun qulay va arzon bo’lgan bu ish kuchidan voz kechmoqchi emas.