O’zbekistonda bo’lajak kadrlarning korrupsiyalashgan jamiyatga kirib borishi oliy o’quv yurtlarida qabul imtihonlari topshirishdan boshlanadi.
Ekspertlar bu yilgi qabul mavsumida o’qishga kirish uchun beriladigan pora miqdori 25 ming dollargacha ko’tarilganini aytishadi. Ta’lim tizimida pora miqdori o’sib borgan sari malakasiz mutaxassislar soni ham ko’payib bormoqda.
Ta’lim tizimi korrupsiyaga chuqur botgani bugun O’zbekistonda hech kimni ajablantirmay qo’ygan. Yil boshida Oliy va Xalq ta’limi vazirlarining yangilangani ham poraxo’rlikni to’xtata olmadi.
Qabul mavsumi amaldorlar uchun daromad manbai bo’lsa, minglab yoshlar uchun korrupsiyalashgan jamiyatga birinchi qadamdir.
Talabalik guvohnomasi - 25 ming dollar
Ma’lumotlarga ko’ra bu yil O’zbekistondagi oliy o’quv yurtlari 400 mingga yaqin abituriyentdan hujjat qabul qilgan. Test natijalari yaqin kunlarda e’lon qilinadi. 50 mingdan oshiq talaba o’qishga qabul qilinadi.
Oliy Ta’lim vazirligiga ko’ra bu yil rekord natija qayd etilgan - hujjat topshiruvchilar soni har yilgi ko’psatkichlarni ancha ortda qoldirgan.
O’zbekistondagi “Ekspertlar ishchi guruhi” tarqatgan hisobotga ko’ra, bu yilgi qabul mavsumi ham poraxo’rlik darajasi o’zgarmaganini ko’rsatgan. O’qishga kirish uchun beriladigan pora miqdori yanada oshgan. Hisobotda Huquqshunoslik institutiga kirish uchun pora 25 ming dollarga ko’tarilgani qayd etiladi.
“Masalan O’zbekiston sharoitida huquqshunoslikka o’qish, keyin organlarda ishlash, qo’shimcha mablag’ topish, bu tizimni ham korrupsiyalashganini ko’rsatadi. Ya’ni abituriyent pora berib o’qishga kirgach, bu tizim davom etaveradi. Uning o’zi ham ishga joylashgandan keyin pora olish bilan shug’ullanadi”, - deydi Ekspertlar guruhi tahlilchisi Sanjar Saidov.
"Bunker"da o'tirib, nimani poylashadi?
Tizim korrupsiya va poraxo’rlikka botgani yangilik emas. Test imtihonlarini topshirishda qanday yashirincha usullardan foydalanilayotgani ko’pchilikka ayon bo’lsa-da, bu usullarni bartaraf etish uchun biror qat’iy chora ko’rishga harakat kuzatilmaydi.
“Bunker” degan balosi bor. U yerda hamma idoralardan xodimlar o’tiradi. Lekin natijasiz, bilganini qiladi. Bunchalikka borish kerak emas. Davlat ozgina nazorat qilishi kerak”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.
Yil boshida O’zbekiston prezidenti farmoni bilan Oliy va Xalq ta’lim vazirlari birdaniga ishdan bo’shatildi. Bu qaror ta’lim tizimidagi korrupsiya bilan bog’liq ko’rilsa-da, haqiqatda vaziyat o’zgarmagan.
“Vazirlarni o’zgarishi qaysidir ma’noda korrupsiya bilan bog’liq. Lekin boshqa tomondan ularni o’rniga tayinlangan odamlar shaxsini qaraydigan bo’lsak, bir mantiqsizlik kelib chiqishini ko’ramiz. Masalan, Xalq ta’limi vaziri G’ayrat Shoumarov o’rniga Oliy ta’lim vazirini birinchi o’rinbosari vazir qilib tayinlandi. Oliy ta’lim vaziri korrupsiya uchun qanchalik aybdor bo’lsa, uning birinchi o’rinbosari ham shunchalik aybdor-ku?”, - deydi “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.
Rektor ro'yxati
Test topshirib chiqqan abituriyentlarga ko’ra bu yilgi sinov imtihonlari paytida nazorat kuchaytirilgan. Abituriyentlar tekshirilgan, mobil telefonlari olib qo’yilgan. Respublika bo’ylab SMS xizmatlari to’xtatilgan.
Sanjar Saidov fikricha test imtihonlari paytida nazorat kuchaytirilishi korrupsiya uchun to’siq bo’la olmaydi.
“Biz tadqiqotimizni o’tkazish jarayonida shu narsani aniqladikki, ko’pgina o’quv yurtlarida rektor ro’yxati degan narsa bor. Ya’ni bu ro’yxatga kiritilgan abituriyentlar baribir o’qishga kiradi. Bu xoh bunker usulida, yoki “X” varianti, yoki ma’muriyat tomonidan, baribir amalga oshiriladi. Joylardagi vaziyatni baribir rektor boshqarib turadi”, - deydi Sanjar Saidov.
Bu yil kontrakt asosida o’qiydigan yoshlarga ham oson bo’lmaydi – shartnoma bahosi yiliga 3 million so’mdan oshishi kutilmoqda. Oliy o’quv yurtlariga o’z kuchi bilan hujjat topshirgan abituriyentlarda, kontrakt asosida o’qishga kirgan taqdirda ham, shartnoma pulini to’lay olishga ishonch kam.
