Repressiya o’zbek jihodchilari ko’payishiga xizmat qilayapti

O’zbekistonda namozxonlar ustidan keskin bosim odamlarni radikal tashkilotlar safiga yetaklayotgan omillardan biri bo’lib qolmoqda. Faollarning so’zlariga ko’ra, siquvga qaramasdan muxolif qatlam asosan dindorlar hisobiga shakllanayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Repressiya xorjida o’zbek jihodchilari ko’payishiga xizmat qilayapti/Malik Mansur


Hukumatning zo’ravon strategiyasi fuqaroni qo’rqitib, uning sabrini to’ldirib borayapti, deydi kuzatuvchilar.

Suriyada o’zbek mujohidlari ko’paygani haqidagi ma’lumotlar bor. Afg'oniston va Pokiston orasidagi tog'li mintaqadan panoh topgan O’zbekiston Islomiy Harakati a'zolari esa Karachi aeroportida amalga oshirilgan hujumni o’z zimmasiga oldi.

Harakatning 10 nafar jangchisi tomonidan uyushtirilgani aytilayotgan bu hujum ortidagi shahidlarning o’zbek ekanligini hisobga olmaganda O’zbekistondagi vaziyat bilan bevosita bog’liq emas.

O’zbekiston Islomiy Harakati tarqatgan bayonotga ko’ra, hujum Pokiston harbiylarining o’zbeklar yashaydigan hududda o’tkazgan havo hujumiga javobdir.

Suriyada bir necha yuzdan tortib, mingdan ortiq kishini tashkil etishi taxmin qilinayotgan o’zbek jihodchilari Bashar al-Assad rejimiga qarshi kurashmoqda.

Bu diniy harakatlar va ittifoqlarni birlashtirib turgan asosiy omil - ularning o’zbeklar yoki o’zbekistonlik ekani, aksariyati mamlakatdagi diniy tazyiqlar bois qochqinlikka yuz tutgani.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov mamlakatdagi vaziyatni anchadan beri kuzatib keladi.

“Shunday oilalar borki, erkaklarining hammasi qamoqda. Endi ularning farzandlari ham qamoqqa tashlanayapti, nevaralari bilan zirillab o’tirishibdi, Rossiyaga ketib qolayapti. Ularning yaqinlari, bolalari, qarindoshlari O’zbekistondan chiqib ketib, Karachidagi O’zbekiston Islomiy Harakatiga qo’shilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bu haqda aniq gapirish qiyin, lekin bu narsa bo’lishi mumkin, chunki dindorlarga nisbatan tazyiq juda kuchli", - deydi Surat Ikromov.

O’zbekiston hukumati diniy muxolifat bo’lishiga ham, dunyoviy muxolifat bo’lishiga ham ruxsat bermadi. Muxolif qarashdagilar oldida ikki yo’l bor - qamoqqa tushish yoki mamlakatdan qochish.

Aholining 90 foizdan oshig’i musulmonlardan iborat O’zbekistonda namozxonlar hukumat nishonidagi asosiy muxolif kuchga aylangan.

“Din o’zi biror xavf tug’dirmaydi, lekin hukumat bunga juda ehtiyot bo’lmoqda. Musulmonlarning 10 foizi juda faol namozxonlar deyish mumkin, ular yig’ilishib turishadi, maschitlarda, juma namozlarida. Hukumat shularni ustidan nazoratni keskin kuchaytirgan. Albatta, ularning hammasi bo’layotgan voqealardan, namozxonlarga bosimlardan, qama-qamalardan norozi. Lekin buni ochiq aytishmaydi, ammo ichidan muxolifligi bor, hukumatdan norozi”, - deydi Surat Ikromov.

Huquq faoliga ko’ra, xorijda o’zbek jihodchilik harakati kengayayotgani haqidagi ma’lumotlar mamlakat ichkarisida qanday qabul qilinayotgani haqida gapirish qiyin. Masalani ochiq muhokama etishga imkoniyat yo’q.

Ammo hukumatning taqvodorlarga nisbatan yuritib kelgan siyosati tahdidlar kuchayishiga xizmat qilgan.

“Vaziyat yanada og’irlashishi mumkin, buni biz hozir Iroq misolida ham, boshqa harakatlar misolida ham ko’rayapmiz. Bu ko’rinib turibdi, musulmon davlatlarida shunaqa narsalar bo’layapti. Davlatning siyosati esa o’sha 90-yillar o’rtalaridan boshlangan strategiya davom etayapti. Shuni aytishim mumkinki, ko’plab sudlarda ularning aybi isbotlanmagan. Har kimni ekstremistga aylantirish mumkin, lekin ko’pchilik bu so’zning ma’nosini ham tushunmaydi. Qo’yilgan ayblarga birortasi iqror bo’lmagan, isboti ham topilmagan. Lekin eng qattiq bosim ularga, qiynoqqa tutilayotganlar ham, qamoq muddati qo’shib berilayotganlar ham shular. Menimcha, bu faqat tahdidni kuchaytirmoqda”, - deydi Ikromov.

Xalqaro hisobotlarda O’zbekiston diniy erkinlik keskin cheklangan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.

O’zbekiston hukumati qamoqdagi minglab musulmonlarni ekstremistik faoliyatda ayblaydi. Ular konstitutsion tuzumga tahdid qilgan, hukumatni ag'darishga ahd qilgan va zo'ravonlikni targ'ib qilib, mamlakat tinchligiga raxna solgan shaxslar, deya ta'riflaydi rasmiylar.