O’zbekiston Axborot Agentligiga ko’ra 19-20 aprel kunlari Islom Karimovning Xitoyga tashrifi mobaynida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanmoqda.
Islom Karimov Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Xu Zintao va Bosh vazir Ven Ziabao bilan muzokara olib bormoqda.
“O’zbekiston ovozi” gazetasi O’zbekiston-Xitoy hamkorligiga alohida sahifa bag’ishlab, munosabatlar 2000 ming yillik tarixga ega va ayni paytda asosiy diqqat ularni yanada mustahkamlashda deya yozadi.
Tashrif oldidan Xitoyning O’zbekistondagi elchisi bilan suhbat qilingan. Unda diplomat siyosiy va iqtisodiy aloqalar ko’lami oshib borayotganini aytgan.
“Xalq so’zi” gazetasi 19 aprel sonida prezident vakolatlarini qisqartiruvchi, konstitutsiyasining ayrim moddalarini o’zgartirib, qo’shimchalar kirituvchi qonun kuchga kirgani haqida xabar beradi.
Bundan avval Senat va Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan mazkur hujjatda Prezidenti o’z vazifasini bajara olmay qolganda, uning vazifasi va vakolatlari vaqtincha Senat raisi zimmasiga yuklatilishi, Bosh vazir nomzodi esa eng ko’p ovoz olgan partiya tomonidan ko’rsatilishi, Bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish tartiblari va davlat boshqaruviga doir boshqa o’zgarishlar belgilanadi. O’zbekiston prezidenti unga 18 aprel kuni imzo chekkan.
Davlat rahbari qo’l qo’ygan yana bir hujjat “Fermer xo’jaliklarini qayta tashkil etish va ularning yer maydonlarini optimallashtirishda qonunchilikka rioya etish chora-tadbirlari to’grisida” gi farmondir.
Gap bu yerda yer islohoti haqida ketmoqda, ya’ni masalan fermer xo’jaliklari tugatilib, yer maydonlarining olinishi borasida mahalliy hokimyatlar va fermerlarning da’volari faqat sud orqali hal etiladi.
“Pravda Vostoka” gazetasi o’z sahifasida qo’shni Tojikistonda rejalanayotgan Rog’un to’g’oniga qarshi kampaniyani davom ettiradi. Biroz avval aynan “Pravda Vostoka” gazetasida bosilgan “Rog’un loyihasi – Markaziy Osiyoning tsunamasi” nomli maqola keyinchalik boshqa markaziy nashrlarda bir necha bor qayta bosilgan edi.
“Pravda Vostoka” bu safargi maqolasini “Gigantskaya plotina – gigantskaya ugroza” deb nomlagan.
Maqolada ekolog olim Saidrasul Sanginov Rog’un to’g’onining qurilishi 18 million odamni ichimlik suvi bilan ta’minlashda muammo tug’dirishi haqida mulohaza yuritadi. Seysmik jihatdan faol hududda qurilayotgan to’g’onda falokat yuz berganda 700 ga yaqin aholi punktlari suv ostida qolishi ta’kidlanadi.