“Sharqshunoslik institutida shartnoma bahosi 3,5 milliondan oshibdi. Vazirlar minglab talabalarni ota-onasi bu pullarni qayerdan topib berishini hech o’ylab ko’rishadimi? Hozir hatto kollejga kirish ham pul bilan bo’lib ketgan. Bu narsa Sovet davrida ham bo’lgan edi, lekin nari borsa 10 tasi pora bilan kirishi mumkin edi. Hozir esa… bu darjada beboshlik bo’lishi kerak emas”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov.
O'qiding nima, o'qimading nima
Ziyolilar ta’lim tizimida poraxo’rlik avj olishi bevosita kadrlar tayyorlash saviyasiga jiddiy putur yetkazayotganidan tashvishda. Bugun aksar yoshlar malakasizligi, mutaxassis sifatida ishga yaroqsizligi bilan ajralib turadi.
“Yaqinda bitiruvchi kursdagilardan biridan so’radim. Davlat imtihoniga tayyorgarlik ko’rayotgan ekan, yordam qilishimni iltimos qildi. Munavvar qori kim desam, bilmaydi, Usmon Yusupov kim desam, bilmaydi”, - deydi Fayzulla Is’hoqov.
Prezident Islom Karimov yaqinda yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga doir qaror imzoladi. Ya’ni ularni ish bilan ta’minlagan kichik korxonalarga qo’shimcha imtiyozlar beriladi.
Korxonalarda esa yosh mutaxassislarga nisbatan, ularning malakasiga nisbatan ishonchsizlik kuchli. Oliy mutaxassis diplomiga ega bo’lishiga qaramasdan, o’z kasbini egallay olmayotgan yoshlar ko’payayotgani yana ta’limdagi muammolarga borib taqaladi.
Ta’lim sohasidagi poraxo’rlik millat salohiyatini yemirayotgan illat sifatida baholanar ekan, vaziyatni o’nglash uchun nima qilish kerak degan savol ochiq qolmoqda.
“Bu azaldan davom etib kelayotgan jarayon, bu ustuvor yo’nalish emas. Avval ham bilimi bor odamlar o’z maktablarini yaratishgan. Faqat ba’zan kamayib, ba’zan juda kuchayib ketadi. Jamiyat o’zini tiklab, tartib-qoidalar ishlab ketsa, bu narsa o’z-o’zidan pasayadi. Bugungi kundagi korrupsiya haqida boshni qotirgan bilan foydasi yo’q”, - deydi sharqshunos olim Abdusattor Jumanazarov.
Ta’lim tizimidagi muammolar keskinlashar ekan, ko’plar muammo ildizini test sinovlari joriy etilganida ham ko’rishadi.
“Keyingi yillardagi islohotlar, xususan imtihonlarni test orqali markazlashtirish ham korrupsiya rivojlanishiga hissa qo’shdi. Ilgari biror bolani o’qishga kiritish bevosita rektor bilan bog’liq bo’lsa, hozir bu yerda test markazi bor. Test markazi ustida vazirlik, vazirlar tepasida esa mahkama, ya’ni hukumatni o’zi turibdi. Ya’ni korrupsiya markazlashgan, pog’onama-pog’ona o’sib bormoqda”, - deydi Abdurahmon Tashanov.
Ko’plab ziyolilar nazarida ishni ilk ta’lim dargohi - maktablardan boshlash lozim. O’zbekistonda umumta’lim matkablarini isloh qilish yakunlangan. To’qqiz yillik ta’lim belgilanib, yuzlab kollej va litseylar tashkil etilgan.
Bu yil litsey va kollejlarda 1 million 600 mingdan oshiq yoshlar o’qishni davom ettirishi kutilmoqda. Korrupsiyaga botganlik jihatdan kollej va litseylar oliy o’quv yurtlaridan keyingi o’rinda turadi. Ayrim litseylarda kirish bahosi universitetnikidan ham oshib tushadi.
Davlat agar korrupsiyaga qarshi kurashmoqchi bo'lsa. Agar.
Tarixchi Fayzulla Is’hoqovning aytishicha, ta’lim tizimida o’z ishining fidoyilari ko’p. Ularning kimligi o’quv yurti rahbariyatga ham, talabalarga ham yaxshi ma’lum. Lekin ular qabul jarayonidan chetlatilgan.
“Injiq bo’lsin, zahar bo’lsin, shunaqa domlalar bor. Boshidan zar sochsang ham sotilmaydi. Lekin ularni rektorlaning o’zi qabul jarayoniga yaqinlashtirishmaydi. Davlat agar rostdan bu narsaga qarshi kurashishni istasa, domlalarni chaqirib maslahat solsin. Vazirlarni o’zi bundan manfaatdor emas”, - deydi olim.
Mulohazalarga ko’ra ta’limdagi poraxo’rlik tobora kengaymoqda. Eng quyi bosqich - umumta’lim maktablarida ham ildiz otmoqda. Ziyolilar fikricha agar davlat qobiliyatga ko’ra rivojlanish dasturini shakllantirmoqchi bo’lsa, birinchi navbatda e’tiborni maktablarga qaratishi kerak.
“Jamiyat rostdan rivojlanishni istasa, maktab hamma aloqadan yuqori turishi kerak. Hozir o’qituvchilar 200-300 ming maosh oladigan bo’lsa, bu oylik kamida bir milliondan oshishi kerak. O’qituvchini mas’uliyati oshirilib, uning so’zi keskir pichoqdek o’tkir bo’lishi kerak”, - deydi Abdusattor Juamanazarov.
Statistik ma’lumotlar O’zbekiston aholisini savodxonlik bo’yicha yetakchi o’ringa qo’yadi. Biroq so’nggi yillarda mamlakatda ta’lim darajasi ham, sifati ham tushib ketayotgani hammaga ayon.