O'zbekiston paxtasi va majburiy mehnat Kongressda yana muhokamada

Paxta plani bajariladi, lekin paxtakorlar qarzga botadi

AQSh Kongressiga berilgan tavsiyalardan biri shuki, O’zbekistonda paxta dalalarida majburiy mehnat davom etayotgani sabab bu davlatga qo’yilgan cheklovlarni bo’shashtirmaslik lozim. Xalqaro mehnat huquqlari forumi (International Labor Rights Forum) vakili Brayan Kempbell kecha Vakillar Palatasida qonunchilarga bu borada o’z xulosalarini tushuntirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston paxtasi, majburiy mehnat AQSh Kongressida muhokamada

Your browser doesn’t support HTML5

Forced Labor in Uzbekistan: Brain Campbell, International Labor Rights Forum


Vakillar Palatasining respublikachi a’zosi Kristofer Smit - O’zbekistonda diktatura hukmron va Islom Karimov inson huquqlarini muntazam ravishda buzib keladi deya keskin tanqidlari bilan tanilgan arbob. Uning nazarida Amerika ham uzoq vaqt mobaynida paxtani oq oltin deb, qulchilik siyosatini oqlab, majburiy mehnatni to’xtatmay kelgan. Lekin jamiyat bu adolatsiz amaliyot ekanini tushunib yetgan va bu mash’um siyosatdan voz kechilgan, deydi kongressmen.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Brayan Kempbell deydiki, O’zbekistonga nisbatan bu borada qo’yilayotgan xorijiy bosim samara bermoqda. Bolalarni ekspluatatsiya qilish qonunan man etilgani, o’tgan yillarda kamroq bola paxta terimiga olib chiqilgani, hukumat rasman bo’lsa-da, bu siyosatdan voz kechayotganini ko’rsatishga urinayotganining o’zi buning yaqqol isboti, deydi Kempbell.

O’tgan yili BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti xodimlari terim paytida mamlakatni kezib, vaziyat bilan tanishdi. Hukumat ularning erkin ishlashiga yo'l bermadi, rasmiylar bu kuzatuvchilarning yonidan jilmadi, ammo bu guruh O’zbekistonga kiritilganining o’zi progress, deydi tashkilot a’zolari.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi bunday xulosadan yiroq.

“O’zbekiston hukumati yaqin kelajakda paxta siyosatini o’zgartirishga harakat qilayotganini ko’rmayapmiz. Fuqarolarni terimga majburan olib chiqish va buni milliy hashar degan shior bilan oqlash chuqur ildiz otgan odat va rasmiylar unga haqiqatan ham nomaqbul ish deb qaramaydi”.

Kempbell O’zbekiston qishloq xo’jaligi, xususan paxta sohasi isloh qilinmayotganiga urg’u beradi. Paxta yetishtirish dehqon uchun talab; reja bajarilmasa, jazolanadi, deydi mutaxassis. Hosilni kimga va qay narxda sotish esa hukumat iznida. Dehqon hosilning rohatini ko’rmaydi, ko’p hollarda davlatdan qarzdor, deya kuzatadi Kempbell.

Kongressga uzatilgan 24 betlik hisobotda Xalqaro mehnat huquqlari forumi O’zbekiston paxtasi bilan bog’liq moliyaviy, texnik va siyosiy-ijtimoiy masalalarni sanab o’tadi va ularga izoh beradi.

“O’zbekiston xalqi majburiy mehnatga asoslangan tizimdan azob chekishda davom etmoqda. Hukumat esa biror konkret o’zgarish qilish harakatida emas”,- deydi Brayan Kempbell.

Milliy daromadining asosiy qismi paxtadan keladigan O’zbekiston pozitsiyasi shuki, unga nisbatan har qanday cheklov aloqalarga zarar keltiradi. Masalan, moddiy va moliyaviy yordam berilmasligi yoki biror bir zarur sohada hamkorlik qilinmasligi davlatlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, deydi respublika rasmiylari.

Paxta va majburiy mehnat masalasi muzokaralarda doimiy mavzu. O’zbekiston tomon bu muammo emas desa, Amerika rasmiylari o’zgarish bo’lmagan taqdirda Kongress cheklovlarni olmaydi deya ta’kidlab keladi.

Huquq faollari nazarida paxtazorlarda odamlarning majburan ishlatilishi zamonaviy qulchilikning bir ko’rinishi. Davlat departamenti, AQSh Tashqi ishlar vazirligi ham o’zining o’tgan yilgi hisobotida, O’zbekistondagi siyosatni shunday deb ta’riflagan.