O'zbekiston ahli davlat rahbari kimligiga oid axborot bo'shlig'i ichida yashamoqda. Yaqinda prezidentidan judo bo'lgan mamlakatda yangi saylovlar e'lon qilinishi kerak, ammo rasmiy siyosiy partiyalar, hukumat ham hozircha sukutda.
Kimlar prezidentlikka o'z nomzodini e'lon qilishi mumkinligi noaniq, ammo Islom Karimov o'rnini egallashi mumkin bo'lgan vorisning kimligi haqida taxminlar ham, mulohazalar ham ko'p.
O'zbekistonda prezidentlik saylovlari kampaniyasini o'tkazish vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan Nig'matilla Yo'ldoshev tomonidan imzolangan dastlabki qarorlardan biri bo'lishi mumkin.
Konstitusiyaga ko'ra, mamlakat prezidenti o'z vakolatini bajara olmay qolgan taqdirda davlat boshqaruvi 10 kun ichida Senat raisi zimmasiga o'tadi, uch oylik muhlatda saylov o'tkazilishi kerak.
O'zbekistonni muqobilsiz boshqarib kelgan Islom Karimovning 78 yoshda vafot etgani 2-sentabr kuni rasman e'lon qilindi. Konstitutsiyaga tayanilsa, davlat boshqaruvi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tgan bo'lishi kerak. Ammo hozirgacha bu haqda biror rasmiy e'lon yoki qaror berilmadi.
Londonda joylashgan Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, mamlakat davlat rahbari kimligiga doir axborot bo'shlig'ida qoldirilgan.
“O'zbekiston aholisi hozir davlatni kim boshqarayotganidan xabarsiz. Men konstitutsiyada ko'rsatilgan moddalar avtomatik tarzda ishga tushgan deyishdan yiroqman. Senatning ham, Oliy Majlisning ham rasmiy sahifalarida hech qanday ma'lumot yo'q. Nig'matilla Yo'ldoshev u yerda faqat Senat raisi sifatida ko'rsatilgan. Vaqtinchalik, davlatni boshqarayotganiga doir biron gap yo'q, rasmiy xabardagi so'nggi yangiliklar hali prezidentning o'limi tasdiqlanmagan vaqtga tegishli”, - deydi Ilhomov.
Karimovning kutilmaganda sodir bo'lgan o'limi uning vorisi kim bo'lishi mumkinligi masalasini ochiq qoldirdi. Ayrim sharhlovchilar nazarida bunday emas. Jurnalist Yuriy Chernogayevga ko'ra, Nig'matilla Yo'ldoshevni Senat rasiligiga tasdiqlagan Islom Karimov favqulodda holatlarda hokimiyatdagi vorislik masalasini, shu jumladan, uning o'rnini kim egallashi mumkinligini ham hal etib ketgan.
“Karimov Yo'ldoshev bilan favqulodda holatlarda vaqtincha davlat rahbarligiga kelishini bilgan holda bu boradagi vaziyatni obdon gaplashgan. Shuning uchun hozir Karimovdan keyingi hokimiyatni kim egallashi haqida borayotgan munozaralar o'rinsiz deb o'ylayman. Hammasi avvaldan hal etib qo'yilgan”, - deydi jurnalist.
Agar Karimov o'zidan keyingi voris kim bo'lishini tor doiraga ochiqlagan deb faraz qilinsa ham, hokimiyatga kim kelishi hozircha aniq emas. Ammo uning kimligi haqida taxminlar ko'p. Aksariyat nazarida prezidentlikka Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev da'vogar.
“Hokimiyatga Mirziyoyev kelishi mumkinligi yanada oydinlashib borayotgandek. Kecha mana u Samarqandda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni kutib oldi, ikki o'rtada muzokara o'tdi. Gap muzokaraning nima haqida borganida emas, balki bu uchrashuv ikki yetakchi muzokarasi tusida o'tganidadir. Bu uchrashuv Mirziyoyev o'z lavozimi doirasidan tashqaridagi masalalarni ham muhokama qila boshlaganini, ya'ni davlat rahbari vazifasini bajarayotganini ko'rsatdi. Aslida bunday masalalar Senat raisi, vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi Yo'ldoshev bilan muzokara qilinishi kerak edi”, - deydi Ilhomov.
Prezidentlikka da'vogar ko'rilgan boshqa bir nomzod Rustam Azimov katta ehtimollik bilan bosh vazirlik lavozimini egallashi mumkin.
“Hukumatda Rustam Azimov tutayotgan hozirgi o'rin juda muhim. U bosh vazir o'rinbosari sifatida iqtisodning bir nechta sohalarini boshqaradi. Bundan tashqari hukumatdagi tor doiraga tegishli qora kassa nazarotini aynan Azimov amalga oshiradi. Shuning uchun ham Azimovning o'riniga boshqa kimnidir topish qiyin. U Mirziyoyev hokimiyatida bosh vazir lavozimini egallashi ham mumkin. Lekin ertami kechmi Mirziyoyev Azimovdan to'liq xalos bo'lish yo'llarini qidirib ko'radi, chunki Azimov ham siyosiy figura, uning ortida ham qudratli kuchlar turibdi”, - deydi Alisher Ilhomov.