O’zbekistonda 21-dekabr kuni o’tgan saylovni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari idorasi vakillari kuzatdi. Vakolati cheklangan missiyaga xalqaro maydonda tanilgan diplomat Daan Everts boshchilik qilmoqda. Guruh hamon Toshkentda; Markaziy saylov komissiyasi va boshqa organlar bilan muloqotda. Navbahor Imamova janob Everts bilan dastlabki xulosalar va O’zbekistonga berilayotgan tavsiyalar haqida gaplashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Janob Everts, nima uchun saylovni cheklangan tarzda kuzatdingiz? Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti cheklanmagan kuzatuvlar ham olib boradi. Nima uchun O’zbekistonda bunga guvoh bo’lmadik?
Everts: Bilasizmi, buning o’ziga xos sabablari bor. Davlat va vaqtga qarab… Biz odatda saylov yaqinlashayotgan mamlakatga vaziyatni o’rganish uchun missiya yuboramiz. Ular to’plagan ma’lumotlarga asoslangan holda, real ahvolni nazarga olib, rejalaymiz. Yilning oxiri, byudjetimizda ko’p mablag’ yo’q. O’zbekistonda qonunchilik, qonuniy talablar, axborot vositalarining roli singari muhim jihatlarni o’rganish va tahlil qilish uchun 14 kishilik guruh tuzdik. E’tiborni mamlakat markaziga qaratdik. Yurtdagi hamma saylov uchastkalarini kuzata olmasligimiz aniq. Shuning uchun diqqatimizni konkret masalalarga qaratdik xolos.
Demak, O’zbekiston hukumati sizni cheklamadi? Agar xohlaganingizda, cheksiz kuzatuv olib borishingiz mumkin edi, shundaymi?
Everts: Hukumat bilan bu haqda gaplashmadik ham… Biz o’zimiz bir yarim oycha oldin yuborgan tekshiruv guruhi bergan maslahatga tayandik. Har birida ikkitadan vakil bo’lgan to’rt mayda ishchi guruhi tuzib, ularni turli hududlarga yubordik.
Kuzatuvchi sifatida nima qila oldingiz, nima qila olmadingiz?
Everts: Oddiy qilib aytganda, istagan narsamizni qila oldik. Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishladik. Barcha tomonlar bilan gaplashdik, fikr almashdik, tegishli hujjatlarni o’rgandik. Ishimizni cheklashmadi. Ayrim hollarda biror hujjatni olish yoki kim bilandir uchrashish uchun ozgina kutishga to’g’ri keldi, lekin umuman olganda, faoliyatimizni bemalol olib bordik.
Qay nuqtadan kuzata boshladingiz va qayerda yakunladingiz?
Everts: Ishni bir yarim oycha oldin boshladik. Saylovoldi kampaniyasini kuzatdik, saylov kunini kuzatdik va dastlabki hisobotimizni berdik. Ishimiz hali tugamadi. Yana sakkiz haftacha davom etadi, chunki yakuniy xulosa va tavsiyalarni ishlab chiqishimiz kerak. Maqsadimiz – saylov tizimi, muhit va butun jarayon tobora yaxshilanib borishi uchun zarur nasihat berish. Missiyamizning ahamiyati ham shunda – konstruktiv tavsiyalarga asoslangan hisobot berish toki kelasi safar jarayon bundan tuzukroq bo’lsin. Hukumat, saylov komissiyasi va boshqa tegishli organlar ularni jiddiy qabul qilib, o’zgarishlar qiladi degan umiddamiz. Masalan, ayrim hollarda biz qonunchilikni va tartibni o’zgartirishni maslahat berayapmiz. Bu ancha ish. Lekin qilinishi kerak bo’lgan ishlar.
Markaziy saylov komissiyasi, sizning nazaringizda, qanchalik mustaqil?
Everts: Rasman olganda bu mustaqil komissiya, chunki konstitutsion o’zgartirishlar asosida shunday belgilangan. Parlament yoki rahbariyat nazorati ostida emas. Shunday ekan, u qonunan erkin organ. Amalda qanchalik erkin yoki mustaqil? Missiya davomida biz ular bilan bemalol ishladik. Ular kimdandir buyruq olayotganiga guvoh bo’lmadik. Saylov komissiyasi mustaqil emas deyishga asos yo’q bizda.
