AQShda panoh topgan o’zbekistonlik qochqinlar: Akron shahridan reportaj

AQShda panoh topgan o’zbekistonlik qochqinlar: Akron shahridan reportaj

Yaqinda AQShning Ogayo shtatida bo’lib, u yerda yashayotgan o’zbekistonlik qochqinlar hayoti bilan tanishdik.

2005-yil Andijon voqealaridan so’ng O’zbekistonni tark etib, avval Qirg’iziston, so’ng AQSh va Yevropaga bosh olib ketgan qochqinlarning bir qismi bu shtatning Akron shahrida boshpana topgan.

Poytaxt Vashingtondan kunda bir marotaba uchadigan reys Akronga kechga yaqin qo’ndi. Meni ikki o’zbek yigiti kutib oldi. Ular 2005-yilgi qonli voqealardan jon saqlab, vatani va oilalarini tashlab chiqishga majbur bo’lgan andijonlik qochqinlar. Biri o’zini Yusuf deb tanishtirdi.

“Birinchi kelgan vaqtda 250 tacha odam keldi, adashmasam. 11 shtatga bo’lindik. Birinchi kelganimizda to’rt kishi Michigan shtatiga tushganmiz. Undan keyin Kentakki shtatining Luisvil shahriga keldik, u yerdan Akron shahriga kelib joylashdik. Hozirgi kunda 11 shtatdagilardan bittasi, Pensilvaniyadan 40 nafar a’zolarimiz O’zbekistonga qaytib ketgan. Qolganlarimiz uchta shtatda jamlandik – Arizona, Ogayo va Illinois”, - deydi suhbatdoshimiz.

Qochqinlar bir necha shtatga joylashtirildi. Mahalliy tashkilotlar va hukumat ularga yordam qo’lini cho’zdi.



Akron xalqaro instituti Ogayoga borgan qochqinlar bilan shug’ullanadi. Ularni uy va kiyim-kechak bilan ta’minlaydi, ingliz tilini o’rgatib, ish topishda yordamlashadi, og’irini yengil qiladi.

Institut xodimasi Dilanna Jekson o’zbekistonlik qochqinlar bilan boshidan ishlagan.

“Qochqinlarning aksariyati shu yerda qoladi. Uyli-joyli bo’ladi. Ba’zilari boshqa shtatlardan kelishadi, Akrondagi vatandoshlariga yaqinroq bo’lish uchun. Masalan, o’zbek qochqinlari. Jamoa kengaygach, birga bo’lishni istashadi”, - deydi u.

“O’zbeklar juda mehnatsevar va iqtidorli ekan”, - deydi institutning yana bir xodimi Linda Bilol.

“Serhunar, qo’li gul odamlar. Ba’zilari ingliz tilini yaxshi biladi. Ular bilan ishlash oson edi. Taomlari ham mazali. Oshxonalariga tez-tez borib turamiz.”

Akronda 30 ga yaqin qochqin bor. Barchasi erkaklar. Oilalari O’zbekistonda qolgan. Ayollar yo’qligiga qaramay, turadigan joylari saranjom-sarishta. Ro’zg’or va xo’jalikda uddaburon. Non yopib, somsa qilishadi. Pomidor ekishadi. O’zlariga tegishli mashinalarni tuzatadigan ustaxonasi bor.

O’zbekiston hukumati andijonlik qochqinlarni terrorchilikda ayblaydi. Ular esa “oddiy tadbirkormiz” deydi.

Amerikaga kelgan ba’zi qochqinlar davlat yordamiga muhtoj bo’lib yashasa-da, tabiatan harakatchan bu insonlar birovning qaramog’ida uzoq qolishni istamay, Amerikada o’z hunarlarini ishga sola boshladi.

Ba’zilari 2006-yildan beri shu yerda, kimdir boshqa shtatlardan ko’chib kelgan. 60 nafari uch yil burun O’zbekistonga qaytib ketgan.