O’zbekistonda internetga yo’lagan yoshlar ustidan kuzatuv kuchaydi

"Arab bahori"ga kuch bergan ommabop saytlardan biri "Facebook"

Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, O’zbekistonda internetdan foydalanuvchilar ustidan nazorat yanada kengaymoqda. Hukumat topshirig’iga ko’ra, o’quv yurtlari yaqinida joylashgan internet kafelarda o’qituvchilardan iborat navbatchilar guruhi tashkil qilingan.

Ekspertlar ishchi guruhi tadqiqotiga ko’ra, mamlakatdagi kollej va litseylar yaqinida joylashgan internet kafelarda navbatchilik tashkil qilish Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining shu yil aprel oyidagi buyrug’i mahsuli.

Guruh buyruq nusxasi bilan tanishmagan, biroq tadqiqotlariga tayanib ma’lum qilishicha, qaror dars ta’minotini yaxshilash, o’quvchilarni “ommaviy madaniyat”dan uzoqroq tutishni ko’zlaydi.

“Buyruqning asosiy maqsadi litsey va kollej talabalari internetdan foydalanishiga yo’l qo’ymaslik. Buni amalga oshirishda o’qituvchilar uchun alohida jadval joriy qilingan. Unga ko’ra, ular o’quv yurti yaqinidagi internet kafelarda ertalab soat sakkizdan kechki to’qqizgacha navbatchilik qiladi, internetdan foydalanish uchun kelgan talabalarga ruxsat berishmaydi. Navbatchilik tugagach, kunlik ko’rsatkich bo’yicha nechta o’quvchi kelgani, nechtasi qaytarilgani bo’yicha mahalliy ta’lim boshqarmasiga hisobot topshirishar ekan. Bu amaliyotning aniq sababi aytilmayapti. Suhbatdoshlar deydiki, darslarda davomatni yaxshilash, shuningdek, yoshlarni “ommaviy madaniyatning” salbiy ko’rinishlaridan saqlash maqsadida qilinmoqda ”, - deydi Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov.

Bir nech kun avval prezident Islom Karimov ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, ular malakasini oshirishga doir qarorga imzo chekkan edi

Internet nazorati bo’yicha yangi amaliyot global tarmoq qarshisidagi tahlika kuchli qolayotgani bilan bog’liq, deydi u.

“Bir tomondan, internet rivojlanib, domen hududi kengayib borayotgani aytilib, Toshkentda turli xalqaro anjumanlar o’tayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, internetni nazorat qilish yildan-yilga kuchayib bormoqda. Bu hukumatning internet va axborot olish erkinligini rivojlantirish siyosatida qarama-qarshilik va qo’rquv kuchli ekanini anglatadi”, - deydi Ismoilov.

Bir nech kun avval prezident Islom Karimov ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, ular malakasini oshirishga doir qarorga imzo chekkan edi. Unda ta’lim saviyasini yaxshilash uchun internet imkoniyatlaridan keng foydalanishga chaqiriladi. Ta’lim vazirligining yangi amaliyoti, aksincha, bunday imkoniyatlarni cheklaydi.

Bir-biriga zid qarorlar O’zbekiston uchun taajjubli emas. Mamlakat mintaqada eng ko’p internet foydalanuvchiga ega va uni to’sish bo’yicha ham qo’shnilardan oldinda. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatda tizimdan foydalanuvchilar soni 9 milliondan oshgan.

Arab dunyosida kechgan inqiloblarda bu tarmoq asosiy vositaga aylanishi ortidan
avtoritar rejimlar ehtiyot chora ko’rishga o’tgan.

"Oxirgi yillarda O’zbekiston hukumati nazoratni ancha kuchaytirdi, nafaqat internet, balki boshqa axborot vositlariga ham cheklovlar joriy qilindi. Yaqinda barcha o’quv yurtlarida mobil telefonlardan foydalanish man qilindi. Bundan tashqari, oxirgi paytda hukumat ekspertlar guruhini tuzdi, ular internetdagi hukumat tanqid qilingan maqolalarni qidirib topib, go’yo ular bo’yicha ekspert xulosasi berib, o’sha internet manbani O’zbekistonda taqiqlash bilan shug’ullanmoqda", - deydi Suhrob Ismoilov.

O’zbekiston mintaqada eng ko’p aholiga ega. Statistika ma’lumotiga ko’ra, internetdan foydalanishda mintaqadagi asosiy til ruscha, ikkinchi o’rinda o’zbek tili.