2012-yilgi yozgi Olimpiada o’yinlarining boshlanishiga sanoqli oylar qoldi. Dunyo bo’ylab ko’plab sportchilar, jumladan o’zbekistonlik atletlar ham, ushbu nufuzli musobaqaga yo’llanmani qo’lga kiritish uchun shiddatli kurashni davom ettirmoqda. O’zbekistonlik 17 yoshli sportchi Maftuna To’xtasinova hozir AQShda, Nyu-York shtatidagi kollejlardan birida mashg'ulot olib bormoqda.
Maftuna suzish sportining erkin, chalqancha va kompleks usullari bilan shug’ullanadi. U O’zbekistonda ko’plab ichki musobaqa va chempionatlar g’olibi. Shuningdek, bir qator xalqaro musobaqalar va jahon chempionatlarining muvaffaqiyatli ishtirokchisi.
Maftuna ana shu orzusini ro’yobga chiqarish uchun AQShga keldi. U fevral oyidan beri Nyu-York shtatidagi kollejlardan birida suzish mashg’ulotlarini olib boryapti. Suzish bo’yicha ko’plab olimpiada chempionlari aynan AQShdan yetishib chiqqanini Maftuna yaxshi biladi.
"Birinchi navbatda, bu yerda suzish bo'yicha, mening yo'nalishim bo'yicha raqobat juda katta. Siz bilan raqobat qiladigan odam sizdan yuqori bo'lgani yaxshi. Dunyodagi eng kuchli suzuvchilar shu yerda bo'lgani uchun AQShga keldim", - deydi Maftuna.
Maftuna sportga juda erta kirib kelgan. Olti yoshimdan beri suzish bilan shug’ullanaman, deydi u.
"Olti yoshimdan suzishni boshlaganman. 10 yoshdan professional sportga kirganman. Shu yoshdan xalqaro musobaqalarga qatnashishni boshlaganman. 13 yoshga kirganimda sport ustasi unvonini qo'lga kiritganman", - deydi Maftuna.
Dunyoning eng kuchli suzuvchilari Amerikada, shuning uchun bu yerda tayyorgarlik ko’rishni istadim, deydi Maftuna. Uning aytishicha, sportchining muvaffaqiyat qozonishida raqobatchilarning kimligini bilish muhim.
"Bu yerga kelganimga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Lekin shu vaqt ichida ko'p suzuvchilarni ko'rdim, raqobatchilarimni, ko'p murabbiylarni ko'rdim. Umuman, suzish uchun kerakli bo'lgan hamma narsani ko'rdim. Asosiysi, bu suzuvchilar. Chunki raqobatchilar ham ular", - deydi o'zbekistonlik yosh sportchi.
"Olimpiadagacha vaqt bor hali. Nima bo'lishidan qat'i nazar men baribir harakat qilaman. Chunki men shu olimpiadaga yo'llanmani olish uchun kelganman bu yerga. Imkoniyatlarim qanday bo'lishidan qat'i nazar men oxirigacha harakat qilaman va iloji boricha shuni olaman", - deydi sportchi.