Sobiq imom: Prezidentga ishonib tanqid qilgan himoyasiz qolmasligi kerak

Yaqingacha Toshkentdagi “Omina” masjidida imomlik qilgan Fazlinddin Parpiyev siyosiy bosimlar tufayli mamlakatni tark etganini aytadi

O’zbekiston hukumati musulmonlarga diniy erkinlik berish niyatidan qaytdi, islohotlar to’xtagan, deb hisoblaydi tahdidlar bois mamlakatni tark etganini aytayotgan sobiq imom Fazliddin Parpiyev. U "Amerika Ovozi” bilan suhbatda O’zbekiston prokuraturasining u haqdagi bayonotini inkor etdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Sobiq imom Fazliddin Parpiyev bilan suhbat

Toshkentdagi “Omina” masjidida imomlik qilgan Parpiyevning siyosiy bosimlar tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo'lgani so’nggi ikki yil davomida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy islohotlarga nisbatan shubhalarni kuchaytirdi.

Parpiyev Toshkent shahar prokuraturasidagi suhbat ortidan O'zbekistondan chiqib ketishga qaror qilganini aytishi ortidan shu paytgacha sobiq imom mojarosi yuzasidan sukut saqlab kelgan o’zbek matbuotida Bosh prokuratura tomonidan berilgan bayonot paydo bo’lgan.

Fazliddin Parpiyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, prokuratura matbuot yordamida aybni uning o’ziga ag’darishga urinmoqda.

“Kun.uz dagi maqolada menga nisbatan hech qanday tazyiq yo’qligi aytiladi. Shu kungacha mamlakat ichidagi matbuot men haqimda hech narsa yozmagan edi. Buning sababi matbuot meni yonimni olib qo’ymasligi uchun bosim ostida bo’lgan. Endi pichoq suyakka qadalgandan so’ng paydo bo‘lgan maqola yomonlash kampaniyasiga o’xshaydi. Masala hal bo’lib, mamlakatdan chiqib ketganimdan so’ng aybni o’zlaridan soqit qilishmoqchi. Biz u insonni ta'qib qilmaganmiz, degan maqola mana birinchi bor o’zbek matbuotida chiqdi. Ammo bu chiqish ham prokuratura xohishiga ko’ra amalga oshgan, chunki u yerda boshqa bir gap yo’q, insonlarga biz unga hech narsa qilmadik, o’zi chiqib ketdi, degan mazmunni berishmoqchi. Vaholanki, Umra safaridan qaytishimdan ikki soat o’tib uyimga ichki ishlar, maxsus xizmatlar keldi, mahalla uchastkasiga olib chiqib suhbat qilishdi. Endi hammasi tugadi deb turgandim, shahar prokuraturasi chaqirdi. Men chaqiruv qog’ozisiz bormayman desam, boshliqlar aytdi, kelmasangiz bo’lmaydi, deyishdi. Menga u yerda noqonuniy harakat bo’lmadi, lekin bu oxirgisi, keyin jinoiy javobgarlikka tortilasan degan tahdidni aniq tushundim. Ya’ni avval ham ogohlantirilgansan, bunisi oxirgisi deyildi. Bundan oldin esa Fazliddin ehtiyot bo’l, davlat siyosati oldida bir kishi hech narsa emas, degan gaplarni eshitgan edim”, - deydi Parpiyev.

Sobiq imom ayni paytda xorij davlatlaridan birida, siyosiy boshpana so’rash qarorida turibdi. O’zbekistonda diniy sohada o’tkazilayotgan islohotlarga ishonchi yo’qolgan, islohotlar allaqachon to’xtagan, o’zgarishlar qilish va’dasi bilan tanilgan yangi hokimiyat ham musulmonlarga erkinlik berish niyatidan qaytdi, deb hisoblaydi u.

“Islohotlardan so’ng ortga qaytish boshlanganini ham ko’rdik. Shu paytgacha ro’mol o’rash qonun bilan taqiqlanmagan edi, bu taqiqlandi. Soqol masalasida ham hozirgacha ochiq bir gap yo’q edi, qo’ygan amallab qo’yib yurgan edi, endi esa domlalarimiz televideniyega chiqib, taqiqni himoya qilishi diniy erkinlikni siqilishidir. Ya’ni boshida biroz erkinlik berildi, keyin bu erkinlik odamlarga to’g’ri kelmas ekan, deb qaytarib olinmoqda. Hatto men bilan o’tkazilgan suhbatlarda ham o’zi musulmonlarga erkinlik berib bo’lmaydi, deyilgan. Demokratiya deganda ham faqat o’zlariga kerak joyini olishmoqda, boshqasida esa yo’q bunga ruxsat bera olmaymiz, deyishmoqda”, - deydi Parpiyev.

Fazliddin Parpiyev O’zbekiston prezidentliga bevosita machit minbaridan turib qilingan ochiq murojaat bilan tanildi. Bu murojaatda diniy vaziyatni tanqid qilishga jur’at etgan imomning prezidentga nisbatan samimiy ishonchi ko’rinib turadi.

Jamoatchilikda qizg’in muhokama qilingan bu hodisa ortidan murojaat muallifi imomlikdan bo’shatildi, turli tahdidlarga uchradi, oqibatda mamlakatdan chiqib ketishga majburbo’ldi.

Faziddin Parpiyevda bugun ham Shavkat Mirziyoyevga nisbatan samimiy ishonch saqlanib qolganmi?

“Bilmadim, endi ishonish uchun boshqacha holat bo’lishi kerak. Ishona olmayman, bir insonni fikrlari inobatga olinmasligini men tushunib yetdim. U kishiga ishonib chiqqanimning sababi, meni maqtamanglar, tanqid qilinglar, tanqid qilganlar do’stlarim, maqtaganlar dushmanlarim, degan gaplari edi. Men shu gaplargasuyanib tanqid ko’chasiga kirgan edim. Natijada nima bo’ldi, tazyiqqa olindim. Lekin prezidentga ishonib tanqid qilgan odam himoyasiz qolmasligi kerak. Nafaqat diniy soha, boshqa sohada ham tanqid qilgan odamlar tazyiqqa uchrayotganini ko’rib turibmiz. Ular prezidentga ishonib shu yo’lga kirdimi, himoyasiz qolmasligi kerak edi. Meni ishonchimga ozroq putur yetdi ”, - deydi Parpiyev.

Yaqinda O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov "Amerika Ovozi" bilan respublikada diniy erkinlik bugun qay darajada ekani haqida gaplashganida, Parpiyev masalasi ham ko'tarildi. Tafrsilotlar shu yerda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda e'tiqod erkinligi: AQShdagi elchi bilan suhbat