Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi elchisi Norber Justin (Norbert Jousten) yaqinda Toshkentda mulozimlar bilan mintaqaviy strategiya, hamkorlik va xalqaro masalalarni muhokama qilgan. Tahlilchilar fikricha, Afg’onistondagi vaziyat sabab G’arb va O’zbekiston aloqalari mustahkamlanar ekan, inson huquqlariga e’tibor sust.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuvni Yevropa Ittifoqi elchisining rasmiylar bilan ilk muzokarasi deb talqin etish mumkin. O’tgan yil dekabrda elchilikka tayinlangan Justin yanvarda ishonch yorlig’ini topshirgan edi.
Uchrashuvda asosan ittifoq strategiyasi va iqtisodiy hamkorlik muhokama qilingan. Tomonlar savdoga ahamiyat berayotgani seziladi.
Norber Justin rasman ishga kirishishdan oldi “Nemis to’lqini”ga (“Deutsche Welle”) intervyu bergan edi.
U O’zbekistondagi vaziyatni xolis o’rganishga harakat qilinayotganini aytib, bolalar majburiy mehnatiga chek qo’yish, xalqaro jurnalistlarga O’zbekistonda ishlashga imkon berish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar ketayapti, degan.
O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarga yangi bosimlar, xorijlik muxbirlar mamlakatdan deportatsiya qilinganidan bu muloqot hozircha samarasiz kechayotganini bilish mumkin.
Britaniyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey (Craig Murray) nazarida Yevropa Ittifoqi Toshkent bilan munosabatlarda biror samarali ish qilayotgani yo’q. Aksincha, mintaqada harbiy kontingenti taqdiridan xavotirga tushgan ittifoq bu mamlakatdagi huquqiy ahvoliga ko’z yummoqda.
So’nggi paytda Yevropa matbuotida G’arbning huquq poymol etilayotgan O’zbekiston bilan bordi-keldisi tanqid qilingan bir necha maqolalar paydo bo’ldi.
“Nemis matbuotidagi ma’lumotga ko’ra, so’nggi paytda rasmiy Toshkent prezident Islom Karimovning Berlinga borishi maslasini ko’targan. Bu talabni hozircha kansler Angela Merkal quvvatlamagan. Biz Germaniya rahbarining pozitsiyasidan xursandmiz. Afsuski, inson huquqlari masalasida Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida bunday qat’iyatni ko’rayotganimiz yo’q”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti vakili Yohan Bir.
Yevropaning harakatlarini tushunish qiyin emas, deydi tahlilchilar. Xalqaro koalitsiyani olib chiqishda va ular Afg’onistondan ketgach ham O’zbekiston ko’magi kerak bo’ladi. Ham Afg’oniston xavfsizligi va taraqqiyoti, ham butun region stabilligi uchun bu zarur, deydi ular.