Oylikka yashab bo'lmaydigan O'zbekistonda tirikchilik poraxo'rlikdan

Mustaqil tahlilchi Shermamat Abdullozoda bir paytlar O'zbekiston soliq tizimi, shuningdek, boshqa moliyaviy organlarda ishlagan

2000-yillar boshida O’zbekiston Moliya vazirligi va Markaziy bankida ishlagan, siyosiy bosim ostida 2005-yilda vatanni tark etib bugun Kaliforniya shtatida yashayotgan Shermamat Abdullozoda Vashingtonda Ochiq jamiyat institutida so’zlar ekan, yulg’ichlik - tirikchilik, deydi. Korrupsiyaga qarshi kurash bayrog’i ostida o’nlab kishilarni yuqori lavozimlardan olish mumkin, ularni qoralash, qamash mumkin, biroq bu bilan respublikada vaziyat yaxshilanib qolmaydi. Yulg’ichlikdan qutulish kuchli iroda, strategiya va tub islohotlar talab qiladi.

O’zbekistonda amaldorlar naqadar poraxo’r, yeb-to’ymas ekaniga hozir global maydonda muhokama qilinayotgan bir ish misol: G’arb mobil kompaniyalari respublikada biznes qilish uchun yillar davomida yuzlab million dollar pora bergan va bu pullar, tergovchilarga ko'ra, Prezident Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova iznidagi bank hisoblariga tushgan.

Karimovadan 2014-yilning boshidan beri darak yo’q, lekin unga yaqin odamlarning bir nechasi vatanda sudlangan va qamalgan. Ayrim, rasman tasdiqlanmagan, ma’lumotlarga ko’ra, Karimova ham sudlangan va uy qamog’iga mahkum etilgan. Pora bergan kompaniyalardan eng yirigi - “VimpelCom” AQSh tomonidan siquvga olingach, Vashington bilan murosa qildi, barcha ayblovlarni bo’yniga olib, 800 million dollarga yaqin tovon to’lashga ko’ndi.

Gulnora Karimovaga chet elda rasman ayblov qo’yilmagan, lekin Yevropa va Amerika tergovchilarining aytishicha, bu korrupsiya ishi markazida “o’zbek malikasi” turibdi. O’marilgan pul qariyb 1 milliard dollar. Bir necha mamlakatda qimmatbaho mulk muzlatib qo'yilgan. Tekshiruv davom etmoqda.

O’zbekiston hukumati AQSh tomonidan musodara qilingan mablag’ga da’vo qilmoqda. Nyu-Yorkdagi federal sud bu talabni hozircha qondirmadi. Lekin bu yakuniy hukm emas.

Shuncha pul korrupsiya botqog’idagi O’zbekistonga berilgan taqdirda nima foyda bo’ladi? Xorijda yangi jamg’arma tuzilib, O’zbekiston fuqarolari ravnaqi uchun sarflansa-chi? Shuncha mablag’ni belgilangan maqsadda ishlatishga qodir tomon bormi o’zi? Bu savollar hozir AQSh va Yevropada qizg’in muhokamada. Bir narsa aniq, deydi ekspertlar, pul kimga buyurishini ko’rish uchun uzoq kutamiz.

Vashingtonda siyosatdonlar, jurnalistlar va ekspertlar oldida so’zlagan Shermamat Abdullozodaning aytishicha, xorijlik sarmoyadorlar avvalo hukumat qanday ishlashi, qay vazirlik va organ qanchalik qudratli ekani haqida real tasavvurga ega bo'lishi lozim. Qog'ozlarga qaramang, deydi u, amalda tuzum qanday faoliyat yuritishiga, uni kim tebratishiga e'tibor bering. Masalan, har qanday iqtisodiy loyiha avvalo Moliya vazirligiga ma'qul kelishi kerak.

Hukumat taqdim etadigan ko'rsatkichlar haqiqatni aks ettirmaydi, deydi sobiq rasmiy. O'zbekistonda minimal maosh qariyb 130 ming so'm va achchiq haqiqat shuki, eng zarur xarajatlar uchun bundan 10 baravar ko'proq pul kerak.

Odamlar qanday yashayapti? Kimningdir qay yurtdadir kimidir mehnat qilmoqda. Vatanda esa bir kishi 2-3 joyda ishlashga majbur.

Ishsizlik haqida aniq ma'lumot hech kimda yo'q. Chetda yurgan millionlab fuqarolar hukumat nazarida ishlimi yoki bekorchi? Nega ular haqida davlat lom-mim demaydi?

Valyuta bozori, qora bozor, rasmiy bozor, bu masalalarda O'zbekiston axborot vositalarida biror tahliliy material ko'rmaysiz. Xuddi mamlakatda dollar bahosi 6000 so'mdan oshib ketgani muhim yangilik emasdek.

Chorak asr oldin prezident yurtga bosqichma-bosqich iqtisodiy farovonlik tomon qadam qo'yamiz, deya va'da bergan edi, deydi Abdullozoda. Hozirgi vaziyatga qarab, bosqichma-bosqich orqaga ketganimizni ko'rish mumkin, deydi u.

"Gulnora ishi" O'zbekistonga sarmoya olib kirgan bizneslar va umuman, korrupsiya darajasi yuqori bo'lgan muhitda har qanday kompaniya jinoyat bilan yuzma-yuz turishiga e'tiborni oshirgan. Vaziyat biz bilganimizdan ham murakkab, deya tan oladi Ochiq jamiyat institutidagi yig'inda qatnashgan mutaxassislar.