Sobiq prezidentning jiyani: Islom Karimov shafqatsiz edi

Sobiq prezident Islom Karimovning o‘limidan so‘ng ruhiy kasallar shifoxonasidan ozod qilingan uning jiyani, jurnalist Jamshid Karimov jamiyatdagi o‘zgarishlarni e’tirof qilmoqda. Yangi hokimiyat jurnalistni nazorat qilib borishni to'xtatgan. U Jizzaxdagi uyida erkin, ammo hozircha pasportsiz yashayapti. 10 yildan oshiq umrini ruhiy kasallar shifoxonasida o‘tkazgan Jamshid amakisi davrida kuzatilgan ayrim tazyiqlardan ozodlikka chiqqach xabardor bo‘lgan, u marhum Islom Karimovga nisbatan munosabati o‘zgarishsiz qolganini qayd etadi.

Karimov davrida Jamshid umrining o'n yildan ziyodini jinnixonada o'tkazdi. Buning asosiy sababi sifatida Jamshidning mustaqil jurnalistlik faoliyati bilan shug'ullangani va asosiysi Islom Karimovning inkor qilingan qarindoshlaridan biri bo'lgani aytiladi.

Jamshid Islom Karimovning o‘limi haqida ozodlikka chiqqach, fevral oyida xabar topgan. O‘tgan asrning 70-yillarida Karimov ularning Jizzaxdagi uyida mehmon bo‘lganini hisobga olmasa, u marhum prezident bilan deyarli uchrashmagan, oilaviy bordi-keldi bo‘lmagan.

“Meni o‘limga jo‘natishgan edi (ruhiy kasallar shifoxonasiga). Nafaqat men, uning o‘g‘li, akasi ham shunday munosabatdan chetda bo‘lmadi. Ular haqida gapirmayman. O‘g‘li uzoqda, akasi esa olamdan o‘tib ketdi, men esa hali tirikman, shu yerdaman. Men xafa emasman, chunki bilaman inson birdaniga o‘zgarib qolmaydi. U 50 yillik avval qanday bo‘lsa, shunday qoladi. Nazarimda, u aynan shundayligicha, shafqatsiz, ikki yuzlamachi, zo‘ravonligicha qoldi. Karimovga xos bo‘lgan asosiy jihat uning odamlardan nafratlanishi edi, ko‘ra olmasdi”, - deydi marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov.

U Karimov davrida jamoatchilikda keskin munozaralar qo‘zg‘agan ayrim hodisalar haqida ozodlikka chiqqach tanishgan, unga qattiq tasir qilgan shunday voqealardan biri Karimovning mehnat muhojirlari haqida aytgan gaplari bo‘lgan.

“Men yaqinda videolavhalar orqali Karimov mehnatkash o‘zbek muhojirlarini dangasalar deb ataganini bildim. Bu meni ich-ichimdan larzaga soldi. O‘zbekiston aholisining mehnatga layoqatli qismini 50 foizga yaqini Rossiyada ishlashga majbur bo`lgan bir paytda ularga nisbatan shunday deyish, bu haqorat. Mening buvim rus bo‘lgan, ammo 75 foizga o‘zbekman, bir o`zbek sifatida buni millatni haqorat qilish sifatida qabul qildim, agar tirik bo‘lganida buning uchun uni sudga berish kerak edi ”, - deydi u.

Jamshid ozodlikka chiqarilishi ortidan salomatligini tiklagan, ruhan tetik, jamoatchilikka qo‘shilgan, jamiyatdagi o‘zgarishlarni kuzatib boryapti.

“Hozirgi vaziyat shunday, ayrim hodisalar jamiyatda muzlar eriyotganini ko‘rsatadi, ammo bu hodisalarning hammasi mish-mish tariqasida, ya`ni deylik, go‘yo BBC qaytayotgan emish, yoki YXHT matbuot bo‘yicha seminar o‘tkazmoqchi emish. Boshqa tomondan qandaydir odamlarni reabilitatsiya qilish ham boshlangan. Xullas, faqat liberal o‘zgarishlar bo‘lishiga ishoralar bor, xolos. Xurushev davridagi o‘ta sekinlik bilan kechgan iliqliklarni eslatadi, o‘sha iliqliklar ham 3- 4 yil vaqt olgan, biz ham totalitar tuzum asoratlaridan qutilish uchun shuncha kutishimiz kerakka o‘xshaydi”, - deydi sobiq prezident Islom Karimovning jiyani.

Jamshid Karimov ayni paytda Jizzaxda o‘z uyida yashamoqda, yangi hokimiyat uni keskin nazorat qilayotgani ham, ko‘mak ko‘rsatayotgani ham yo‘q. U mavjud qiyinchiliklarni mustaqil yengib o‘tishga harakat qilmoqda.

“Albatta, bilaman, meni nazardan qochirishmaydi, ammo hozir menga hech kim bosim qilayotgani yo‘q. Hozircha o‘z holimdaman, buning uchun ulardan minnatdorman. Faqat, pasportni tiklash bo‘yicha qog‘ozbozlik muammosi bor. Mening propiskam Toshkent shahrida, bu masalani sud orqali hal etishga to‘g‘ri kelyapti. Advokat topdim, bu masala bilan shug‘ullanmoqchi, ammo moliyaviy qiyinchiliklar bor. Hozir mahalla qo‘mitasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida yashayapman, ya`ni pasport o‘rniga berilgan qog‘oz. Pasportni tiklash asosiy muammoim sifatida qolmoqda, ammo bundan tushkunlikka tushayotganim yo‘q. Shuni inobatga olmaganda, men jamiyatga mutlaqo kirishib ketdim”, - deydi u.

Jamshid Karimov marhum prezident Islom Karimovning akasi Arslon Karimovning o‘g‘li, aka-ukalarning qarindoshchilik munosabatlari ancha sovuq bo‘lgan. Jamshid jamoatchilikka nafaqat prezidentning jiyani, balki tanqidiy maqolalar yozgan mustaqil jurnalist, inson huquqlari tashkilotidagi faoliyati bilan ham tanilgan edi. U marhum prezident bilan shaxsan uchrashmagan, aloqada bo‘lmagan, ammo aynan shu qarindoshchilik aloqalari, mustaqil faoliyati uchun ham uzoq yillar ruhiy kasallar shifoxonasida majburan saqlanganiga ishonadi.