O'zbekistonda parlament saylovlaridan so'ng Qonunchilik palatasining dastlabki majlisida so'zlagan prezident Islom Karimov deydiki, O'zbekiston sobiq ittifoqni qo'msayotgani yo'q.
Karimov 29-mart kuniga belgilangan prezident saylovlari haqida hech narsa demagan, ammo besh yilga saylangan deputatlar bilan ishlashga tayyor.
Prezident Konstitutsiya kuni munosabati bilan bildirgan fikrlarini takrorlab, O'zbekiston eski tuzumni tiklashga qaratilgan ittifoqlarga qo'shilmasligini, mustabid tuzumga qaytmasligini aytdi.
“Shaxsan men butun hayotimni, butun umrimni xalqimizning ozodligi, vatanimiz mustaqilligiga bag'ishladim va bu yo'ldan hech qachon qaytmayman”, - dedi Karimov Oliy Majlis yig'inida.
Ammo 1990-yillar boshida Karimov Sovet ittifoqini saqlab qolish tarafdorlaridan bo'lganligi ma'lum.
Holbuki, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifidan so'ng O'zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga qo'shilishi mumkin degan taxminlar yangragan edi.
Karimov va Putinning muzokaralari dekabr oyida Toshkentda o'tgan edi. Ekspertlar Karimov tashqi siyosatida faqat ikki tomonlama munosabatlarni ustuvor ko'rishini ta'kidlaydi.
“Putinning o'zi ham Toshkentdagi press-konferensiyada O'zbekiston bilan munosabatlar ikki tomonlama imzolangan strategik sheriklik bitimiga asoslanganini ta'kidlab o'tdi. Bundan xulosa qilish mumkinki, O'zbekiston Rossiya munosabatlarida so'nggi paytda kichik geosiyosiy motivlar paydo bo'lgan bo'lsada, yirik yondashuvda jiddiy o'zgarishlar kutilmaydi”, - deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.
Ayrim tahlilchilar shaxsiy xizmatlarini ulug'lagan Karimovning bu chiqishini prezident saylovlariga tayyorgarlik sifatida ham ko'rishmoqda.
Oliy Majlisning yalpi yig'ilishida Karimovning bu xizmatlari e'tirof etilishi va muhim qarorlar qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas.
Karimovning qonunchilik palatasidagi nutqida mart oyidagi prezident saylovlari haqida biror gap yo'q, ammo prezident besh yil muddatga saylangan deputatlar bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirgan.
Siyosatshunos Anvar Nazirov so'zlariga ko'ra, yaqinlashayotgan prezident saylovlari turli ssenariylar bo'yicha o'tishi mumkin, biroq asosiy nomzod Karimov bo'lishiga shubha yo'q.
“Konservativ ssenariy mavjud, ya'ni saylovda biror o'zgarishlar kutilmaydi. 23 yillik tajribaga ko'ra, Islom Karimovning o'zlari yana o'tirmoqchilar, bu yerda hech qanaqa merosxo'rlik haqida gap ketmayapti. Albatta, rasmiyatchilik bo'ladi, mana Oliy Majlisga to'rt partiya o'tdi o'zaro raqobat qilib, ulardan nomzodlar bo'lishi mumkin. Ammo asosiy masala Karimovning vakolatini qanday qilib qonuniy, legitim tarzda uzaytirish. Karimov bo'ladi, bo'lmaydi degan savolning o'zi noo'rin. U oxirigacha o'tirmoqchi”, - deydi Anvar Nazirov.
Markaziy saylov komissiyasining so'nggi qaroriga ko'ra O'zbekistonda prezident saylovlari kampaniyasi boshlangan, joylarda saylov uchastkalari tashkil qilinmoqda, ammo hozircha prezidentlik uchun nomzodlar kimligi noma'lum.