27-iyun kuni O'zbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositlari vakillari kuni nishonlandi. Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklagan Prezident Shavkat Mirziyoyev jamiyatdagi illatlarni dadillik bilan ko'targan insonlarni haqiqiy jurnalist deb bilishini aytdi.
Shunday jurnalistlardan biri, sakkiz yildan buyon mahkumlikda qolayotgan Dilmurod Sayyid yaqinda qamoqxonadan O'zbekiston prezidentiga murojaat qilgan edi. O'tgan davr davomida o'z kasbiy faoliyati uchun qamoqqa tashlangan jurnalistlar ozodlikka chiqmas ekan, Mirziyoyevning haqiqiy jurnalistika yuzasidan chaqiriqlari samimiylikdan uzoq qolishi ta'kidlanmoqda.
Mamlakatda hokimiyat almashishidan so'ng ilk bor o'tayotgan matbuot kuni avvalgilaridan deyarli farq qilmagan. Milliy teatrda o'tgan tadbirda pezident tabrigini davlat maslahatchisi o'qib eshittirgan, hukumat nazariga tushgan jurnalistlar taqdirlangan.
Bu yilgi tadbirning asosiy farqi prezident tabrigidagi ohang bilan bog'liq ko'riladi.
“El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman”, - deyiladi tabrikda.
O'zbek jurnalistlarini dadillikka chaqirish birinchi bor kuzatilayotgani yo'q, bunday bayonotlar jurnalistlarni muntazam kasb bayrami bilan tabriklab kelgan marhum Islom Karimov tomonidan ham qilingan.
Shuning uchundir Mirziyoyevning dadillikka chaqirig'i mustaqil jurnalistlarda umid uyg'otmagan, ayniqsa, jamiyatdagi illatlarni ko'tarib chiqqan jurnalistlar hamon O'zbekiston qamoqxonlaridan ozod qilinmagan bir sharoitda.
Shu oy boshida sakkiz yildan buyon jazo o'tayotgan jurnalist Dilmurod Sayyid qamoqxonadan prezidentga murojaat chiqardi. Bir nechta mustaqil nashrlarda e'lon qilingan bu xatda Sayyid o'ziga qo'yilgan ayblovning asossizligi, jinoiy ish uyushtirilgani haqida yozadi.
Jamiyatdagi chorasizlik va mahkumlik haqida yozilgan “Yo'q haqida badiha” maqolasi bilan mashur bo'lgan jurnalist ishdan haydalgan, 2009-yilda ta'magirlik va firibgarlikda ayblanib, 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Jurnalistik faoliyati uchun qamoq jazosini o'tab chiqqan, ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan jizzaxlik mustaqil jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, prezident haqiqatda matbuotni jonlantirishni istasa, ishni qamoqdagi jurnalistlarni ozodlikka chiqarishdan boshlashi kerak.
“Aynan shu narsa, mustaqil jurnalistlar qamoqda o'tirgan bir paytda bunday bayonot qilinayotgani tabrikning nosamimiyligidan darak beradi. Jurnalistlardan kimlar, nima uchun qamoqda o'tirganidan Mirziyoyev yaxshi xabardor deb o'ylayman. Masalan, Dilmurod Sayyid, o'z vaqtida katta shov-shuv qilgan edi, uning ozodlikka chiqarilishi matbuotda rostdan o'zgarishlar bo'lishiga ishora bo'lishi mumkin. Afsuski, prezident bunga diqqat ham qaratayotgani yo'q. Vaholanki u bosh vazir bo'lgan paytlardanoq bu voqealardan yaxshi xabardor bo'lgan”, - deydi Haydarov.
Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yana bir o'zbek jurnalisti Qudrat Bobojon so'nggi paytda o'zbek mediasida amalga oshirilayotgan o'zgarishlarga diqqat qaratar ekan, ancha xavotirli tomonlarni ko'radi.
“Mirziyoyevning jurnalistlarga tilagi samimiy ekanligiga unchalik ishonmayman. Sababi amaldagi ishlar buning aksini ko'rsatayotgandek. Masalan, ishga tushishi kutilayotgan “O'zbekiston 24” kanali bilan bog'liq vaziyat, tushunishimcha, barcha axborot dasturlari yopilib, o'rniga bitta, monopol kanal ishga tushadi. Shuningdek, bu kanal uchun “Rossiya 24” informatsion dasturi andoza qilib olinayotgani, jurnalistlar Rossiyada malaka oshirib kelishi inobatga olinsa, Rossiya andozasidagi yirik bir targ'ibot quroli ishga tushirilishini kutish mumkin”, - deydi Bobojon.
Mustaqil jurnalistlar Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan, jumladan, OAV, televideniyeni keskin tanqid qilishidan so'ng matbuotda o'zgarishlar bo'layotgani, tanqidiy chiqishlar paydo bo'layotganini e'tirof etishadi.
“Albatta, o'zgarishlar bor, oshkora tanqidlar kuzatilayapti, jonli ko'rsatuvlar paydo bo'lmoqda, tanqidlar ko'paygan, lekin bularning hammasi Mirziyoyevning tanqididan so'ng kuzatilayotgani matbuotning jilovi kimning qo'lida ekanligini ham ko'rsatayotgandek”, - deydi Qudrat Bobojon.
“Hozirgacha O'zbekistonda majburiy obuna mavjudligi tan olinmagan edi, buni yaqinda jonli muloqotda muhokama qilishdi. O'zgarishlarni inkor qilish kerak emas. Men boshqa narsaga, nega hokimiyatga kelgan Mirziyoyevning o'zi haligacha matbuot bilan bevosita muloqot qilishdan qochayotganiga diqqat qaratmoqchi edim, vaholanki Prezidentning matbuot anjumani o'tkazishi uchun sabablar juda ko'p ”, - deydi Haydarov.
Mirziyoyev tabrigida matbuot va OAV xodimlari jamiyatni erkinlashtirish yo'lidagi yaqin hamkor va yordamchilar sifatida qayd qilinadi.