O’zbekiston o’shlik o’quvchilarga maktab qurib beradi

O'sh shahrida chodirda o'qiyotgan bolalar, 2010-yil, 9-oktabr.

Rasmiy xabarlarga ko’ra, Qirg’iziston va o’zbekistonlik mutaxassislar O’sh shahrida qurilajak maktab loyihasini muhokama qilgan. Shahar meriyasi O’zbekiston tomonidan barpo etiladigan 630 o’rinlik ta'lim dargohi uchun markaziy ko’chalardan biriga tegishli yer maydoni ajratilganini ma'lum qildi. Qurilish ishlari yaqin kunlarda boshlanishi aytilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko’ra, O’zbekistonda rahbariyat o’zgarishi ortidan qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarda sezilarli siljishlar ko’zga tashlanmoqda. Avvalroq Toshkent O’shdagi O’zbek akademik drama teatriga moddiy ko’mak ajratgan, jamoa Farg’ona vodiysi bo’ylab ijodiy safarda bo’lgan edi.

Toshkentdagi 12-trest qurilish kompaniyasi hamda “Uzshaharsozlik” loyiha tashkiloti vakillarining aytishicha, O’zbekiston tashabbusi bilan O’sh shahrida qad ko’taradigan maktab keng va shinam sinf xonalari, kutubxona, qishki va yozgi sport majmualari, katta yemakxona, shifokorlar uchun xonalar - qisqasi, barcha shart-sharoitga ega bo’ladi.

Mahalliy rasmiylar ushbu qurilishni ikki o’lka munosabatlarining yangi sahifasi ramzi sifatida baholamoqda.

O’sh shahar meriyasining vakili Qurmanboy Tashiboyev, ikki mamlakat o’rtasida abadiy do’stlik borasida bitim mavjudligini urg’ular ekan, shunday deydi:

“Hozirda iqtisodiyotimiz biroz oqsayapti, maktablar yetishmaydi. Qardosh O’zbekistonning yordam qo’lini cho’zishi, albatta, quvonarli hol”.

Mulozim yaqin orada an’anaviy savdo aloqalari ham rivoj topishidan, chegaradan o’tish maskanlarida muammolar kamayishidan umidvor.

Rasmiy Toshkentning ta’lim, maorif sohasida aloqalarni izga solish va taraqqiy ettirish harakatlari mahalliy o’zbek jamiyatiga umid bag’ishlamoqda.

O’shlik musavvir Mahmudjon Qozoqboyev o’tgan kuz Qirg’izistonga tashrif buyurgan O’zbekiston delegatsiyasi rahbarining so’zlarini esladi.

“Bosh vazir o’rinbosari O’zbekiston oliygohlari qirg’izistonlik yoshlarni qabul qilishga tayyorligini aytdi. Bu sohada hamkorlik zarur va foydali. Bu yaxshi ko’rinish”, - deydi u.

Oddiy qirg’izistonliklar ikki qardosh o’lka aloqalari tez sur’atlar bilan rivoj topishi, bordi-keldi avvalgiday oson va doimiy bo’lishini orzu qilishadi.