Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga hali kelgani yo'q, ammo O'zbekistonga doir tadbirlar shaharda bo'lib o'tmoqda. Milliy press klubda O'zbekistonda inson huquqlariga doir muhokama o'tkazildi. Shu mavzu bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch xalqaro tashkilotining bir paytlar O'zbekistonga kirishi taqiqlangan vakili Stiv Sverdlov ushbu tadbirda Oliy Majlis deputati Akmal Saidov bilan yonma-yon o'tirdi. Saidov Inson huquqlari institutini (sobiq milliy markaz) boshqaradi, Islom Karimov davrida respublikada inson huquqlariga doir muammolar borligini inkor etgan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Human Rights Watch" tashkilotining Toshkentdagi idorasi 2011-yilda yopilgan edi. Ungacha ham tashkilot respublikada bemalol ishlay olmagan. Ayni damda yangi idora ochish haqida muzokaralar kechmoqda.
"Tashkilotimiz O’zbekistondagi vaziyatni 1991-yildan beri kuzatib keladi. Mamlakatga bizni kiritishmagan payt ham bo’lgan, 7 yil davomida. 2017-iyul avgustidan beri O’zbekistonda bir necha marta bo’ldim. U yerda maqomimizni qonuniylashtirish ustida harakat qilyapmiz. Bunga vaqt kerak, albatta. Nodavlat tashkilotlari o’z ishini bajarishi uchun fuqarolik jamiyati faoliyatiga kengroq imkoniyat berilishini xohlaymiz. Jurnalistlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, oiladagi zo’ravonlik, korrupsiya, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, atrof-muhit sohalarida ishlamoqchimiz. O’zbekistonda biz uchun ish ko’p", - deydi Sverdlov.
Uning aytishicha, O'zbekistonda rahbariyat o'zgarishi ketidan muloqotga yo'l ochildi.
"O’zbekiston hukumati bilan muloqotimiz pishib boryapti. Oldinlari hukumat hisobotlarimizga masofadan turib baho berardi, g’azab bilan munosabat bildirardi, o’zbek rasmiylariga Jenevada yoki BMT tadbirlarida duch kelardik, biroq so’nggi bir yilda vaziyat o’zgargan, keskin o’zgargan. O’zbekiston hukumati tanqidlarni ko’tara olishini, ularga quloq tuta bilishini namoyish etmoqda", - deydi u.
Akmal Saidov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda islohotlardan qaytish yo'q, deb javob berdi. Stiv Sverdlov ham shunga umid qilmoqda.
"Mart va aprel oylarida Toshkentda jurnalist Bobomurod Abdullayevning sudini kuzatish imkoniga ega bo’ldim. Mahkamaning jurnalistlar uchun, inson huquqlari faollari uchun, diplomatlar uchun ochiq o’tgani yaxshi bo’ldi. Bundan keyin ham shunday bo’ladi degan umiddamiz – ochiq sudlar, muloqotga ochiqlik, qamoqxonalarda o’tirgan odamlarning hikoyalarini jamoatchilikka yetkazish kabilar".