Jarayonda haqiqiy raqobat kuzatilmadi deb xulosa qildingiz. Aniqroq tushuntirib bering…
Everts: Bu juda muhim masala. Saylov yaxshi tashkillashtirildi, jarayon texnik jihatdan silliq kechdi. Lekin saylov xalqaro va milliy qonunchilikdagi ayrim oddiy talablarga javob bermadi, xususan matbuot saylovoldi jarayonini izchil va haqqoniy tarzda yoritmadi, nomzodlar orasida qizg’in debatlar olib borilmadi. Bunga asosiy sabablardan biri qonunchilikdagi cheklovlar bo’lib, jurnalistlar masalalarni yoritishdan qo’rqadi va o’zini o’z senzura qiladi. Haqorat qildi yoki yolg’on ma’lumot berdi deya ularni sudlashlari mumkin. Jurnalistlar har qanday nozik ma’lumot uchun nishonga olinishidan qo’rqib, o’z ishini bemalol qila olmaydi. Siyosatchilar orasida raqobat muhiti yo’qligi ham katta muammo. To’rt partiya bir-birini raqib sifatida emas, hamkorlar sifatida ko’radi. Dasturlari o’xshash va bir-birini to’ldiradi desak xato bo’lmaydi. Bu musobaqa emas-da. Fuqaro oldida tanlash imkoniyati deyarli yo’q, chunki partiyalar bir-biridan nimasi bilan farq qilishini bilmaydi. Muqobil platforma yo’q, odamlarni qiynayotgan muammolarga muqobil yechim taklif qilinmayapti. Siyosiy plyuralizm yo’q. Hozirgi partiyalarning hammasi hukumatni qo’llaydi va hukumat ularning hammasini qo’llaydi. Saylov bu tanlov bo’lishi kerak, buning uchun esa zarur muhit yaratilishi lozim.
Bunga qanday erishish mumkin? Konkret imkoniyatlar yaratilishi kerak deyapsiz. Kim qiladi buni?
Everts: Bu hammadan jiddiy qadamlar tashlashni talab qiladi. Bu muammo faqat O’zbekistonda emas. Saylovlar hech yerda har tomonlama a’lo kechmaydi. Lekin O’zbekistonda oddiy talablarga javob bera olish haqida o’ylash kerak. Yuqorida ayrim jihatlarini, juda muhim jihatlarini tushuntirib o’tdim. So’z va matbuot erkinligi, uyushish, partiya tuzish, siyosiy fikrni erkin bayon etib, targ’ib qila olish singari huquqlar ta’minlanishi kerak. Parlament darajasida va yuqori darajalarda muhokama qilinishi zarur bo’lgan masala bu. Yana bir katta muammo bu odamlarning birov uchun ovoz berishi. Proksi ovoz berish deb ataymiz buni. O’zbekistonda bu chuqur ildiz otgan. Saylov qonunlari, milliy va xalqaro qonunchilikka zid harakat bu. Prezidentning o’zi ham tanqid qilgan bu muammoni. Har bir saylovchi faqat o’zi nomidan ovoz berishi shart. Balki qonunlarni charxlash kerakdir. Saylovchi ongini oshirish, unga zarur bilim berishning foydasi beqiyos. Saylov komissiyasi uchastkalarda qattiqroq qoidalar joriy etib, bu masala bilan jiddiy shug’ullanishi kerak. Bu muammoga barham berish aslida uncha qiyin emas. Harakat qilish kerak. Biz o’z tavsiyalarimizda shunga o’xshash ko’plab katta va kichik muammolarga to’xtalamiz va umid qilamizki, ularni inobatga olib, parlament va boshqa organlar o’z zimmalaridagi vazifalarni bajaradi. Siz va boshqalar yakuniy hisobotimizni o’qib, omma bilan muhokama qilasiz degan umiddamiz.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’zbekistonda avval ham kuzatuvlar olib borgan. Siz shaxsan balki oldin kuzatmagandirsiz, lekin eski hisobotlarni ko’rgansiz, ular bilan tanishsiz. O’zbekistonda bugun qanday o’zgarish bor, ijobiy yoki salbiy?
Everts: Tashkilotimiz Vladivostokdan tortib, Vankuvergacha bo’lgan ulkan hududdagi saylovlarni kuzatadi va bu borada juda katta va boy tajribaga egamiz. Bu mening O’zbekistondagi llk missiyam. Ochig’i, maza qilib ishladim. Biz odatda saylovlarni bir-biriga taqqoslamaymiz. Har bir saylovni alohida, xalqaro va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tartibi asosida ko’rib chiqamiz. Bu safargi saylovlar oldingilariga qaraganda yaxshiroq kechdi deb ko’plar aytishdi va aytishayapti, ishonchli odamlar; ular nazarida demokratik qadamlar astalik bilan tashlanmoqda. Huquqiy, ma'muriy o’zgarishlar bo’lgan. Amalda ular qanchalik o’z aksini topayapti, odamlar ko’rayapti. Biz esa talablar va kamchiliklarga urg’u berishda davom etamiz, ya’ni saylov bo’lsa, sifatli bo’lsin. Hozircha bunga guvoh emasmiz. Yuqorida bu haqda aytdim. O’sha kamchiliklarni tuzatish kerak.
