O'zbekistondagi amnistiya diniy va siyosiy mahbuslarga taalluqlimi?

Jasliq qamoqxonasi mahbuslari, 29-sentabr, 2003-yil.

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga ko‘ra, Senat tomonidan qabul qilingan amnistiya yangi hukumatning siyosiy va diniy muxolifatga nisbatan munosabati o‘zgarishsiz qolishini ko‘rsatgan.

Bosh qomusning 24 yilligi munosabati bilan qabul qilingan amnistiya avvalgilaridan faqat muddatiga ko‘ra, oktabr oyidan kuchga kirayotgani bilan farq qiladi. Afvning diniy va siyosiy mahbuslarga tegishli qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan, jazo o‘tash tartibini muqaddam buzganlar jazodan ozod qilinmaydi. Amnistiya yangi hokimiyatdan siyosiy islohotlar kutayotgan faollarning hafsalasini pir qilgan.

Konstitutsiyaning 24 yilligi munosabati bilan qabul qilingan amnistiya O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgarishi ortidan, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga ko‘ra qabul qilingan dastlabki umumiy afv.
Shu bois u nafaqat mahbuslarning qarindosh-urug‘lari, balki mamlakatda siyosiy islohot boshlanishiga umid qilib turgan faollar tomonidan ham o‘zgacha umidlar bilan kutilgan.

“Afsuski, bu amnistiya hafsalani pir qildi, hukumatni siyosiy, diniy mahbuslarga nisbatan pozitsiyasida biror o‘zgarish yo‘q. Men bunday bo‘lishini, Mirziyoyevning ham Karimov yo‘lidan ketishini, xalqqa zulm qilishini juda istamasdim. Lekin afsuski, oxirgi paytda bo‘layotgan hodisalar, bu amnistiya ham, muxolifatchilarning vatandagi qarindoshlari tekshirilayotgani, bu odamdan yaxshilik kutish mumkinligi haqidagi umidlarni yo‘qqa chiqarmoqda”, - deydi siyosiy muhojirlikda yashayotgan muxolifatchilardan biri Muhammadsolih Abutov.

Senatning 12-oktabr kungi yig‘ilishida tasdiqlangan amnistiya matni avvalgilaridan deyarli farq qilmaydi, taqdimnoma matnida jazodan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan mahbuslar qatlamiga oid tafsilotlar biroz kengaytirilgan.
Ayollar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, jinoyat sodir etganda 18 yoshga to‘lmaganlar, xorij fuqarolari, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek, sil kasalligining faol shakliga chalingan shaxslarni jazodan ozod etish nazarda tutiladi.

Amnistiya qo‘llanilmaydigan mahkumlar qatlami ham o‘zgarishsiz qolgan: xavfli retsidivistlar, uyushgan jinoiy guruh tarkibida jinoyat sodir etganlar, jazo o‘tash tartibini muntazam buzayotganlar, muqaddam sudlangan va yana jinoyat sodir etganlar.

O‘zbekiston qamoqxonasida saqlanayotgan siyosiy va minglab diniy mahbuslarga nisbatan umumiy afvning qanchalik tegishli bo‘lishi mavhum.

Diniy ayblovlar bilan qamoq jazosini o‘tab chiqqan muxolifatchi Muhammadsolih Abutovning aytishicha, qamoqxonadagi mavjud tizimga ko‘ra, siyosiy va diniy mahbuslarning deyarli hammasi ichki tartibni buzganlik vaji bilan qo‘shimcha jazoga tortilgan, amnistiya ularga tegishli bo‘lmaydi.

“Jazo o‘tash tartibini muntazam buzayotgan bo‘lsa, amnistiyaga tushmaydi. Bu nima degani? Jazoni ijro etish kodeksida 121, 122-bandlar bor. Shunga binoan ichki tartibni buzganlarga qayta jinoiy ish ochiladi, jazo belgilanadi. Menga ham shu modda bilan 3,5 yil qo‘shib berishgan edi. Bu raskrutka deyiladi va bu o‘zbek qamoqxonasida juda keng avj olgan. Mahbus bir yil ichida ikki marta izolyatorga, bir marta kartserga tushsa, ashaddiy tartibbuzar hisoblanadi, unga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Qamoqxonada, ayniqsa, dindorlarni deyarli har oyda bir marta jazoga tortishadi”, - deydi u.

Mirziyoyev taqdimnomasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarni ham jazodan ozod qilish taklif etiladi.

Muhammadsolih Abutov amnistiya matni avvalgilaridan farq qilmagan taqdirda ham diniy, siyosiy mahbuslardan iborat ma’lum bir qatlam ozodlikka chiqishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

“Chunki diniy va siyosiy mahbuslar Karimov davrida ham vaqti-vaqti bilan ozodlikka chiqarilgan, hozirgisida ham shunday bo‘ladi. Qattiq tavba qiladiganlar, televideniye orqali pushaymonlik bildirishga tayyorlar ozod etilishi mumkin” , deydi u.

Odatda, O‘zbekiston konstitutsiyasi munosabati bilan afv e’lon qilish 8-dekabr arafasida kuzatilardi. Bu yil amnistiya oktabr oyida qabul qilinmoqda. Bu o‘zgarish Shavkat Mirziyoyevning 4-dekabr kuni kutilayotgan prezidentlik saylovlaridagi ishtiroki bilan ham bog‘liq ko‘rilmoqda.

12-oktabr kuni qabul qilingan amnistiya uch oy muhlat ichida amalga oshirilishi belgilangan.