Arizonada o'zbek qovunlari yetishtirilmoqda

Arizonada yetishtirilgan o'zbek qovuni



Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonda erisha olmagan orzusini asrlar o'tib uning hamshaharlari Andijondan ancha uzoq Amerikada amalga oshirdilar. 2005-yil may oyidagi Andijon voqealaridan jon saqlab, AQShga kelgan fermer Rahmatullo Qobilov Arizona shtatida bu ishga qo'l urib uning uddasidan chiqdi.

"Andijondagi kasb hunarim ham dehqonchilik bo'lgan. 42 gektar maydonda paxta va bug'doy yetishtirar edik".

Rahmatullo Qobilovning aytishicha, Arizona shtati iqlimi O'zbekistonnikiga o'xshagani bois qovun ekishga qaror qilindi.

"O'tgan yili Amerikaga xos bo'lgan sabzavot va poliz ekinlarini ekib ko'rdik. Qovun ekishga oldindan ishtiyoqmand edim. Amerikaga kelgach, o'zbek qovuniga yetadiganini uchratmadim. Shundan so'ng O'zbekistondagi do'stlardan urug' yuborishni iltimos qildim".

O'zbek dehqonlari Arizonada qovunning bir emas, bir necha turini ekdilar. Bular obi-novvot, shakarpalakning uch xili, handalak, amiri va bosvoldi. Amerikalik xaridorlar hayratda, deydi Rahmatullo Qobilov.

"Ingliz tilidagi mavjud yaxshi gaplarni eshitdik. "Amazing" (ajoyib), "awesome" (zo'r), "wow" (qoyil) kabi so'zlarni aytishyapti".

Andijonlik dehqonlar urug'ni ikki gektar maydonga ekib, hozirga qadar ikki ming dona qovun olishga muyassar bo'ldi. Mavsum yana 10-15 kundan keyin nihoyasiga yetadi. Rahmatullo Qobilovning aytishicha, Amerikada dehqonchilikning o'ziga yarasha xususiyatlari bor va bu texnologiyadan o'zbekistonlik fermerlar katta foyda ko'rgan bo'lardi.

"Amerikada yerni o'zgacha tekishlashar ekan. Bu usul "lazer tekishlash" deb nomlanadi. Uning yordamida yerni istalgan qiyalikda tayyorlash mumkin. Bu kultivatsiya, ekinni ekish, hosilni yig'ishda muhim rol o'ynaydi. Suv ham egatlarga lazer tekislash tufayli bir xil boradi" - deydi Qobilov.

Dehqonning aytishicha, o'zbek qovunlari urug'lariga amerikalik fermerlar katta qiziqish bildirmoqda. Maqsadimiz - o'zbek nomini dunyoga mashhur qilish, deydi Rahmatullo Qobilov.