Turkiya oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish bilan bog'liq vaziyat qanday, bu borada muammolar nimalardan iborat? Turk o‘quvchilari o‘zbek adabiyotidan qanchalik boxabar?
Your browser doesn’t support HTML5
Professor Husayn Boydemir Turkiyaning Erzurum shahridagi Otaturk universitetida talabalarga o‘zbek tili va adabiyotidan saboq beradi, 23 yildan beri shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Sovet Ittifoqining parchalanishi va turkiyzabon mamlakatlarning mustaqillikka erishishi Turkiyada katta xursandchilik bilan qarshi olingan, ayni paytda o‘sha davlatlarning tili va madaniyatiga qiziqish kuchaygan edi, deydi u.
“O‘sha paytlarda Turkiya universitetlarida turkiy tillar va adabiyotlar haqidagi tushunchalar juda sayoz edi. Sovet davrida aloqalar batamom uzilgani bois bu borada hech kim chuqurlasha olmas edi-da. U yerdagi xalqlar bizning qardoshlarimiz bo‘lsa, ularni yanada ko‘proq bilishimiz kerak degan g‘oya ostida Turkiya universitetlarida zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar bo‘limlari ochila boshladi”, - deydi olim.
Professorning aytishicha, hozirda Turkiyaning o‘ttizga yaqin universitetlarida turkologiya fakultetlari ishlab turibdi, talabalarning o‘zbek tiliga qiziqishi katta.
“Masalan, bizning kafedramizda hozir qariyb 450 ta talaba bor. Ular turkiy tillar va turkiy adabiyotlardan saboq olishadi. Birinchi kursda turk tili va adabiyotidan, ikkinchi kursda ozarbayjon va turkman tillari va adabiyotlaridan, uchinchi kursda o‘zbek tili va adabiyotidan, so‘nggi kursda esa qozoq, qirg‘iz, boshqird, tatar tillari va adabiyotlaridan dars olishadi. Bu dasturdan ham ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tili va adabiyoti darslariga boshqa tillarga qaraganda ko‘proq e’tibor beriladi. Ora-sirada o‘tkazgan so‘rovnomalardan shuni bilib oldikki, turkiy
tillar orasida talabalarimiz eng ko‘p qiziqadigani va o‘rganishni istaydigani o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Turkistonning qalbi, madaniyat markazi ekanini bilganlari uchun u yerning tili va adabiyotiga ham shu me’yorda ahamiyat berishadi”, - deydi Boydemir.
Professor o‘zbek va turk tillarining ildizi bir ekanini aytar ekan, ularni bir olmaning ikki pallasiga o‘xshatadi. Uning fikricha, ikki tildagi umumiy so‘zlar miqdori 60 foiz atrofida. Ammo o‘zbek tilini o‘rgatish va o‘rganishda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor.
“Masalan, turklar inglizchani tushunish uchun ancha o‘rganishlari kerak. Tushuna boshlashganida esa gapirishlari oson bo‘ladi. Lekin turklarning o‘zbekchani tushunishi inglizchadek mashaqqat talab qilmaydi. Biroq o‘zbekcha gapirishi, eng qizig‘i, inglizchadan ham ko‘proq vaqt talab qiladi. O‘zbek tili darsida talabalar doim “sizga so‘rayman” deb xato jumla tuzishadi. Chunki turkcha mantiqqa ko‘ra, “size soruyorum” shaklidadir. O‘zbekchada “sizdan so‘rayman” bo‘ladi desam ham unutib qo‘yaverishadi. Tamomila farqli til bo‘lganida o‘rgangan qoliplarini hech qachon unutmagan bo‘lishardi. Ikki tilda ham mavjud bo‘la turib, farqli ma’no beradigan so‘zlar ham muammo tug‘diradi”.
Ushak universiteti o‘qituvchisi Dilshoda Muborakova esa o‘zbek tilini o‘qitishda o‘quv qo‘llanmalari taqchil ekanini aytadi.
“Albatta, Turkiyada ham bor, turk olimlari yozganlari ham bor. Lekin ular faqatgina grammatikasini: morfologiyasini, sintaksisini ochiq holatda bergan. Masalan, so‘zlashuv deymiz, dialogni bermagan. Ba’zi kitoblarda berilgan, lekin transkripsiya shaklida berilgan. Ya’ni bu nima degani? Qanday yozilgan bo‘lsa, shunday o‘qinglar degandek berilgan”.
??Dilshoda Muborakova o‘zbek tilini o‘rganuvchi chet elliklarning o‘zlashtirish darajasini baholaydigan xalqaro mezon ham lozim degan fikrda.
“Mana, yana bir misol: TOEFLga o‘xshagan o‘zbek tilini o‘rgatadigan markazlar va o‘zbek tilini o‘rganganlar uchun sinovlar, qaysi darajada o‘rgangani, qaysi saviyada uni tushuna olishi, yoza olishi, gapira olishi haqidagi sinovlar ham yo‘q. Bu narsalarni tashkil qilish kerak. Tabiiyki, bu zanjirga o‘xshagan narsa - kitobi bo‘ladi, o‘quvchisi bo‘ladi, o‘rgatiladi va oxirida natijasini ko‘rish uchun sinovdan o‘tishi kerak”.
Professor Husayn Boydemir Turkiyada o‘zbek adabiyoti bilan bog‘liq muhim ishlar amalga oshirilayotganini va bu boradagi ilmiy izlanishlar son jihatidan ancha salmoqli ekanini aytadi. O‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari: Atoiyu Alisher Navoiydan tortib Uvaysiy, Ogahiy va Muqimiy asarlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan, kitoblar va maqolalar nashr qilingan. Milliy uyg‘onish davri va undan keyingi davr ham turk izlanuvchilari va olimlari e’tiboridan chetda qolmagan.
“Turk tiliga ilk tarjima qilingan o‘zbek romani Sadriddin Ayniyning “Buxoro jallodlari” asaridir. Mustaqillikdan keyin roman tarjimalari faollashdi. O‘zbekistonda juda sevib o‘qiladigan “O‘tgan kunlar” romani Turkiyada ham ko‘p mutolaa qilinmoqda. Oybekning “Navoiy” romani, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo”, “Adolat manzili” kabi romanlari va “Muqaddas qissasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Humoyun va Akbar” romanlari, Shukrulloning “Kafansiz ko‘milganlar” va Nurali Qobulning “Unutilgan sohillar” romanlari turk kitobxonlariga taqdim etildi va sevib o‘qildi”.
Professor Boydemir boshqa bir qator shoir-yozuvchilarning ijodi bo‘yicha ham alohida izlanishlar qilinishiga zarurat bor deb hisoblaydi. Chunki bu izlanishlar asnosida ikki xalq bir-birini yaqindan taniydi va yanada yaqindan anglaydi, deydi u.