AQShning Nyu-York shahrida yashovchi O'zbekiston fuqarosi Dilhayot Qosimov chorshanba kuni o'tgan tinglovda o'ziga qo'yilgan ayblovlarni tan olmadi. U "Islomiy davlat" jangari guruhiga moddiy yordam berganlik aybi bilan hibsga olingan.
26 yoshli Qosimov avvalroq hibsga olingan bruklinlik uch o'zbek yigiti - Axror Saidaxmetov, Abdurasul Jo'raboyev va Abror Habibov bilan yaqin tanish bo'lgani aytilmoqda.
Hibsdagilarning ikki nafari - qozog'istonlik Saidaxmetov va o'zbekistonlik Jo'raboyev, prokurorlarning aytishicha, Suriyaga borib jangarilar safiga qo'shilishni rejalagan.
Qosimov Habibov bilan birgalikda Saidaxmetovning Suriyaga borishi uchun 1600 dollar yordam puli yig'gan.
"Bu begunoh odamlarning kallasini olish uchun pul berish bilan barobar", - deydi prokuror Aleksandr Solomon.
Ayblovda aytilishicha, Qosimov o'zining internet orqali yozishmalarida boshqalarni ham "zo'ravon jihod"ga qo'shilishga undagan. Agar aybdor deb topilsa, u 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.
HIbsdagi boshqa ayblanuvchilar ham qo'yilgan ayblovlarni tan olmagan.