O’zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining bayon qilishicha, Qashqadaryo viloyatida olti kishi ektremizm, terrorizm va tuzumga tahdid solganlikda ayblanib, iyul oyi boshida to’qqiz yildan 15 yilga qadar ozodlikdan mahrum etilgan.
Otabek Ochilov, Zafar Po'latov, Baxtiyor Bozorov, Lolaxon Qudratova, Nigora Ernazarova va Aziza Muhiddinova ismli shaxslar, deya bildiradi "Ezgulik", O'zbekiston islomiy harakatiga a'zo bo'lib, vatanni beqarorlashtirib, konstitutsion tuzumga tajovuz solib, islomiy davlat qurishni rejalaganlikda aybdor deb topilgan. Rossiyada ishlagan yana o'nlab fuqarolar ustida tergov ishlari ketayotgani ma'lum.
Hukumat nazarida bu shaxslar Rossiyaga tirikchilik uchun borib, ekstremistik targ’ibot ishlari olib borgan. Lekin sudlanuvchilarning yaqinlari bu odamlar hatto dindor ham bo’lmaganini aytadi.
“Ezgulik” tarqatgan ma’lumotlarga ko’ra, sud jarayonida ayblanuvchilar hibsda qiynoqqa solinganini aytgan lekin na sudya va na prokuror bu masalaga e’tibor qaratgan. Huquq himoyachilari deydiki, ish yuqori sudda qayta ko’rib chiqilib, izchil muhokama qilinishi kerak.
Bu orada qamoqdagi qiynoqlar haqida yangi ma’lumotlar bor. Prezident Islom Karimovga nisbatan tanqidiy fikri bilan tanilgan va konstitutsion tuzumga qarshi jinoyatda aybdor deb, 10 yilga panjara ortiga tashlangan Cho’yan Mamatqulov qiynoqqa solinayotgan bo’lishi mumkin. Inson huquqlari tashkilotlari bu borada informatsiya mavjudligini qayd etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati a’zosi bo’lgan Mamatqulov tuzumga tajovuz va yana boshqa bir qator ayblovlar bilan 2013-yilda 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Aybsizman deya yoqori idoralarga shikoyat xatlari jo’natayotgan mahbus keksin ta’qibga olingani va qiynoqqa solinganini da’vo qiladi. Ariza yozgani uchun kaltaklangan. Mamatqulovning oilasi bu borada Milliy Xavfsizlik Xizmatiga arz qilgan.
“Agar Mamatqulov ishining hujjatlari bilan tanishsangiz, provokatsiyani hidi kelib turadi. Uning oilasi bilan aloqada bo’lib turibmiz. 19- iyun kuni u bilan ko’rishishgan. Mamatqulov o’zining aybsizligi haqida shikoyat yozib, bu shikoyatni jo’natish uchun bergan ekan. Shu sabab uni kalataklashgan. Boshiga 20 marta dubinka bilan urushgan, bir ko’zi xiralashib qolgan. Ahvoli og’irlashgach, bir hafta davolanib ham chiqqan. Mamatqulovga nisbatan 12 ayblov surilgan, ularning ichida konstitusiyaga tazovuzdan tortib, tovlamachilikkacha bor. Lekin uning o’zi nogiron bir kishi”, - deydi jamiyatning Qashdaryo viloyati bo’yicha rahbari Gulshan Qoraeva.
Qurolli kuchlar safidan bo’shatilgan Mamatqulov bir necha yil oldin Oliy qo’mondon Islom Karimovni javorgarlikka tortish uchun Oliy sudga murojaat qilgan. Mehnat shartnomasi buzilganini da’vo qilgan.
Mamatqulov ishi yuzasidan bayonot tarqatgan Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi http://nadejda-atayeva.blogspot.com/
BMT Inson huquqlari qo’mitasini zudlik bilan vaziyatga aralashishga chaqiradi va mahbus tibbiy yordamga muhtoj deya ogohlantiradi.
O’zbekistonda davlat rahbari yoki boshqa amaldorlar faoliyati yuzasidan sudga murojaat qilish juda kam kuzatiladigan holat. Odatda bunday murojaatar sud tomonidan qabul qilinmaydi, ammo e’tibordan chetda ham qoldirilmaydi.
Avvalroq Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni sudga berish qarori bilan chiqqan jizzaxlik huquq himoyachsi Aliqul Sarimsoqov majburan ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtrilgan edi.
20 yildirki qamoqda qolayotgan siyosiy mahbus Murod Jo’rayev sog’lig’i yuzasidan ham keskin xavotirlar bor. Xalqaro Amnistiya tashkiloti yaqinda bu masalani yana bir bor ko'targan. Mahbusning turmush o’rtog’i Xolbeka Jo’rayeva shu oy u bilan Chirchiqdagi qamoqxonada ko’rishgan. Xolbeka Jo’rayeva erining ahvoli tobora og’irlashayotganini aytadi.
Yaqinda qamoqdan chiqib, og’ir kasalliklar tufayli vafot etgan huquq himoyachisi Abdurasul Xudoynazarov qismati qamoqda o’tirgan boshqa kasalmand faollarga diqqat qaratish lozimligini eslatmoqda.
“Albatta bu narsa bizning faoliyatimizga ta’sir qiladi, ammo taqdirda bor narsada qochish qiyin. O’zbekistonda o’zi sanoqli huquq himoyachilari qolishgan. Biz afsusdamiz bo’layotgan bu voqealardan, ammo boshqa nima ham qila olardik. Qaniydi, hamma bir yoqadan boshqa chiqarsa”, - deydi Gulshan Qorayeva.
O’zbekistonda muxolifat a’zolari, huquq himoaychilari va mustaqil jurnalistlardan iborat siyosiy mahbuslar guruhi mavjud. Ulardan ayrimlari 20 yildirki qamoqda qolayotgan bo’lsa, boshqalari yaqin yillarda turli ayblovlar bilan qamoq jazosiga hukm qilingan.