Gulnora bilan bog'liq tergov ishida 300 million dollar musodara qilindi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston prezidentining oilasi bilan bog'liq xalqaro miqyosdagi poraxo'rlik ishi tekshirilar ekan, AQSh sudi 300 million dollar pulni musodara qildi.

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, ushbu mablag' O'zbekistonda ish boshlash uchun VimpelCom va MTS aloqa kompaniyalari tomonidan pora sifatida uzatilgan, deya xabar beradi Bloomberg agentligi.

Yuqorida qayd etilgan 300 million dollar Nyu-York bankining (Bank of New York Mellon Corp) Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi hisob raqamlarida saqlanayotgani ma'lum.

Tergov ishi markazida Takilant Limited kompaniyasi turibdi. Uni prezidentning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova bir qarindoshining nomi ostida yuritgani aytiladi. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, bu shaxs Karimovlar oilasiga yaqin va O'zbekiston hukumatida turli lavozimlarda ishlagan.

Bosh idorasi Amsterdamda joylashgan VimpelCom aloqa kompaniyasi tergovchilar bilan hamkorlik qilmoqda. UMS nomi ostida yaqinda O'zbekistonda qayta biznes boshlagan operator esa bu ish yuzasidan izoh bermayapti.

Gulnora Karimovaning bizneslari vatanda va G'arbda 2013-yildan boshlab tekshirila boshlangan. Uning o'zi uy qamog'ida ekani taxmin qilinadi. Gulnoraning O'zbekistondagi tashkilotlari yopilgan. Yaqin biznes hamkorlari qamalgan. Hukumat bu haqda lom-mim demaydi.