Biz hukumatni erkinlikni cheklayotganlikda tanqid qilganimizda, rasmiylar darrov mamlakatda minglab nohukumat tashkilotlar ishlayotganini ro’kach qiladi. Sizningcha, ularning roli qanday bo’ldi bu saylovda? Nimani epladi ular?
Everts: Yo’q, nohukumat tashkilotlar, fuqaro jamiyati faol rol o’ynaganini ko’rmadik. Saylov va saylovchi huquqlari bilan shug’ullanadigan nohukumat tashkilotlar yo’q aslida. Nohukumat sektorni rivojlantirish kerakligi ayon. Bundan hukumat va xalq birdek foyda ko’radi. Siyosiy muhitni yaxshilashda ular faol rol o’ynay oladi. Jarayonning oshkora va mas’uliyatli o’tishida ularning hissasi katta ekanini boshqa davlatlarda ko’p ko’ramiz. Partiyalarga qaytadigan bo’lsak, ijobiy hol sifatida bir o’zgarishni kuzatdik: partiyalar nomzod etib tanlagan odamlar orasida yoshlar ko’p. Ular mustaqillikdan keying davrda voyaga yetgan odamlar. Yosh qonunchilar parlamentdagi dinamikani o’zgartirishi mumkin.
Bu saylovga chet eldagi fuqarolar ham chiqdi, masalan Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdag konsulliklarda Amerikada yashayotgan o’zbekistonliklar ovoz berishdi. Yuzlab sonda chiqishdi, deylik. Ular ovozining ahamiyatini qay darajada deb baholaysiz?
Everts: Yuzlab ovoz ko’p narsani o’zgartirmaydi, ochig’i. Chet eldan turib ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tganlarning soni juda oz. Chet elda yurganlarning soni bilan taqqoslasak, juda, juda past. Ishonchli manbalarga ko’ra, xorijdagi o’zbekistonliklar millionlab sonni tashkil etadi. Shuni hisobga olsak, bu katta muammo. Chet elda yurganlar xususida aniqlik kiritilishi kerak.
Uzoqdan turib ovoz berish imkoniyati yo’q, ya’ni siz uydan turib ovoz berolmaysiz. Elchixona yoki konsullikka borish kerak. Bu esa aksariyat hollarda qiyin ekanini bilamiz.
Everts: Ha, shunday.
Kelayotgan yilning mart oyida O’zbekistonda prezidentlik saylovi o’tishi kerak. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti uni ham kuzatadimi? Qanday maslahatlar beradi hukumatga?
Everts: Taklif qilinsak, kelamiz albatta. Hozircha bu aniq emas. Lekin shunisi aniqki, bizni bu yerda hurmat qilishadi va bizga ishonishadi, chunki biz saylovlarni kuzatuvchi yetakchi va asosiy tashkilotmiz. Saylov kuzatilsin, izchil baholansin desangiz, bizni, Demokratiya va inson huquqlari idorasini taklif qilasiz. Biz ham o’z navbatida missiya yuborishga tayyor bo’lishimiz kerak.
Kuzatuvchilarni qanday yollaysiz o’z missiyangizga? Guruh qanday tuziladi?
Everts: Tajribali mutaxassislar orasidan tanlaymiz. Saylov, axborot vositalari, huquq singari muhim sohalarda ishlab pishgan odamlarni olamiz. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlardan keladi. Ular ham maxsus tanlov asosida… Saylovlarda ishlab chiniqqan, jarayonning murakkab jihatlaridan yaxshi xabardor odamlar.
Shu gaplaringizga asoslanib, O’zbekistonga saylovni kuzatish uchun borgan 300 xorijlik (ko’pi aslida hukumat taklifi bilan kelgan mehmonlar, ekspert-kuzatuvchilar emas) orasida sizning guruhingiz asl kuzatuvchilar desak bo’ladimi?
Everts: Bizni qiyoslash sizga havola. Men o’zim shuni ishonch bilan aytamanki, biz professional ishlaymiz va konstruktiv yondashamiz. Maqsad tanqidga berilish, kamchilik izlash emas. Jarayon elakdan o’tkaziladi, albatta, lekin xolislik bilan. Vu degani ham ijobiy hollarni ko’ramiz, ham muammolarni. Biz ularni davlatga ochiq bildiramiz. Yakuniy xulosamizni yanvar oxirlarida chiqaramiz. Saylov komissiyasi va boshqalar bilan muloqotdamiz.
Suhbat va vaqtingiz uchun rahmat, janob Everts.
Everts: Suhbatlashish imkoniyati uchun sizga ham rahmat!