O'zbekistonda biznes muhit haqiqatdan ham yaxshilandimi?

Amerika-O'zbekiston biznes forumi, Vashington, 22-oktabr, 2019

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, mamlakatda biznes muhit va sarmoya uchun sharoit yaxshilanib bormoqda. Jahon bankining xulosasi ham shu. Aslida vaziyat qanday? "Amerika Ovozi" shunday savol bilan respublikada ishlayotgan kompaniyalarga murojaat qildi.​ J.P. Natkin - "Macro-Advisory" degan konsalting firmasi rahbarlaridan biri. Natkin va uning xodimlari Amerika xususiy sektoriga Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston bo'yicha maslahat va tahlil taklif qiladi. Natkin bilan 22-oktabr kuni Vashingtonda o'tgan Amerika-O'zbekiston biznes forumida gaplashdik.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda biznes qilish osonlashdimi?


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nima uchun O'zbekiston? Bilamiz, siz boshqa mamlakatlarda ham ishlaysiz. Lekin sizniki singari firmalar nega aynan O'zbekistonga e'tiborni oshirmoqda? Hukumatning tub islohotlar haqidagi gaplariga jiddiy qaraysizmi? Haqiqat bormi bu bayonotlarda sizning nazaringizda? O'zbekistonga kelsangiz, balki butun Markaziy Osiyodagi imkoniyatlarni ochgan bo'lasiz, degan gaplar aytilyapti hozir bu forumda.

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Xuddi shunday. Hukumatning gaplariga jiddiy yondashamiz va qunt bilan eshitamiz. Bizning mijozlarimiz O'zbekistondagi muhit va imkoniyatlarga qaraganida butun Markaziy Osiyoni yodda tutadi va xususan Afg'onistonni ham. O'zbekiston - mintaqa darvozasi. Tijorat va sarmoya bobida bu davlat bilan ishlay olmasangiz, qiyin. O'zbekiston shuni anglagan holda biz bilan hamkorlik qilmoqda. Bizning mijozlarimiz "Fortune 500", dunyoning eng yirik kompaniyalaridan. Ular investitsiya qilsa, bir davlatga ko'z tikmaydi, ularning yondashuvi regional.

Navbahor Imamova, VOA: Siz bu forumlarda faol qatnashasiz. Amerika-O'zbekiston Tijorat Palatasi a'zosisiz. Nima foyda sizga bundan?

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Biz butun Yevrosiyo bo'ylab turli sohalarda biznes qilayotgan korporatsiyalarga maslahatchimiz. Ishimiz - makroiqtisodiy tahlil va kelajakni rejalashda investorlarga yordamlashish. Belarus, Ukraina, Rossiya, Mongoliya, Markaziy Osiyoning besh davlati, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya va hatto Eron. Biz "Fortune 500" kompaniyalariga bu mamlakatlardagi siyosat, tizim va sharoitni tushuntirib beramiz. Sohama-soha, sanoatma-sanoat, raqobat... Biz mamlakatlardamiz. Mening sherigim, firmamizni men bilan ochgan Kris Uifer (Chris Weafer) mintaqada ishlaydi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mahalliy mutaxassislar bilan ishlaysizmi?

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Mutaxassislarimiz asosan o'sha yerdan. Men va ikki xodimim Vashingtondamiz. Biz AQSh hukumati bilan aloqalarga mas'ulmiz, ya'ni bu yerdan turib, mintaqadagi faoliyatimiz o'sishi uchun zarur ishlarni qilamiz. Ayrim raqobatchilarimiz mintaqaga yilda ikki marta borib kelib, dunyoning bu qismini bilamiz, deydi. Biz bunga ishonmaymiz. Biz o'sha yerdamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mintaqadan ishlashning ahamiyati, ta'siri boshqacha?

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Xuddi shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Xo'sh, unda sizningcha nima o'zgardi?

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Sezayapmiz ularni.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Nimada sezayapsiz? Mana hozir Sarmoya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov dediki, O'zbekiston radikal darajada isloh qilinmoqda. Sizningcha, bu nima degani?

Buni ham ko'ring U.S.-Uzbekistan: Macro-Advisory's J.P. Natkin on changes in Central Asia

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Ikki yarim yil oldin biz O'zbekistonda emas edik va ishlamasdik. Hozirda O'zbekiston Yevrosiyodagi eng katta bozorlardan ikkinchisi. Birinchisi Rossiya. O'zbekistonga qiziqish juda yuqori. Tabiiy boyliklardan tortib, qishloq xo'jaligigacha. Muammolar ko'p, ulardan bir pasda qutula olmaysiz. Xatolar bo'ladi, qoqilishadi. Biz mijozlarga aytamiz: ish hech qachon bir maromda kechmaydi. Lekin ishlay olishingiz kerak. Bizning nazarimizda hukumat bozorni ochyapti, iqtisodni erkinlashtirmoqda. Ular xorijdan to'g'ridan-to'g'ri va strategik sarmoya izlamoqda. Aytganimdek, rejalarning hammasi ham amalga oshmasligi mumkin. Mijozlarimiz - bunday muhitlarda tajriba orttirgan bizneslar. Osiyo, Yevrosiyo, Afrika va Lotin Amerikasida. Yangi bir jihati - O'zbekiston hozir kimlar bilan ishlamoqchi ekanini biladi, atrofiga yaxshiroq qaramoqda, mintaqaviy rolini tushunadi va imkoniyatlarini ishga solmoqchi. Mana shular - katta o'zgarishlar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Amerika sarmoyachilari nimalarga e'tibor qaratyapti O'zbekistonda? Nima ularni qiziqtiradi asosan?

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Rang-barang...

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sohama-soha qarasak agar.

J.P. Natkin, "Macro-Advisory": Deyarli hamma sohaga qiziqish bor. Lekin asosan oziq-ovqat, qishloq xo'jaligi, tabiiy boyliklarni qazish va chiqarish, logistika, transport, sog'liqni saqlash va iste'mol mollari. O'zbekiston uzoq vaqt yopiq turib, uning qanday bozor bo'lishi mumkinligi odamlarning esidan chiqib ketgan edi, ochig'i. Hozir mana yana kashf etishmoqda. Bolalarning tagligidan tortib, dori-darmongacha, bozor katta bu respublikada. Unga kirdingizmi, qolgan bozorlar ham yaraladi, ochiladi.